Yangi Toshkentda 500 mln dollardan ortiq loyihalar uchun yer auksioni 1 dollardan boshlanadi
Yangi Toshkentda qiymati 500 mln dollardan oshadigan investitsiya loyihalari uchun yer ijarasi auksionining boshlangʻich narxi har kvadrat metrga 1 dollar etib belgilandi.
Yirik shaharsozlik loyihalariga foyda soligʻini 1 foizgacha pasaytirish, mol-mulk va yer soliqlaridan 20 yilga ozod qilish hamda boshqa imtiyozlar beriladi.
Yangi tartib Samarqanddagi “Shirin” massiviga ham tatbiq etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni “Yangi Toshkent shahri va hududlarda yuqori multiplikativ samaraga ega yirik shaharsozlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-243-son farmonni imzoladi. Hujjat 11 noyabrdan kuchga kirdi.
Farmon bilan Yangi Toshkent shahrining 19 720,9 gektar va Samarqanddagi “Shirin” massivining 665,15 gektar maydonida yirik shaharsozlik loyihalari uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi.
Mazkur hududlarda qiymati kamida 50 mln dollar boʻlgan investitsiya loyihalari soliq, bojxona va qurilish sohasidagi alohida imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Yerning boshlangʻich narxi investitsiya hajmiga bogʻlanadi
Farmonning 3-ilovasiga koʻra, maxsus hududlarda yer uchastkalari “E-auksion” platformasi orqali ijara huquqi asosida investorlarga taklif etiladi. Bunda yerning har kvadrat metri uchun boshlangʻich narx loyiha qiymatiga qarab belgilanadi.
| Investitsiya hajmi | 1 kv. metr uchun boshlangʻich narx |
|---|---|
| 50 mln dollargacha | 200 dollar |
| 50–100 mln dollar | 150 dollar |
| 100–250 mln dollar | 100 dollar |
| 250–500 mln dollar | 50 dollar |
| 500 mln dollardan ortiq | 1 dollar |
Shunday qilib, eng yirik investitsiya loyihalari uchun yer auksionining boshlangʻich narxi 50 mln dollargacha boʻlgan loyihalarnikidan 200 baravar past boʻladi.
Biroq bu yer uchastkalari investorlar tomonidan avtomatik ravishda 1 dollardan olinadi, degani emas. Koʻrsatilgan summalar auksionning boshlangʻich narxi boʻlib, yakuniy qiymat savdo natijasiga bogʻliq.
Investorlar uchun toʻlovlarni boʻlib toʻlash imkoniyati ham yaratiladi. Jumladan, 50 mln dollargacha boʻlgan loyihalar uchun boshlangʻich toʻlov 30 foiz, 250–500 mln dollarlik loyihalar uchun esa 10 foiz etib belgilanadi. Qolgan summani loyiha hajmiga qarab 4–7 yil davomida foizsiz toʻlash mumkin.
Yerlar ochiq auksion yoki “Swiss challenge” — tashabbuskorning taklifini boshqa investorlar bilan raqobat asosida baholash mexanizmi orqali ajratiladi.
Qurilish yakunlangach, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirish mumkin boʻlmagan yer uchastkalariga 49 yilgacha ijara huquqi rasmiylashtirilishi mumkin.
Foyda soligʻi 15 foizdan 1 foizga tushiriladi
Farmonda yirik investorlar uchun alohida soliq rejimi ham nazarda tutilgan.
Maxsus hududlarda loyihalarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar qurilgan obʼektlarni ijaraga berish va sotishdan olgan foydasi uchun odatdagi 15 foiz oʻrniga 1 foiz stavkada foyda soligʻi toʻlaydi.
Imtiyozning amal qilish muddati toʻgʻridan-toʻgʻri kiritilgan investitsiya hajmiga bogʻliq:
- Kamida 50 mln dollar — 5 yil;
- Kamida 100 mln dollar — 10 yil;
- Kamida 500 mln dollar — 15 yil.
Bundan tashqari, kamida 50 mln dollarlik loyihalar doirasida qurilgan va foydalanishga topshirilgan obʼektlar boʻyicha yuridik shaxslar 20 yil davomida mol-mulk hamda yer soliqlaridan ozod etiladi.
2040 yil 1 yanvargacha investorlarning shaharsozlik loyihalaridan olgan dividendlari Oʻzbekiston hududida qayta investitsiya qilingan taqdirda, ushbu daromadlar ham soliqdan ozod qilinadi.
Qurilish uchun olib kiriladigan texnika, asbob-uskunalar, qurilish materiallari va boshqa ayrim tovarlarga bojxona imtiyozlari beriladi. Ularning umumiy qiymati loyiha hajmiga qarab investitsiya summasining 30–70 foizidan oshmasligi kerak.
Shuningdek, bosh pudratchilar va bosh loyiha tashkilotlari tomonidan Oʻzbekistonda faoliyat yuritmaydigan xorijiy shaxslardan xarid qilinadigan xizmatlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi.
Xorijiy mutaxassislarga ham soliq imtiyozlari beriladi
Maxsus hududlardagi loyihalarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar uchun ham alohida shartlar belgilanmoqda.
Yillik ish haqi fondi 50 ming dollardan ortiq boʻlgan xorijiy loyihachilar, arxitektorlar, muhandislar va boshqa mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq daromadlarga uch yilgacha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qoʻllanadi.
Ulardan Oʻzbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma talab qilinmaydi. Shuningdek, viza va yashash joyi boʻyicha ayrim davlat bojlari hamda yigʻimlar bekor qilinadi.
200 metrdan baland binolar va mehmonxonalar ham imtiyoz oladi
Farmonga muvofiq, maxsus huquqiy rejim doirasida qoʻllab-quvvatlanadigan loyihalar qatoriga 200 metr va undan baland osmonoʻpar binolar, mehmonxona majmualari, savdo va biznes markazlari, koʻngilochar parklar, kurort zonalari, tibbiyot hamda taʼlim muassasalari kiritilgan.
Shuningdek, sport majmualari, teatrlar, kinoteatrlar, muzeylar va infratuzilma obʼektlari ham imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Mehmonxona loyihalari uchun alohida istisno belgilangan. Jahondagi eng yirik 50 ta mehmonxona brendi yoki beshta yetakchi mehmonxona tarmogʻi reytingiga kirgan majmualar qurilishiga investitsiya hajmi 50 mln dollardan kam boʻlgan taqdirda ham, 50 mln dollarlik loyihalar uchun belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi.
Maxsus hududlarda qurilish-montaj ishlarini kunu tun, yaʼni 24/7 rejimida amalga oshirishga ham ruxsat beriladi. Bunda shovqin, transport vositalari harakati va qurilish texnikasidan foydalanish bilan bogʻliq maxsus talablar oʻrnatiladi.
Yangi Toshkent uchun alohida hokimlik tuziladi
Farmon bilan Yangi Toshkent shahri hokimligini tashkil etish ham belgilandi. Yangi shahar hokimi prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Hokimlik boshqaruv apparati 14 nafar xodimdan iborat boʻladi. Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining 16 ta hududiy boʻlinmasi uchun jami 30 ta shtat birligi ajratiladi.
Yangi Toshkentning maʼmuriy-hududiy maqomi belgilanganiga qadar hokimlik maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi.
Vazirlar Mahkamasiga uch oy ichida yangi shaharning maʼmuriy-hududiy maqomini belgilash boʻyicha taklif kiritish topshirilgan.
Yangi Toshkentning birinchi bosqichiga 50 mlrd dollar investitsiya jalb qilish koʻzda tutilgan
Prezidentning 12 oktabrdagi yigʻilishida maʼlum qilinishicha, Yangi Toshkent qurilishiga shu vaqtgacha 2 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Biroq xususiy sektorni jalb qilish surʼatlari yetarli emasligi qayd etilgan edi.
Yangi shahar uchun jami 20 ming gektarga yaqin yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Oktabr oyidagi maʼlumotlarga koʻra, ming gektardan ortiq maydonda, asosan, davlat mablagʻlari hisobidan qurilish olib borilayotgan boʻlsa, tadbirkorlarga atigi 94 gektar yer ajratilgan.
Yangi farmon xususiy investitsiyalar oqimini tezlashtirish uchun yer ajratish xarajatlarini kamaytirish, uzoq muddatli soliq imtiyozlari berish va qurilishdagi maʼmuriy tartiblarni soddalashtirishga qaratilgan.
Hujjat 2035 yil 1 yanvarga qadar qurilishiga ruxsat berilgan obʼektlarga nisbatan amal qiladi. Biroq belgilangan shartlarga javob beradigan loyihalar uchun ayrim soliq imtiyozlari bundan keyingi davrlarda ham davom etishi mumkin.









