Mutlaq rekord: jahon bozorida oltin narxi ilk bor 5 500 dollardan oshdi
Jahon bozorida oltin narxi tarixda ilk bor 5 500 dollar chegarasidan oshib, bir kunda qariyb 9 foizga koʻtarildi. Oʻzbekistonda ham oltin quymalari narxi yana rekord darajaga chiqib, 5 grammlik quymaning bahosi 10,8 mln soʻmdan oshdi.

Jahon bozorida oltin narxi tarixda ilk bor 5 500 dollar chegarasidan oshdi. Bir kun ichida qimmatbaho metall narxi qariyb 9 foizga koʻtarildi.
Kitco platformasi maʼlumotlariga koʻra, savdolar davomida oltinning maksimal narxi 5 585 dollargacha yetgan. Xabar tayyorlanayotgan paytda esa bir unsiya oltin 5 552,8 dollardan savdo qilinmoqda. Bu bir gramm toza oltin narxi 178,6 dollarni tashkil etayotganini anglatadi.

Oltin narxi yil boshidan buyon 27 foizga oshgan. Trading Economics maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qimmatbaho metall narxi qariyb 98 foizga yuqorilagan.
Oʻzbekistonda oltin narxi
Oʻzbekistonda ham oltin quymalari narxi ketma-ket rekordlarni yangilamoqda. Ayni paytda bir gramm oltin quymasi 2 172 780 soʻmdan baholanmoqda. Besh grammlik oltin quymasi narxi esa ilk bor 10,8 million soʻmdan oshdi. Bir kun ichida mahalliy bozorda narxlar qariyb 5,5 foizga oʻsdi.

Taqqoslash uchun, yilning birinchi savdo kuniga nisbatan oltin narxi 25,5 foizga, soʻnggi 12 oy davomida esa deyarli 84 foizga qimmatlashgan.









