Yetakchi Fintech kompaniyalari: ular qanday paydo boʻldi va kimga tegishli?
Pinkod’ning navbatdagi maxsus sonida Oʻzbekistondagi yetakchi Fintech kompaniyalarining shakllanishi, oʻsish yoʻli hamda ularning bugungi kundagi oʻrni haqida soʻz boradi.
Materialda ularning kelib chiqish tarixi, texnologik yangiliklari, hamkorlar hamda davlat bilan boʻlgan murakkab munosabatlari va moliyaviy koʻrsatkichlari tahlil qilinadi.

Kirish
Oʻzbekiston moliyaviy texnologiyalar bozori, yaʼni Fintech sektori soʻnggi yillarda keskin surʼatlar bilan rivojlanayotgan, eng dinamik yoʻnalishlardan biriga aylandi. Aholining bank xizmatlaridan foydalanish faolligi, internet va mobil ilovalarning keng tarqalishi, pandemiyadan keyingi raqamli transformatsiya jarayonlari ushbu sohani yangi bosqichga olib chiqdi.
Bugungi kunda bozorda Click, Payme va Paynet kabi uchta yirik oʻyinchi yetakchilik qilmoqda. Bu kompaniyalar faqat toʻlov xizmatlarini emas, balki mijozlarga qulay interfeys, tezkor xizmat koʻrsatish, qoʻshma loyihalar va hatto moliyaviy ekotizimni yaratishga intilayotgan yirik innovatorlarga aylangan. Ularning moliyaviy koʻrsatkichlari har yili oʻsib bormoqda, foydalanuvchilar soni millionlab boʻlgan bu platformalar zamonaviy moliyaviy madaniyatni shakllantirishda muhim rol oʻynamoqda.
Mazkur maxsus materialda:
- Ushbu kompaniyalarning shakllanish tarixi;
- ularning texnologik yondashuvi;
- Kompaniyalar amalga oshirgan innovatsiyalari;
- Shuningdek, xalq orasida mashhur toʻlov tashkilotining qanday qilib davlat tasarrufiga oʻtkazilib, keyinchalik yana xususiylashtirilgani haqida soʻz boradi.
Click AJ
Click MChJ 2011 yil 11 noyabr kuni uch nafar hamkor — maktabdoshlar Ulugʻbek Rustamov, Rustam Fayziyev hamda ularning bank sohasidagi tanishi Baxodir Abdukadirov tomonidan asos solingan.
Kompaniya asoschilaridan biri Ulugʻbek Rustamovning texnologiyaga boʻlgan qiziqishi besh yoshidayoq boshlangan. Unga otasi shu yoshida kompyuter olib bergan va bu, Rustamovning soʻzlariga koʻra, uning texnologiyalar olamiga kirishiga sabab boʻlgan.
15 yoshida esa u oʻquv markazda ishlay boshlagan va u yerda oʻquvchilarga kompyuter savodxonligi boʻyicha dars bergan. Darslarda Word, Excel, Photoshop, CorelDRAW, HTML, CSS kabi dastur va texnologiyalarni oʻrgatgan.
“Kompaniyani yaratish arafasida internet doʻkon ochishga qiziqib yurar edim, undan tashqari kompyuter ehtiyot qismlari savdosi bilan ham shugʻullanar edim. Oʻsha payt oʻylardim nimaga shuni internetda sotib boʻlmaydi va nimaga oʻzi Oʻzbekistonda e-kom rivojlanmagan Hatto oddiy pitssa ham buyurtma qilib bolmas edi. Keyin oʻylab qoldim, odam internetdan buyurtma qilganidan keyin qanaqadir qilib pul toʻlashi kerak. Shu bois, fintex kompaniya tuzish gʻoyasi paydo boʻldi”, — deydi Rustamov.
Uning soʻzlariga koʻra, Rustam Fayziyev va Baxodir Abdukadirovning bank sohasida 15 yillik tajribasi ishni ancha yengillashtirgan.
Oʻsha paytlarda bozorga Paynet hukmronlik qilayotgan edi. U 30 mingga yaqin nuqtada faoliyat yuritgan. Click jamoasi esa raqobatda ustun boʻlish uchun Paynet dan arzonroq va qulayroq xizmat koʻrsatishni maqsad qilgan.
Paynet skretch-kartalar orqali bozorga kirgan boʻlsa, Click esa mijozlarga uydan turib toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratmoqchi boʻlgan. Shundan soʻng, ikki nafar dasturchi yollanib, Click dasturini ishlab chiqish boshlandi.
Click banklarga server joylashtirish, hech qanday talab qoʻymaslik va oʻz navbatida daromadning 20 foizini ularga taklif qilgan.
Biroq, dastlab banklarga bu tizimni tushuntirish juda qiyin boʻlgan. Asoschilar bir yil davomida serverga rozi boʻladigan bankni qidirishgan.
Paynet oʻsha davrda foydalanuvchilardan mobil aloqa uchun toʻlovlarda 6% xizmat haqi olgan boʻlsa, Click bu xizmatni 2% evaziga taklif qilgan.
Keyinchalik Click asoschilari bu xizmat uchun xizmat haqi aloqa operatorlaridan olinishi kerak, degan xulosaga kelgan. Biroq, operatorlar bunga rozi boʻlmagan. Shu bois, Click 2012 yildan 2013 yilgacha ushbu xizmatni foizsiz amalga oshirgan.
“Biz 1 million foydalanuvchiga yetganimizdan soʻng, operatorlar foiz toʻlashga rozi boʻlishiga ishonch bildirdik. Haqiqatdan ham shunday boʻldi. Shundan soʻng, Paynet ham bu xizmatni foizsiz qilishga majbur boʻldi”, — deya eslaydi Rustamov.
Click’ning asosiy maqsadi — barcha turdagi toʻlov jarayonlarida ishtirok etish edi. Keyinchalik, internet provayderlar, kommunal xizmatlar, soliq toʻlovlari va boshqa xizmat turlari qoʻshildi.
2024 yil 4 iyul kuni Click MChJ faoliyat shaklini AJ (aksiyadorlik jamiyati) shakliga oʻzgartirdi. Bu qaror toʻlov tashkilotlari faoliyatini AJ sifatida yuritish zarurati bilan bogʻliq tartib tufayli qabul qilingan.

Bugungi kunda Click nafaqat oddiy toʻlov tashkiloti, balki keng qamrovli ekotizimga ega SuperApp darajasiga yetgan. Ilovada foydalanuvchilar aviachiptalardan tortib Powerbank ijarasigacha boʻlgan turli xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
Undan tashqari, Click Raqobat qoʻmitasi tomonidan bozordagi ustun mavqega ega raqamli platforma sifatida eʼtirof etilgan.
Kompaniyaning 2024 yildagi sof foydasi 295,1 mlrdni tashkil qilgan. Bu natija 2023 yildagi 205,2 milliard soʻmlik foydaga nisbatan 43,8 foizga koʻpdir. Click’ning yillik foydasi mamlakatdagi banklarning 69,4 foizining (25 ta) foydasidan yuqoriroqdir.
Kompaniya aksiyadorlari:
Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy saytidan tekshirilganda Click AJ aksiyadorlarining toʻliq nomi oshkor qilinmagan. Myorg.uz sayti maʼlumotlariga koʻra, kompaniya askiyalari yetti nafar jismoniy shaxs oʻrtasida taqsimlangan:
- Azimov Ilyas Ulugʻbekovich — 35%
- Gulamkadirov Azizillo Izotillayevich — 25%
- Azimov Ilxom Ulugbekovich — 20%
- Usmanov Djaxongir Mirjalilovich — 5%
- Fayziyev Rustam Murodjonovich — 5%
- Abdukadirov Baxodir Miragzamovich — 5%
- Rustamov Ulugbek Shaxzodovich — 5%
Eslatma: axborot Myorg.uzʼdan olingan boʻlib, real vaqtdagi aksiyadorlarning tarkibini aks ettirmasligi mumkin.
Kompaniya bosh direktori — Ulugʻbek Rustamov

Ochiq manbalarda Ulugʻbek Rustamovning tugʻilgan yili aniq koʻrsatilmagan. Biroq, uning 15 yoshida maktabni tamomlagani va 2000-yilda oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirganini inobatga olsak, u taxminan 1984 yoki 1985-yilda tugʻilgan boʻlishi mumkin.
PDP universitetidagi suhbatda Rustamov 5 sinfdan 11 sinfgacha shifokor boʻlishni orzu qilganini taʼkidlagan. Biroq maktabni 15 yoshida tugatganligi sababli, yoshi tibbiyot oliygohiga kirish talabiga toʻgʻri kelmagan. Shu sababli u 2000 yilda Toshkent davlat texnika universitetining bakalavriat bosqichiga hujjat topshirib, geologiya-qidiruv yoʻnalishi boʻyicha tahsil ola boshlagan.
Ushbu universitetda 2004–2006 yillarda magistratura bosqichini ham muvaffaqiyatli yakunlagan.
Rustamov mehnat faoliyatini 2000-yilda oʻquv markazda boshlagan. 2004 yildan 2011 yilgacha esa — 7 yil davomida u “MasterClass” nomli kompyuter savodxonligiga ixtisoslashgan oʻquv markazida direktor sifatida ishlagan.
2011 yildan buyon esa Click kompaniyasining bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Kelayotgan 2025-yil noyabr oyi Rustamov uchun Click boshqaruvidagi 15 yillik yoʻlning boshlanishi boʻladi.
Payme AJ
Payme toʻlov xizmati 2010 yillarda Oʻzbekistonda IT kompaniya sifatida shakllangan. Kompaniyaning asosiy maqsadi: Oʻzbekistonda raqamli moliyaviy xizmatlarni soddalashtirish va bank xizmatlaridan foydalanishni aholiga qulayroq shaklga keltirish edi. Kompaniyaga Sarvar Roʻzmatov tomonidan 2013 yilda asos solingan.

Boshlanishning ilk yillarida 10 kishilik dasturchilar jamoasi bilan birgalikda Payme bir yil davomida ishlab chiqilgan va 2013 yilda Aloqabank bilan hamkorlikda Paycom ekvayring xizmati ishgan tushirilgan
2016 yilda Payme birinchi marta Oʻzbekistonda P2P (peer-to-peer) — yaʼni kartadan-kartaga pul oʻtkazish xizmatini joriy etdi. Bu xizmat banklar orqali amalga oshirilgan uzoq va byurokratik oʻtkazmalarga qarama-qarshi, tez, qulay va 24/7 ishlaydigan tizim edi.
Ushbu yangilik esa mamlakat moliyaviy infratuzilmasida chinakam inqilob boʻldi. Hattoki Payme raqobatchisi boʻlgan Click kompaniyasi ham dastlab P2P xizmatlardan foydalanish uchun Payme’dan foydalangan.
Bundan tashqari, Payme ilovasi orqali kommunal xizmatlar, mobil aloqa, internet, kredit toʻlovlari, davlat xizmatlari, chiptalar, va boshqa koʻplab xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish mumkin boʻldi.
2019 yilda Gruziyaning yirik banklaridan biri — TBC Bank Payme kompaniyasining 51 foiz ulushini taxminan 5,5 million AQSh dollariga sotib oldi. Bu holat Payme’ning moliyaviy texnologiyalar sohasida xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlganini koʻrsatdi. 2023 yilning 23 may sanasiga kelib Payme’ning qolgan 49 foiz ulushi ham 10 kunda toʻlovni amalga oshirish sharti bilan 55,7 mln dollarga TBC Bank’ka sotiladi. Bu uning oʻsha paytdagi qiymati 113,6 mln dollarga baholanganini anglatadi.
Payme ham 2024 yil iyuliga kelib qonunchilikdagi toʻlov tashkilotlariga shakliga bogʻliq talab tufayli oʻz faoliyat shaklini AJ ga oʻzgartirgan.
Payme bozordagi ulushi sababli 2025 yil boshida Oʻzbekiston Raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan "ustun mavqega ega toʻlov tashkiloti" deb tan olingan.
Payme 2024 yilda 274,3 milliard soʻm sof foyda koʻrdi. Bu oʻtgan yilgi 202,5 milliard soʻmlik koʻrsatkichga nisbatan 35,5 foizlik oʻsish demakdir.
Kompaniya aksiyadorlari
Hozirda Payme toʻliq TBC ekotizimiga tegishli. 2024 yil mart oyida TBC Group Oʻzbekistondagi barcha faoliyatlarini birlashtiruvchi yangi boshqaruv kompaniyasi — TBC Digital tashkil etilganini eʼlon qildi.
TBC Digital — Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan boshqaruv kompaniyasi boʻlib, TBC Bank Uzbekistan hamda Payme toʻlov ilovasini oʻz ichiga oladi.
2021 yilda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) hamda Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) TBC Bank Uzbekistanʼning 20 foizlik aksiyalarini sotib olgan. Bu vaqtda TBC Group ulushi 60 foizni tashkil etgan.
Yangi aksiyadorlik kelishuvi doirasida direktorlar kengashi va aksiyadorlar vakolatlari qaytadan belgilab berildi. Shuningdek, YeTTB va XMK oʻz ulushlarini TBC Bank’ga sotish, TBC Bank esa ularni sotib olish huquqiga ega boʻldi.
Yangi boshqaruv tuzilmasi asosida TBC PLC, YeTTB va XMK TBC Digital’ni TBC Bank Uzbekistan hamda Paymeʼning yagona egasiga aylantirishga kelishib oldi. Aksiyalar quyidagicha taqsimlangan:
- TBC PLC — 79,7%
- YeTTB — 10,15%
- XMK — 10,15%
Kompaniya direktori — Stanislav Skvirskiy

2025 yil may oyidan beri Stanislav Skvirskiy Payme bosh direktori sifatida ishlab kelmoqda.
Stanislav Skvirskiy — Oʻzbekistondagi yetakchi raqamli toʻlov platformalaridan biri boʻlgan Payme kompaniyasining bosh direktori (CEO) hisoblanadi. U 2025 yil may oyida ushbu lavozimga tayinlangan va hozirda kompaniya strategiyasi, yangi mahsulotlar ishlab chiqish, moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish hamda jamoani boshqarish bilan shugʻullanmoqda.
Stanislav Skvirskiy Toshkentda tugʻilgan va ulgʻaygan. U moliya, bank va texnologiyalar sohasida 13 yildan ortiq tajribaga ega. U faoliyati davomida Rossiyada joylashgan GE Money Bank, Skybonds kabi moliyaviy institutlarda ishlagan va investitsiya banklari uchun SaaS (Software-as-a-Servise) mahsulotlarini yaratishda ishtirok etgan.
2023 yildan boshlab Payme kompaniyasida moliyaviy mahsulotlar boʻlimi rahbari lavozimida ishlab, P2P toʻlovlar, davlat xizmatlari bilan integratsiya (GovTech), va kundalik bank xizmatlari (daily banking) sohalarida innovatsion loyihalarga rahbarlik qilgan.
Paynet AJ
Paynet tarixi
Kompaniya 2005 yil 12 dekabrda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, Paynetʼga fintex-tadbirkor Botir Arifdjanov va uning sheriklari tomonidan asos solingan.
Botir Arifdjanovning LinkedIn sahifasidagi maʼlumotga koʻra, u 2000 yil dekabrdan 2008 yil fevralgacha bosh vazir oʻrinbosari, xususan, iqtisodiyot vaziri yordamchisi lavozimida ishlagan.

Qozogʻistonlik tadbirkor va bloger Amirxan S Omarov bilan videosuhbatda Orifjonov Rossiyaning QIWI kompaniyasi 2009 yilda Paynetʼga xaridor boʻlgani va uning aktivlarini 10 million AQSh dollariga baholaganini aytgan.
“Pik Skartarisa” Telegram kanalida aytilishicha, Botir Arifdjanov va uning sheriklari oʻshanda chindan ham kompaniyanini sotish uchun Moskvaga borishgan va kelishuvga ham erishilgan. Biroq ertasi kuni toʻsatdan kompaniyani sotish kerakligi haqida QIWI’dan emas, balki “boshqa kishilardan” qoʻngʻiroq boʻladi. Shunday qilib, 2009 yilda Paynet “yangi egalari” qoʻliga oʻtadi.
2018 yilga kelib, Paynet bilan bogʻliq yangilik roʻy beradi. Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 04.05.2018 yildagi 3694-son qaroriga asosan kompaniya Xalq bankiga oʻtkazilishi maʼlum boʻladi.
“Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2016 yil 4 oktabrdagi hukmiga koʻra davlat daromadiga oʻtkazilgan “UzPaynet” MChJ ustav fondidagi 37,5 foiz ulushni keyinchalik davlat ulushini oshirish hisobiga Xalq bankiga oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin”, deyiladi prezident qarorida.
Shundan soʻng, aktivlar 100 foizgacha yetkazilgan va 2018 yilda toʻliq Xalq banki tasarrufiga oʻtkazilgan edi.
Paynet 2024 yilda 285,1 mlrd soʻm sof foyda olgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 153,5 milliard soʻmga yoki 119,9 foizga koʻproqdir.
Kompaniya aksiyadorlari
Paynet hozirda aksiyadorlik jamiyati shakliga ega boʻlgan xususiy kompaniyadir. Biroq yuqorida taʼkidlanganidek uzoq yillar davomida Paynet davlatga tegishli kompaniya boʻlgan.
2022 yil avgust oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Paynet’ning (oʻsha paytda yuridik nomi “UzPAYNET” MChJ – tahr.) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish boshlanganini eʼlon qildi. Biroq shu yil oktabr oyiga kelib, qoʻshimcha ravishda aniqlik kiritilishi zarur boʻlgan holatlar yuzaga kelganligi munosabati bilan, talabgorlarning majburiyatga ega boʻlmagan takliflarini (NBO) qabul qilish muddati kechiktirilgandi.
2024 yilda Paynet’dagi 100 foiz davlat ulushi yashirincha (chunki bu haqida hech qayerda maʼlumot berilmagan) New Industrial Technologies MChJga sotilgani maʼlum boʻldi.
Davlat reyestriga koʻra, New Industrial Technologies MChJga 100 foiz ulush bilan Abduraxmanov Mustafa Orazbayevich egalik qiladi. Paynet’ni sotilgani maʼlum boʻlgan davrda (2024 yil) ushbu korxonaning taʼsischilari ichida 60 foiz ulush bilan Aleks Li ham boʻlgan. Ammo bugunga kelib, u taʼsischilar safidan chiqqan.
Mustafa Abdraxmanov, shuningdek, ASIA ALLIANCE BANK AJning 77,3 foiziga egalik qiladigan ASIA ALLIANCE GROUP MChJ QKning 77,61 foiz ulush bilan taʼsischisi hisoblanadi.
Paynet’ning bilvosita bugungi egasi hisoblangan Mustafa Abdraxmanov va kompaniyaning sobiq egasi Botir Arifdjanov oʻrtasida bir qator bogʻliqlik mavjud.
Abdraxmanov Arifdjanovning BEE (Misr) kompaniyasida tijoriy direktor va Technobiz (Singapur) kompaniyasida sotuv departamenti rahbari lavozimida ishlagan. Arifdjanov “UzPAYNET” MChJning mulkdori va taʼsischisi boʻlgan davrda (2007- 2010 yillar) Abdraxmanov Paynet’ning Qoraqalpogʻiston respublikasi boʻyicha mintaqaviy vakili boʻlib ishlagan.
Kompaniya bosh direktori — Isamuxamedov Anvar Sadikovich

Isamuxamedov Anvar Sadikovich — kompaniyaning amaldagi bosh direktori. U 1977 yil 10 oktabrda tugʻilgan.
U 1994–1999 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Xalqaro banking va moliya” yoʻnalishida tahsil olgan. Shundan soʻng, 1999–2000 yillarda Buyuk Britaniyadagi University of Reading’da “Sanʼat va iqtisodiyot” yoʻnalishida magistratura bosqichini tamomlagan.
Paynet’ning hozirgi bosh direktori Isamuxamedov Anvar Sadikovich ham bir vaqtlar kompaniyaning asoschisi va sobiq egasi Botir Arifdjanovning kompaniyalarida turli yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Masalan, 2022 yil oktabrdan 2023 yil oktabrgacha uning Britaniyadagi kompaniyasi GEOMOTIVE LTD’da direktor, Bee Smart Payment Solution¹da sotuv menejeri, Technobiz kompaniyasida biznes konsultant boʻlgan. Isamuxamedov, shuningdek, Paynet Arifdjanov boshqaruvda boʻlgan yillarda kompaniyada bosh sotuv menejeri boʻlib ishlagan.
OSON
OSON tarixi
OSON — Oʻzbekistonda yaratilgan ilk elektron hamyon tizimlaridan biri boʻlib, uni 2016-yilda Brio Group AJ asoschisi Farhod Mahmudov tomonidan ishlab chiqish boshlangan. Ilk sinov versiyasi 2017-yil oktabr oyida ishga tushirildi. Dastlabki yillarda OSON ilovasi toʻlovlarni soddalashtirish va xalqaro hamyonlarni integratsiyalash orqali raqamli moliyaviy xizmatlarga yangicha yondashuvni olib kirdi.
2018-yilga kelib, OSON foydalanuvchilarga Yandex.Money, WebMoney kabi xalqaro elektron hamyonlarga toʻlovlar yuborish imkoniyatini taqdim etdi. 2019-yilda WebMoney bilan hamkorlik memorandumiga imzo chekildi va 2020-yil fevral oyida WMY-hamyonlarni OSON orqali toʻldirish xizmati ishga tushdi. Aynan shu davrda, yaʼni 2019-yil noyabr oyida, Oʻzbekistonda “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu qonunga koʻra, elektron toʻlov tizimlari regulyator nazoratida faoliyat yuritishi lozim edi.
2020-yil 16-iyun kuni OSON Oʻzbekiston Markaziy banki tomonidan birinchilardan boʻlib rasmiy elektron pul tizimi sifatida roʻyxatga olindi.
Bu muhim bosqichdan soʻng, OSON oʻz xizmat doirasini kengaytirdi va VISA, MasterCard hamda Rossiyaning Mir toʻlov kartalarini oʻz tizimiga integratsiya qilishni boshladi. 2021-yilda esa Paynet orqali naqd pul bilan hisobni toʻldirish, shuningdek, VISA/MasterCard kartalari orqali toʻldirish funksiyalari ishga tushirildi.
OSON nafaqat Oʻzbekistonda, balki xalqaro bozorlarga ham kengaygan. 2021-yil Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) oʻz ofisini ochib, MENA(Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) mintaqasiga kengayishni boshladi. U yerda OSON moliyaviy texnologiyalar boʻyicha markaziy Osiyodan chiqqan ilgʻor fintech brend sifatida tanildi.
OSON hozirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, BAA va AQSh boʻylab faoliyat yuritadi, uning hamkor tarmoqlari 15 dan ortiq mamlakatlarga tarqalgan.
2023 yilda Markaziy bank tomonidan OSON toʻlov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi. Ushbu sanksiya “BRIO GROUP” MChJga (OSON brendi ostida faoliyat yuritadi) nisbatan toʻlov operatsiyalarini amalga oshirishda “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilandi.
Mazkur holat kompaniyaga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatdi. Jumladan, kompaniya tranzaksiyalarining qariyb 90 foizi qisqargani taʼkidlangan.
Biroq kompaniya direktori ushbu inqirozni oʻziga xos burilish nuqtasi sifatida baholab, aynan shu muammo OSON’ning uchinchi davlatlar bozorlariga tezroq chiqishiga turtki boʻlganini taʼkidlagan. Natijada kompaniya xorijiy bozorlarda maʼlum darajada muvaffaqiyatga erishgan.
Ilova bugungi kunga kelib 500 000 dan ortiq foydalanuvchiga ega. 2024-yil yakunlariga koʻra, OSON oylik 194 000+ faol foydalanuvchi, 235 million dollar hajmda moliyaviy aylanma (GMB) va 20 milliondan ortiq tranzaksiyalarni amalga oshirgan.
Kompaniya aksiyadorlari
OSON ilovasi yuqorida aytib oʻtilganidek Brio Group AJ tomonidan ishlab chiqilgan. Ochiq maʼlumotlarga koʻra kompaniyaning 100 foizlik ulushiga Maxmudov Farxod Gʻayratovich egalik qiladi.
Bosh direktor — Farhod Mahmudov

Farhod Gʻayratovich Maxmudov — Oʻzbekistonning taniqli tadbirkorlaridan biri, FinTech sohasida faoliyat yurituvchi OSON.uz, OSON Emirates, InterHub DMCC kompaniyalarining asoschisi va rahbari, shuningdek, OSON Travel hammuassisi va WebMoney Uzbekistan bosh direktori hisoblanadi.
U 1981 yil 2 yanvarda Toshkent shahrida tugʻilgan. Otasi muhandis, onasi shifokor boʻlib ishlagan. Farhodning katta opasi va akasi bor. Yoshligidan iqtisodiyotga qiziqqan Farhod 273-sonli iqtisodiy yoʻnalishdagi maktab-litseyda taʼlim olgan. 1998 yilda Toshkent Moliya institutiga oʻqishga kirib, “Bank ishi” mutaxassisligini tamomlagan. Shuningdek, u kompyuter texnologiyalari va dasturlash boʻyicha ham malaka oshirgan.
Mehnat faoliyatini 2003 yilda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankida kredit inspektori sifatida boshlagan. Keyinchalik "Oʻzsanoatqurilishbank"da operatsionist-buxgalter sifatida ishlagan. 2005 yildan boshlab u oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshladi — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish bilan shugʻullandi. Shu bilan birga, yollanma moliyachi sifatida ham faoliyat yuritdi.
2010–2015 yillarda FMCG sohasida savdo bilan shugʻullanib, oziq-ovqat mahsulotlari brendlarining distribyutori boʻldi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishida ham alohida biznes loyihani yoʻlga qoʻydi. Shu yillarda BigBear Uzbekistan kompaniyasiga boshchilik qildi.
2015 yildan boshlab u OSON.uz toʻlov tizimi loyihasini ishlab chiqishga kirishdi. 2017 yilda birinchi mahsulot ishga tushirildi. Keyingi yillarda OSON Business platformasi va OSON elektron hamyoni yaratildi, WebMoney WMY integratsiya qilindi. 2020 yilda OSON sum — Oʻzbekistondagi birinchi rasmiy elektron pul tizimi sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi