11 964.270 so‘m

decrease

-9.750

13 323.410 so‘m

decrease

-109.050

144.490 so‘m

decrease

-0.090

11 964.270 so‘m

decrease

-9.750

2 soat avval
Texnologiya
42

Nvidia Jensen Xuangni bosh direktor lavozimidan chetlatishga tayyorlanmoqda — WSJ

Amerikaning Nvidia kompaniyasi direktorlar kengashi asoschi va bosh direktor Jensen Xuangni lavozimidan ozod etish masalasini koʻrib chiqmoqda. 

Bunga uning Xitoy razvedkasiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan ayol va kompaniyaning oʻz rahbarlaridan biri bilan nikohdan tashqari munosabatlari haqidagi xabarlar sabab boʻlgan. 

Mojaro fonida Nvidia aksiyalari birjadan keyingi savdolarda qariyb 8 foizga arzonlashdi. 

Nvidia Jensen Xuangni bosh direktor lavozimidan chetlatishga tayyorlanmoqda — WSJ

The Wall Street Journal (WSJ) nashrining 11 noyabr kuni vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, Nvidia direktorlar kengashi Jensen Xuangni bosh direktor lavozimidan chetlatishga tayyorlanmoqda. Kengash uning kompaniyadagi kelajagini muhokama qilish uchun yigʻilish oʻtkazishni rejalashtirgan.

Reuters ham oʻz manbasiga tayanib, direktorlar kengashi Xuangni lavozimidan ozod qilish masalasini koʻrib chiqayotganini xabar qildi. Biroq agentlik WSJ xabaridagi barcha tafsilotlarni mustaqil tasdiqlay olmaganini bildirgan.

Jensen Xuang 1993 yilda Nvidia kompaniyasiga asos solgan va oʻshandan buyon unga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning boshqaruvi davrida kompaniya grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchisidan sunʼiy intellekt sanoatining asosiy texnologik taʼminotchilaridan biriga aylandi.

Direktorlar kengashining ehtimoliy qarori texnologiya sanoatidagi eng yirik rahbarlik oʻzgarishlaridan biri boʻlishi mumkin. Chunki Nvidia nafaqat sunʼiy intellekt uchun zarur chiplarni yetkazib beradi, balki dunyodagi eng qimmat kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Mojaro qanday boshlangan?

Mojaro oktabr oxirida The New York Times tomonidan eʼlon qilingan surishtiruvdan keyin boshlangan. Nashr maʼlumotlariga koʻra, AQSh razvedka idoralari Xuangning Xitoy fuqarosi Elis Xuang bilan yaqin munosabatda boʻlganini aniqlagan. Amerika rasmiylari ayolni Xitoy razvedkasi uchun maʼlumot yigʻishda gumon qilmoqda.

Elis Xuang Singapurda joylashgan Megaspeed kompaniyasi rahbarlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya maʼlumotlar markazlari uchun Nvidia protsessorlarini xarid qiladi. Nashrga koʻra, Megaspeed soʻnggi ikki yil davomida Nvidia’dan 4,8 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi chiplar sotib olgan.

AQSh rasmiylarini aynan shu tijoriy aloqalar xavotirga solmoqda. Chunki Vashington Xitoyning ilgʻor sunʼiy intellekt protsessorlariga kirishini cheklagan. Megaspeed esa Amerika eksport cheklovlarini chetlab oʻtgan holda Xitoy kompaniyalariga chiplar yetkazib berganlikda gumon qilinmoqda.

Xuang munosabatlarini tan oldi, Nvidia tekshiruv boshladi

8 noyabr kuni Jensen Xuang Nvidia xodimlariga yoʻllagan maktubida turmush oʻrtogʻiga xiyonat qilganini tan oldi va oilasidan, hamkasblaridan hamda kompaniya aksiyadorlaridan uzr soʻradi.

U shaxsiy xatti-harakatlari uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishini, direktorlar kengashi boshlagan mustaqil tekshiruvda hamkorlik qilishini bildirdi. Biroq maktubda Elis Xuangning ismi yoki u bilan munosabatlarning tafsilotlari keltirilmagan.

Oʻsha kuni Nvidia direktorlar kengashi xorijiy razvedka faoliyati ehtimoli yuzasidan mustaqil tekshiruv boshlaganini maʼlum qildi. Kengash hozircha AQSh milliy xavfsizligi yoki kompaniyaning tijorat sirlariga zarar yetkazilgan deb hisoblash uchun asos yoʻqligini taʼkidladi.

10 noyabr kuni tekshiruvga AQShning sobiq federal prokurori Jun H. Kim va Wachtell, Lipton, Rosen & Katz yuridik firmasi jalb etildi.

Ikkinchi munosabat haqidagi xabar vaziyatni keskinlashtirdi

11 noyabr kuni The New York Times Xuangning Nvidia sogʻliqni saqlash yoʻnalishi vitse-prezidenti Kimberli Pauell bilan ham nikohdan tashqari munosabatda boʻlganini xabar qildi.

Nashr kompaniyaning besh nafar xodimiga tayanib, Pauell bevosita Xuangga boʻysunuvchi rahbarlardan biri ekanini yozdi. Xuang va Pauell bu xabarni omma oldida tasdiqlamagan.

Reuters qayd etishicha, mazkur maʼlumotlar ortidan direktorlar kengashi Xuangning kompaniyadagi kelajagini muhokama qilishga kirishgan.

Shu tariqa, 8 noyabr kuni Xuang rahbariyatiga ishonch bildirgan direktorlar kengashi oradan uch kun oʻtib uning lavozimdan ketishi mumkinligini muhokama qiladigan vaziyatga kelib qoldi.

Nvidia aksiyalari keskin arzonlashdi

WSJ xabaridan keyin Nvidia aksiyalari 11 noyabrdagi asosiy savdo sessiyasi tugagach, qoʻshimcha savdolarda 8 foizdan koʻproqqa pasaydi.

Reuters hisob-kitobiga koʻra, 8 noyabrda kompaniya ichki tekshiruv boshlanganini eʼlon qilganidan keyingi pasayishlar saqlanib qolsa, Nvidia bozor qiymatidagi jami yoʻqotish qariyb 600 mlrd dollarga yetishi mumkin.

Mojaro boshqa texnologik kompaniyalar aksiyalariga ham taʼsir koʻrsatdi. Xususan, Nvidia chiplaridan foydalanadigan CoreWeave aksiyalari qoʻshimcha savdolarda 6 foizga arzonlashdi. Raqobatchilar AMD va Broadcom aksiyalari esa mos ravishda 4 va 3 foizga qimmatlashdi.

Investorlarning asosiy xavotiri Xuang ketgan taqdirda Nvidia boshqaruvini kim va qanday davom ettirishi bilan bogʻliq.

12 noyabr ertalabki holatga koʻra, Nvidia Jensen Xuangning lavozimidan ozod etilgani yoki isteʼfoga chiqqanini rasman eʼlon qilmagan. Direktorlar kengashining yakuniy qarori ham ommaga maʼlum qilinmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+