12 160.990 so‘m

decrease

-72.680

14 178.500 so‘m

decrease

-55.380

153.920 so‘m

decrease

-0.920

12 160.990 so‘m

decrease

-72.680

2 kun avval
Bank

Oʻzbekiston Jahon banki va OTBdan jami $1,3 mlrd qarz jalb qilmoqda

Jahon banki 800 million, Osiyo taraqqiyot banki esa 500 million dollar ajratishni maʼqullagan. Mablagʻlar mamlakatda iqtisodiy va institutsional islohotlarni chuqurlashtirishga, davlat boshqaruvini samarali qilish va ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga yoʻnaltiriladi. 

Oʻzbekiston Jahon banki va OTBdan jami $1,3 mlrd qarz jalb qilmoqda
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekiston iqtisodiy va institutsional islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlaridan 1,3 mlrd dollarlik qarz mablagʻlarini jalb qilmoqda.

Mazkur paket doirasida Jahon banki tomonidan 800 mln dollar, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan esa 500 mln dollarlik kredit ajratilishi maʼqullangan.


Jahon banki — 800 mln dollar

Jahon banki Oʻzbekistonga imtiyozli shartlarda 800 mln dollarlik moliyaviy paketni taqdim etadi. Mablagʻlar uzoq muddatli qaytarish va past foiz stavkalari asosida ajratiladi.

Bunday shartlar xalqaro moliya bozorlaridagiga nisbatan ancha qulay boʻlib, bu Oʻzbekistonga tashqi qarz boʻyicha xizmat koʻrsatish xarajatlarini kamaytirish hamda tejalgan byudjet mablagʻlarini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga yoʻnaltirish imkonini beradi.

Bank maʼlumotiga koʻra, ajratilayotgan mablagʻlar hukumatga bir qator strategik islohotlarni tezlashtirishda yordam beradi. Jumladan:

  • Ijtimoiy himoya: kam taʼminlangan aholiga gaz va elektr uchun kompensatsiya miqdori 270 ming soʻmdan 1 mln soʻmgacha oshiriladi.
  • Ayollar huquqlarini himoya qilish: ish joylarida tazyiq va kamsitishning oldi olinadi, homilador yoki yosh bolali ayollarni ishdan boʻshatish taqiqlanadi.
  • Ijtimoiy xizmatlar: xususiy sektor ishtirokida aholining zaif qatlamlariga xizmat koʻrsatish imkoniyatlari kengaytiriladi.
  • Davlat korxonalari islohoti: Milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi, ayrim sohalarda davlat monopoliyasi qisqartiriladi.
  • Qishloq xoʻjaligi: sugʻurta tizimi joriy etiladi, paxta narxlarini belgilash mexanizmi yanada moslashuvchan boʻladi.
  • Tashqi savdo: Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayoni tezlashtiriladi, ayrim eksport ruxsatnomalari bekor qilinadi.
  • Energetika: xususiy investorlarga elektr taqsimlash bozoriga kirish imkoniyati beriladi, qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish kengaytiriladi.
  • Energiya samaradorligi: issiqxona gazlarini kamaytirish, quyosh energetikasini rivojlantirish va energiya tejamkor loyihalarni qoʻllab-quvvatlash rejalashtirilgan.
  • “Yashil” xaridlar: davlat xaridlarida ekologik toza mahsulot va xizmatlarga ustuvorlik beriladi.


Osiyo taraqqiyot banki — 500 mln dollar

OTB tomonidan ajratiladigan 500 million dollarlik kredit “Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi — II bosqich (EMIP II)” doirasida yoʻnaltiriladi. Ushbu mablagʻlar davlat sektori samaradorligini oshirish, iqtisodiy boshqaruvni kuchaytirish va Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini tezlashtirishni maqsad qiladi.

Dastur quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oladi:

  • Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish: davlat investitsiyalarini tartibga soluvchi yagona qoidalar ishlab chiqiladi.
  • Raqobat va investitsiya muhitini yaxshilash: tegishli qonunchilik bazasi takomillashtiriladi.
  • Davlat korxonalari boshqaruvini modernizatsiya qilish: direktorlar kengashining yangilangan tuzilmasi joriy etiladi, gender tengligi koʻrsatkichlari va xalqaro moliyaviy hisobot standartlari tatbiq etiladi.
  • Soliq siyosatini takomillashtirish: soliq bazasi kengaytiriladi, xalqaro soliq hamkorligi mustahkamlanadi.
  • Korrupsiyaga qarshi kurash: manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinadi, davlat audit tizimlari kuchaytiriladi.
  • JSTga aʼzolik jarayoni: milliy qonunchilik jahon savdo va investitsiya meʼyorlariga moslashtiriladi.

Maʼlumot uchun, 2025 yil birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston davlat qarzi bir ichida 6,1 mlrd dollarga koʻpayib, 43,4 mlrd dollarga yetgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+