Oʻzbekistonda oltin quymalari narxi yana tarixiy rekordni yangiladi
AQShda foiz stavkalari pasayishi kutilayotgani va xavfsiz aktivlarga talab kuchaygani fonida 23 dekabr kuni oltinning jahon narxi $4 500 ga yaqinlashdi. Oʻzbekistonda esa oʻlchovli quymalar qiymati rekord darajani qayd etdi.

23 dekabr kuni Oʻzbekistonda oʻlchovli oltin quymalarining narxi tarixiy rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Regulyator maʼlumotlariga koʻra, 1 gramm oltinning narxi 1 mln 773 ming 580 soʻmni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, 5 grammlik oʻlchovli quyma 8 mln 868 ming soʻmdan sotilmoqda.
Markaziy bank tomonidan eʼlon qilingan narxlarga asosan, oltin quymalari quyidagi qiymatlarda taklif etilmoqda:
- 5 gramm — 8 mln 868 ming soʻm;
- 10 gramm — 17 mln 736 ming soʻm;
- 20 gramm — 35 mln 472 ming soʻm;
- 50 gramm — 88 mln 679 ming soʻm;
- 100 gramm — 177 mln 358 ming soʻm.
Jahon kotirovkalarida oltin narxlari 4 500 dollarga yaqinlashdi. Xabar tayyorlanayotgan paytda qimmatbaho metal 4 487 dollardan savdo qilinmoqda.

Mutaxassislar bu oʻsishni AQShda foiz stavkalari yana pasaytirilishi kutilayotgani, shuningdek, xavfsiz aktivlarga boʻlgan talabning keskin oshishi bilan izohlamoqda. Anʼanaviy ravishda xavfsiz aktiv sifatida qaraladigan oltin geosiyosiy va savdo ziddiyatlarining kuchayishi, markaziy banklarning barqaror xaridlari hamda kelgusi yilda foiz stavkalari pasayishi haqidagi kutilmalar fonida qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bundan tashqari, AQSh dollarining zaiflashuvi ham oltin narxining oshishiga qoʻshimcha turtki bermoqda. Bu holat qimmatbaho metallni xorijiy xaridorlar uchun nisbatan arzonlashtirmoqda.
Avvalroq Oʻzbekiston 11 oy ichida oltin eksporti boʻyicha rekord koʻrsatkichni qayd etgani haqida xabar berilgandi.









