Yaqin Sharqdagi mojaro Oʻzbekistonda narx-navoga bosim oʻtkazishi mumkin — Timur Ishmetov
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik global iqtisodiyot orqali Oʻzbekiston bozorlariga ham bilvosita taʼsir qilishi mumkinligini aytdi. Xususan, neft narxi, logistika xarajatlari va valyuta oqimlaridagi oʻzgarishlar narx-navoga bosim oʻtkazishi ehtimoli bor.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Uzreport TV telekanaliga bergan intervyusida Yaqin Sharqda davom etayotgan mojaroning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga mumkin boʻlgan taʼsiri haqida fikr bildirdi.
Uning aytishicha, birinchi navbatda neft narxlarining oshishi global inflyatsiyaga bosim oʻtkazishi mumkin. Bu esa tabiiy ravishda boshqa tovar va xizmatlar narxining ham koʻtarilishiga olib keladi.
Shuningdek, mojaro hududidagi logistika zanjirlarining izdan chiqishi va transport qatnovining qiyinlashuvi ham narx-navoga qoʻshimcha bosim keltirishi mumkin.
Markaziy bank rahbariga koʻra, bunday sharoitda asosiy vazifa — yuzaga kelayotgan xatarlarni toʻgʻri baholash va ularning turli davlatlar iqtisodiyotiga qanday kanallar orqali taʼsir qilishini chuqur tahlil qilishdir. Shundan kelib chiqib, tegishli iqtisodiy siyosat yuritilishi lozim.
Uning taʼkidlashicha, Markaziy bank nafaqat narxlar barqarorligini, balki bank tizimining moliyaviy barqarorligini ham taʼminlashga eʼtibor qaratmoqda. Chunki geosiyosiy keskinlik eksport operatsiyalariga salbiy taʼsir qilsa, ayrim biznes subʼektlarining bank kreditlarini qaytarish imkoniyatlari ham qiyinlashishi mumkin.

Regulyatorga koʻra, global geosiyosiy keskinlik fonida valyuta bozorlarida ham oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Ayrim davlatlarga valyuta oqimi kamayishi milliy valyuta kursiga bosim oʻtkazishi ehtimoli bor. Shu sababli inflyatsiya bilan bir qatorda butun bank tizimi barqarorligiga ehtiyotkorlik bilan yondashish muhim.
Ishmetovning aytishicha, mojaroning Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiri katta emas, biroq bilvosita taʼsir ehtimoli mavjud. Shu bois hukumat darajasida qator choralar koʻrilmoqda.
Jumladan, transport xarajatlari oshishi oqibatida oziq-ovqat narxlarining keskin koʻtarilib ketishini oldini olish maqsadida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari (masalan, mol va qoʻy goʻshti) importi uchun transport xarajatlarini subsidiyalash mexanizmi joriy etilgan.
Uning taʼkidlashicha, bunday subsidiya mexanizmlari aniq yoʻnaltirilgan, shaffof va qisqa muddatli boʻlishi lozim.
Markaziy bank raisining aytishicha, hozircha asosiy eʼtibor inflyatsiya dinamikasini ehtiyotkorlik bilan monitoring qilishga qaratilgan. Joriy yil uchun inflyatsiyani 6,5 foiz atrofida pasaytirish maqsad qilingan. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi esa 2026 yil yakunida inflyatsiya 6,8 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.
Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi sharoitda Oʻzbekistonning monetar siyosati yetarlicha qatʼiy hisoblanadi. Shuning uchun stavkani oshirish haqida gapirishga hali ancha erta. Shu bilan birga, inflyatsiyani jilovlash va iqtisodiy oʻsishni saqlab qolish oʻrtasidagi muvozanatni ham hisobga olish kerak.
Shuningdek, Markaziy bank uchun muhim masalalardan biri milliy valyuta kursining erkinligini saqlab qolishdir. Valyuta kursining moslashuvchanligi inflyatsiyaga salbiy tashqi shoklarning taʼsirini yumshatishga yordam beradi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston Markaziy bankiga monetar siyosatning qatʼiyligini saqlab qolish hamda moliya bozorida aktivlar sifatiga alohida eʼtibor qaratishni tavsiya qilgan.
Markaziy banklar oldida hozir ikki asosiy vazifa turibdi: inflyatsiyani pasaytirish va iqtisodiy oʻsishni saqlab qolish.









