Yevroittifoqning navbatdagi sanksiyalar paketiga T-Bank, Yandex Bank va Ozon Bank kiritildi
Yangi choralar moliyaviy institutlar, energetika infratuzilmasi va “soya floti” kemalarini nishonga olgan. Sanksiyalar qatoriga kirganlar qatorida T-Bank, Yandex Bank va Ozon Bank ham bor.

Yevropa Ittifoqi 2025 yil 18 iyul kuni Rossiyaga qarshi navbatdagi — 18-sanksiyalar paketini eʼlon qildi. Mazkur sanksiyalar toʻgʻrisidagi hujjat Yevropa Ittifoqining rasmiy huquqiy portalida eʼlon qilindi.
Bu paket Rossiyaning moliyaviy, transport, energetika va sanoat sohalariga nisbatan yangi cheklovlarni oʻz ichiga oladi.
Eng diqqatga sazovor jihatlardan biri shuki, sanksiyalar roʻyxatiga 22 ta Rossiya banki kiritildi. Jumladan, T-Bank, Yandex Bank, Ozon Bank va Surgutneftegazbank kabi moliyaviy muassasalar endilikda Yevropa Ittifoqi hududida faoliyat yurita olmaydi.
Shu bilan birga, Yandex Bank va Ozon Bank sanksiyalar ularning kundalik faoliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaganini maʼlum qildi.
Yangi paketda Rossiyaning yashirin neft tashuvchi kemalar tarmogʻi — “soya floti”ga ham jiddiy zarba berildi. Yangilangan roʻyxatga 105 ta qoʻshimcha tanker kiritildi. Natijada, sanksiyaga uchragan kemalar soni 444 taga yetdi. Bu tankerlar Rossiya neftini sanksiyalarni chetlab tashishda vosita sifatida ishlatilayotgani aytilmoqda.
Shuningdek, Rossiya neftining eksport narxiga qoʻyilgan $60 lik chegara bekor qilinib, endilikda dinamik narxlash tizimi joriy etildi. Yangi tartibga koʻra, Rossiya neftining narxi global oʻrtacha bozor narxidan 15 foiz past boʻlishi belgilangan. Shu bilan birga, minimum narx $47,60 dan past boʻlishi mumkin emas. Bu chora-tadbirlar Rossiyaning neftdan tushadigan daromadlarini kamaytirish va xalqaro bozor barqarorligini saqlashga qaratilgan.
Yangi sanksiyalar Rossiyaning gaz infratuzilmasiga ham taʼsir koʻrsatdi. Xususan, “Nord Stream” quvurlari orqali gaz yetkazib berish toʻliq taqiqlandi. Shuningdek, Rossiya Toʻgʻridan-toʻgʻri Investitsiya Jamgʻarmasi (RDIF) va uning shoʻba korxonalariga oid har qanday moliyaviy operatsiyalar taqiqlanmoqda.
Yevropa Komissiyasining taʼkidlashicha, RDIF Rossiyaning global moliyaviy bozorlarga kirish vositasi sifatida foydalanilib, sanksiyalarni chetlab oʻtish, xorijiy valyutalarni jalb qilish va urush iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlashda faol rol oʻynab kelmoqda.