Zootopia 2 jahon kassasida 1,8 mlrd dollarlik natija qayd etdi
Zootopia 2 2025 yil noyabrdagi premerasidan beri kinoteatrlarda yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Film jahon kassasida 1,8 milliard dollardan ortiq daromad yigʻib, eng koʻp daromad keltirgan Amerika animatsion filmi sifatida rekord oʻrnatdi. AQSh bozorida esa u “Oʻyinchoqlar tarixi 3” filmini ortda qoldirishga muvaffaq boʻldi.

Zootopia 2 kinoprokatda yuqori natijalarni qayd etishda davom etmoqda. 2016 yilda ekranlarga chiqqan mashhur animatsion filmning davomi boʻlgan Zootopia 2 2025 yil noyabr oyidagi premerasidan buyon kinoteatrlarda yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Film jahon kassasida 1,8 milliard dollardan ortiq daromad toʻplab, dunyo boʻyicha eng koʻp daromad keltirgan Amerika animatsion filmi sifatida rekord oʻrnatdi.
Shu bilan birga, Ne Zha 2 filmi (2,25 milliard dollar) hozircha umumiy reytingda yetakchilikni saqlab qolmoqda. Biroq Zootopia 2 AQSh ichki bozorida Disney va Pixar studiyalarining bir qator mashhur loyihalarini ortda qoldirishga muvaffaq boʻlmoqda.
Filmning navbatdagi yutugʻi — AQSh kassasida Toy Story 3 animatsion kartinasidan oʻzib ketgani boʻldi. Har ikki film ham 415 million dollar atrofida daromad koʻrsatkichiga ega boʻlsa-da, hozirgi vaqtda Zootopia 2 150 ming dollarga koʻproq yigʻgani qayd etilmoqda.
Endilikda filmning navbatdagi maqsadi Disney’ning klassik animatsion asari — The Lion King boʻlib, u AQSh bozorida 423 million dollar daromad bilan turibdi. Shunga qaramay, Zootopia 2ning mamlakat ichida eng yuqori daromad qilgan animatsion filmga aylanish ehtimoli past. Ushbu rekord 2024 yilda chiqqan Inside Out 2 filmiga tegishli boʻlib, u 652 million dollar daromad toʻplagan.
Zootopia va Zootopia 2 filmlarining kassadagi hamda tanqidchilar orasidagi muvaffaqiyati sababli, uchinchi qism suratga olinishi ehtimoli yuqori baholanmoqda. Zootopia 2ning prokatdagi yurishi hanuz davom etayotgan boʻlsa-da, u allaqachon jahon miqyosida eng koʻp daromad keltirgan Amerika animatsion filmi sifatida eʼtirof etilmoqda.









