12 048.040 so‘m

decrease

-51.140

14 062.470 so‘m

decrease

-71.790

153.280 so‘m

decrease

-0.540

12 048.040 so‘m

decrease

-51.140

7 soat avval
Texnologiya
24

Yolgʻiz yashovchilar uchun yaratilgan “Are you dead?” ilovasi internetda mashhurlikka erishdi

Xitoyda yolgʻiz yashovchilar uchun yaratilgan “Are you dead?” (“Sen oʻlib qoldingmi?”) nomli ilova internetda tezda mashhurlikka erishdi. 
Ilova foydalanuvchi bir necha kun davomida faollik koʻrsatmasa, favqulodda aloqa shaxsiga avtomatik ogohlantirish yuboradi. 
Mashhurlik ortidan loyiha global bozorga chiqib, xalqaro auditoriyaga taqdim etildi.

Yolgʻiz yashovchilar uchun yaratilgan “Are you dead?” ilovasi internetda mashhurlikka erishdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Xitoyda yolgʻiz yashovchilar uchun yaratilgan “Are you dead?” (“Sen oʻlib qoldingmi?”) nomli ilova qisqa vaqt ichida mashhurlikka erishdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ilova yuklab olinishi keskin oshib, ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Shundan soʻng ishlab chiquvchilar obuna toʻlovini joriy qildi va global bozorga chiqish uchun nomini oʻzgartirishga qaror qildi.

Xitoy tilida Sileme deb ataladigan ilova oʻzini yolgʻiz yashovchilar — talabalar, yolgʻiz ishlovchi xodimlar va yakka turmush tarzini tanlaganlar uchun moʻljallangan oddiy xavfsizlik vositasi sifatida taqdim etadi.

Ilovada bitta favqulodda aloqa shaxsini belgilash talab etiladi. Agar foydalanuvchi ketma-ket bir necha kun davomida ilovaga kirmasa, tizim avtomatik ravishda ogohlantirish yuboradi.

Global Times’ga koʻra, Xitoyda bir kishilik uy xoʻjaliklari soni 200 millionga yaqinlashgan, yolgʻiz yashovchilar ulushi esa 30 foizdan oshgan.

Sileme seshanba kuni Weiboʻdagi rasmiy sahifasida ilovaning yangi versiyasi global bozor uchun Demumu nomi ostida chiqarilishini maʼlum qildi. Apple’ning pullik ilovalar reytingida Demumu hozirda ikkinchi oʻrinda, hafta boshida esa birinchi pogʻonaga koʻtarilgan edi.

“Internet foydalanuvchilarining qoʻllab-quvvatlovi uchun rahmat. Biz 1995 yildan keyin tugʻilgan uch nafar yosh tomonidan mustaqil tarzda tashkil etilgan kichik jamoamiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Shuningdek, kompaniya xarajatlar oshgani sababli 8 yuan (1,15 dollar) miqdorida toʻlov joriy etilishini eʼlon qildi. Apple App Store’da ilova allaqachon sotilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar ilova nomini oʻzgartirmaslikka chaqirsa, boshqalar “Are you alive?”, “Are you online?” yoki “Are you there?” kabi nomlarni taklif qildi.

“Baʼzi konservativ odamlar buni qabul qila olmasligi mumkin, ammo xavfsizlik uchun juda foydali. Bu turmush qurmagan odamlarning hayotini xotirjamroq qiladi”, — deb yozdi foydalanuvchilardan biri.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+