Yil boshidan beri banklardagi muammoli kreditlar 6 trln soʻmga koʻpaydi
1 sentabr holatiga banklardagi muammoli kreditlar 24 trln soʻmga yetib, jami kredit portfelining 3,7 foizini tashkil etdi.
Shu davrda umumiy kredit portfeli 7,4 foizga oʻsgan boʻlsa, NPL hajmi 6 trln soʻmga koʻpaydi.
Eng katta oʻsish Mikrokreditbankda 1,24 trln soʻm, Anorbankda 632,2 mlrd soʻm, Xalq bankida 528,4 mlrd soʻm va Agrobankda 511 mlrd soʻmni tashkil etdi.

2026 yil 1 sentabr holatiga Oʻzbekiston banklaridagi muammoli kreditlar 24 trln soʻmga yetib, jami kredit portfelining 3,70 foizini tashkil etdi. Yil boshidan beri NPL hajmi 6 trln soʻmga yoki 33,1 foizga koʻpaygan.
Shu davrda banklarning umumiy kredit portfeli 604 trln soʻmdan 648,9 trln soʻmga yetdi. Oʻsish 44,9 trln soʻm yoki 7,4 foizni tashkil qildi. Muammoli kreditlar hajmi kredit portfeliga qaraganda qariyb 4,4 baravar tezroq oʻsgan.
Bir yil avval banklarning kredit portfeli 581,1 trln soʻm, muammoli kreditlari esa 21,8 trln soʻm edi. Shundan kelib chiqib, kreditlar yillik hisobda 67,9 trln soʻmga yoki 11,7 foizga, NPL hajmi esa 2,2 trln soʻmga yoki 10,2 foizga oshgan.
Biroq NPLning kredit portfelidagi ulushi bir yil oldingi 3,75 foizdan 3,70 foizga tushgan. Yaʼni yil boshidan beri kreditlar sifati yomonlashgan boʻlsa-da, NPL ulushi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 0,05 foiz punkt pastligicha qolmoqda.
Oʻsishning 62 foizi davlat banklari hissasiga toʻgʻri keldi
Davlat ulushi mavjud banklardagi muammoli kreditlar yil boshidan beri 3,7 trln soʻmga oshib, 16,5 trln soʻmga yetgan. Bu bank tizimidagi jami NPL oʻsishining 62,2 foizini tashkil qiladi.
Davlat ulushi mavjud banklarning kredit portfeli esa 17 trln soʻmga yoki 4,2 foizga oshgan. NPLning portfeldagi ulushi 3,17 foizdan 3,93 foizga koʻtarilgan.
Davlat ulushi mavjud boʻlmagan banklarda kredit portfeli 28 trln soʻmga yoki 14 foizga oʻsib, 227,5 trln soʻmga yetgan. Muammoli kreditlar esa 2,3 trln soʻmga yoki 43,2 foizga koʻpayib, 7,5 trln soʻmni tashkil etgan. NPL ulushi 2,62 foizdan 3,29 foizga oshgan.
Eng katta oʻsish Mikrokreditbankda
Muammoli kreditlarning mutlaq hajmi boʻyicha eng katta oʻsish Mikrokreditbankda qayd etilgan. Bankning NPL hajmi 894 mlrd soʻmdan 2,14 trln soʻmga yetgan — oʻsish 1,24 trln soʻm yoki 139 foiz. NPL ulushi esa 4,41 foizdan 9,20 foizga koʻtarilgan.
Keyingi oʻrinlarda:
| NPL oʻsishi | Yil boshidagi ulush | Hozirgi ulush | |
|---|---|---|---|
| Anorbank | 632,2 mlrd soʻm | 4,75% | 8,76% |
| Xalq banki | 528,4 mlrd soʻm | 3,07% | 4,15% |
| Agrobank | 511 mlrd soʻm | 3,33% | 3,39% |
| TBS Bank | 440,5 mlrd soʻm | 5,71% | 13,37% |
| Biznesni rivojlantirish banki | 421,7 mlrd soʻm | 4,52% | 5,85% |
| Aloqabank | 378,1 mlrd soʻm | 2,54% | 3,77% |
| Hamkorbank | 238,3 mlrd soʻm | 0,80% | 1,40% |
| Oriyent Finans Bank | 235,8 mlrd soʻm | 0,15% | 1,87% |
| Asakabank | 203,6 mlrd soʻm | 3,62% | 4,37% |
Oʻzmilliybank, Ipak Yoʻli Bank, SQB, Kapitalbank, Turonbank, Hayot Bank, Tenge Bank, Trastbank, Asia Alliance Bank, Garant bank, Madad Invest Bank, Universalbank, Infinbank, Ziraat Bank Uzbekistan, AVO bank, Poytaxt Bank, Open Bank, Apex Bank va Uzum Bankda ham NPL hajmi oshgan.
Umuman, yil boshi bilan taqqoslash mumkin boʻlgan 34 ta bankning 29 tasida muammoli kreditlar koʻpaygan.
Uchta bankda NPL kamaydi
Muammoli kreditlar hajmi faqat uchta bankda qisqargan:
- Ipoteka-bankda — 145,2 mlrd soʻmga, 1,26 trln soʻmdan 1,11 trln soʻmga;
- Davr Bankda — 2,3 mlrd soʻmga;
- Soderot Bankda — 326 mln soʻmga.
KDB Bank Oʻzbekiston va Oktobankda yil boshida ham, 1 sentabr holatiga ham muammoli kreditlar qayd etilmagan.
NPL ulushining eng katta pasayishi Poytaxt Bankda kuzatilgan — 24,4 foizdan 13,2 foizga yoki 11,22 foiz punktga. Biroq bankdagi muammoli kreditlarning mutlaq hajmi 24,3 mlrd soʻmga oshgan. Ulushning kamayishiga kredit portfelining NPLdan tezroq kengayishi sabab boʻlgan.
NPL ulushi eng tez Madad Invest Bankda oshdi
Muammoli kreditlar ulushidagi eng katta oʻsish Madad Invest Bankda qayd etilgan. Koʻrsatkich 0,62 foizdan 10,04 foizga, yaʼni 9,42 foiz punktga oshgan.
Keyingi oʻrinlarda TBC Bank — 7,66 foiz punkt, Mikrokreditbank — 4,79 foiz punkt va Anorbank — 4,01 foiz punkt bilan qayd etilgan.
Hozirgi NPL hajmi boʻyicha Agrobank 3,21 trln soʻm bilan birinchi oʻrinda turibdi. Undan keyin Oʻzmilliybank — 3,17 trln soʻm va Mikrokreditbank — 2,14 trln soʻm keladi.
Kredit portfelidagi NPL ulushi boʻyicha esa TBC Bank 13,37 foiz bilan eng yuqori koʻrsatkichga ega. Poytaxt Bankda bu koʻrsatkich 13,18 foiz, Madad Invest Bankda 10,04 foiz, Mikrokreditbankda 9,20 foiz va Anorbankda 8,76 foizni tashkil etgan.









