Yanvar-may oylarida savdo sohasidagi tovar aylanmasi $23,9 mlrdni tashkil qildi
2025 yilning dastlabki besh oyida Oʻzbekiston savdo sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan umumiy 303,2 trln soʻmlik tovar aylanmasi amalga oshirildi. Shu davrda savdo korxonalari tomonidan jami 14,4 trln soʻmlik soliq toʻlandi, 1,6 trln soʻmlik imtiyozlar qoʻllanildi. Eng koʻp soliq toʻlaganlar orasida Korzinka va Uzum Market bor.

2025 yilning yanvar-may oylarida savdo sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan amalga oshirilgan umumiy tovar aylanmasi 303,2 trln soʻmga yetdi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi xabar berdi.
Markaziy bankning amaldagi kursi boʻyicha bu koʻrsatkich taxminan 23,9 mlrd AQSh dollariga teng.
Davr davomida savdo sohasi tomonidan jami 14,4 trln soʻmlik soliq toʻlangan boʻlib, ularga 1,6 trln soʻmlik soliq imtiyozlari qoʻllanilgan. Eng koʻp soliq toʻlagan 20 ta korxona tomonidan esa 20,9 trln soʻmlik tovar aylanmasi amalga oshirilgan va ular jami 1,1 trln soʻmlik soliq toʻlagan. Ushbu TOP-20 korxonalarga berilgan soliq imtiyozlari hajmi esa 55,2 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
Bu TOP-20 korxonaning umumiy savdo sohasidagi ulushi quyidagicha:
- tovar aylanmasida – 6,9%,
- toʻlangan soliqlarda – 7,6%,
- soliq imtiyozlarida – 3,4%.
TOP-20 korxonadan tushgan soliqlarning turlari boʻyicha taqsimoti quyidagicha:
- Qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) – 398,4 mlrd soʻm (36,2%)
- Aksiz soligʻi – 223,4 mlrd soʻm (20,3%)
- Foyda soligʻi – 215,3 mlrd soʻm (19,5%)
- Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi – 149,9 mlrd soʻm (13,5%)
- Ijtimoiy soliq – 92,1 mlrd soʻm (8,4%)
- Mol-mulk soligʻi – 15,3 mlrd soʻm (1,4%)
- Boshqa soliqlar – 7,6 mlrd soʻm (0,7%)
Eng koʻp soliq toʻlagan savdo korxonalari orasida birinchi oʻrinni 153,1 milliard soʻmlik soliq bilan Korzinka brendi ostida faoliyat yurituvchi Anglesey Food egalladi. Undan keyingi oʻrinlarda mos ravishda Total Oil Invest– 126,6 milliard soʻm va Uzum Market – 107,4 milliard soʻm bilan joylashgan. Ular ortidan UNG Petro, “Namangan-Istiqlol bogʻi”, ASR and CO, Grand Pharm Trade, Nestle Food, Alif Moliya, Balton Trading (Asia) kabi yirik savdo subʼektlari qayd etilgan.

Shuningdek, roʻyxatda Samsung Uzbekistan, Lactalis Central Asia, Unico Hierro, Lukoil Uznefteprodukt va AC Energy kabi mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi yirik korxonalar ham mavjud.