OTB ilk marotaba qiymati 312 mlrd boʻlgan soʻmdagi obligatsiyalarni chiqardi
Mazkur emissiya orqali jalb qilingan mablagʻlar Toshkentdan tashqaridagi ayollar mulkchiligidagi korxonalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirildi. Obligatsiyalar 14,5 foizlik kupon stavkasi bilan, 3 yillik muddatga chiqarilgan.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) oʻzining birinchi Oʻzbekiston soʻmida (UZS) denominatsiyalangan obligatsiyasini chiqardi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
OTB chiqaruvdan 312 milliard soʻm (taxminan 24,7 million AQSh dollari ekvivalentida) mablagʻ jalb qildi.
Ushbu obligatsiya Merrill Lynch International tomonidan joylashtirilib, nominal qiymatda, yillik 14,5 foiz kupon stavkasi va uch yillik yakuniy muddat bilan chiqarildi. Emissiyadan tushgan mablagʻlar Toshkent shahridan tashqarida faoliyat yuritayotgan ayollar mulkchiligidagi korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.
OTB milliy valyutadagi obligatsiyalar dasturini kengaytirishda davom etmoqda. Mazkur dastur ishtirokchilariga mahalliy valyutada raqobatbardosh moliyalashtirish imkonini berib, valyuta tavakkallarini kamaytiradi hamda yanada samarali va inklyuziv rivojlanishga koʻmaklashadi.
OTB gʻaznachisi Tobias Xoshkan bu obligatsiyani quyidagicha izohladi:
“Ushbu ilk UZS obligatsiyasi bankning emissiya qilishi mumkin boʻlgan valyutalari doirasini kengaytirib, yangi investorlar qatlamini jalb etishga zamin yaratdi”.
Shuningdek, OTB Oʻzbekistonning eng yirik xalqaro kreditorlaridan biri sanaladi. 2025 yil 31 mart holatiga koʻra, Oʻzbekistonning umumiy davlat qarzi 42,43 milliard AQSh dollarini tashkil etgan boʻlib, uning 84 foizi yoki 35,56 milliard dollari tashqi qarz hisoblanadi.
Tashqi qarzning 19,27 milliard dollarlik qismi xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilingan. Shundan 7,45 milliard dollari Osiyo taraqqiyot banki hissasiga toʻgʻri keladi.
1966 yilda tashkil etilgan Osiyo taraqqiyot banki bugungi kunda 69 aʼzoga ega boʻlib, ulardan 50 tasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga mansub. OTB oʻz aʼzolari va hamkorlari bilan birgalikda ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik barqarorlikka xizmat qiluvchi loyihalarni moliyalashtirib, innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorlik orqali barqaror taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlaydi.