Oʻzbekiston va jahon bozorida oltin narxi yana rekord oʻrnatdi
Oʻzbekistonda va jahon bozorida oltin narxlari ketma-ket rekord koʻrsatkichlarni qayd etmoqda. 21 yanvar kuni mamlakatda 1 gramm oltin narxi 1,89 mln soʻmdan oshib, bir kunda 2,5 foizga qimmatladi. Ayni paytda jahon bozorida oltinning narxi tarixda ilk bor unsiyasi uchun 4 879 dollargacha koʻtarildi.

Oʻzbekistonda hamda jahon bozorida oltin narxining ketma-ket rekord yangilashi davom etmoqda.
Xususan, 21 yanvar kuni Oʻzbekistonda 1 gramm oltin narxi 1 894 820 soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich bir kun ichida 2,5 foizga oshdi. Shu bilan birga, 5 grammli oltin quymasi 230 ming soʻmga qimmatlab, hozirda 9,474 mln soʻmdan sotilmoqda.
Oltin quymalari narxlari (21.01.2026 holatiga):
| Ogʻirligi | Sotish narxi. | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadogʻi but holatda | qadogʻi buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda | ||
5 gramm | 9 474 000 soʻm | 9 106 000 soʻm | 9 014 000 soʻm |
10 gramm | 18 948 000 soʻm | 18 212 000 soʻm | 18 028 000 soʻm |
20 gramm | 37 896 000 soʻm | 36 425 000 soʻm | 36 057 000 soʻm |
50 gramm | 94 741 000 soʻm | 91 062 000 soʻm | 90 142 000 soʻm |
100 gramm | 189 482 000 soʻm | 182 124 000 soʻm | 180 284 000 soʻm |
Jahon bozorida oltinning spot narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4 879,1 dollarga yetdi (1 gramm — $156,75). Bir kun ichida oltin narxi 2,35 foizga oshdi. Xabar tayyorlanayotgan paytda qimmatbaho metall 4 784 dollardan savdo qilinmoqda.

Qimmatbaho metallga boʻlgan talab geosiyosiy xatarlar fonida kuchaymoqda. Xususan, Grenlandiya atrofidagi vaziyat hamda AQSh va Yevropa davlatlari oʻrtasida savdo urushi xavfi investorlarni xavfsiz aktiv sifatida oltinga yoʻnaltirmoqda.
AQSh prezidenti oʻtgan hafta oxirida 1-fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya va Buyuk Britaniyadan import qilinadigan barcha tovarlarga 10 foizlik boj joriy etilishini eʼlon qildi.
Shuningdek, u 1-iyungacha Grenlandiyani AQSh yurisdiksiyasiga oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishilmasa, boj stavkalari 25 foizgacha oshirilishini maʼlum qildi.









