“Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlaridagi mis va oltin zaxiralari kamida 100 yilga yetadi
“Yoshlik-1” koni va “Qalmoqqir” konida jami 45 mln tonna mis hamda 5 ming tonnadan ortiq oltin zaxirasi mavjud. Maʼlum qilinishicha, ushbu resurslar mamlakat sanoatini kamida 100 yil davomida xomashyo bilan taʼminlay oladi.

Bugun Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Taʼkidlanishicha, 2026 yilning oʻzida ishga tushiriladigan loyihalar hisobiga misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yil ichida amalga oshiriladigan yangi loyihalar esa ushbu koʻrsatkichni yanada oshiradi.
Prezident nutqida misga boʻlgan global talab tobora ortib borayotgani qayd etildi. Bugungi kunda bu metall sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt hamda “yashil” texnologiyalar uchun strategik xomashyo hisoblanadi.
“Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, u kelajak sanoatini barpo etadi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot va mamlakatga qudrat olib keladi.
Shu bois biz islohotlarning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida eʼtibor qaratib, mavjud zaxiralar hamda ularni ishga solish imkoniyatlarini aniqlab oldik”, — dedi prezident.
Avvalroq koʻpchilik “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish qiyin, degan fikrda boʻlgan. Biroq hozirda loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning oʻzida ushbu kondan 20 mln tonna ruda qazib olinadi. Kelgusi ikki yil ichida bu koʻrsatkich 60 mln tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, “Yoshlik-1” koni va “Qalmoqqir” konida jami 45 mln tonna mis hamda 5 ming tonnadan ortiq oltin zaxirasi mavjud. Ushbu resurslar mamlakat sanoati uchun kamida 100 yilga yetadigan barqaror xomashyo bazasini taʼminlaydi.
Bundan tashqari, konlarda molibden, selen, tellur va reniy kabi noyob metallar ham mavjud boʻlib, ular yangi innovatsion yoʻnalishlardagi sanoat loyihalari uchun muhim zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi toʻliq ishga tushirilgach, Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi hozirgi 2,4 ming tonnadan 5 ming tonnaga yetadi. Loyiha doirasida 6 mingdan ortiq yoshlar yuqori daromadli ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi.
Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning togʻ-kon sanoatidagi ilgʻor texnologiyalari joriy etilmoqda. Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sunʼiy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi.
Natijada energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayishi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshishi kutilmoqda.









