Yangi rekord: jahon bozorida oltin narxi 2800 dollarga yetdi
Oʻzbekiston Markaziy banki tomonidan chiqariladigan oltin quymalari narxi ham rekordni yangiladi.
31 yanvar kuni oltin narxlari rekord darajaga koʻtarilib, 2024 yil martidan buyon eng yaxshi oylik koʻrsatkichni qayd etdi. Jahon bozorida oltin narxi bugun eng yuqori miqdorda bir unsiya uchun 2 800 dollargacha sotilmoqda.
Qimmatbaho metall narxi ketma-ket beshinchi haftadirki oshishda davom etmoqda. Tahlilchilarning fikriga koʻra, bu oʻsishga AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan chet el davlatlariga qoʻllaniladigan yangi boj tariflari va davlat oʻrtasidagi savdo urushlari xavfi sabab boʻlgan. Chunki global noaniqlik va iqtisodiy beqarorlik sharoitida investorlar oltinni xavfsiz aktiv sifatida koʻrishadi va unga boʻlgan talab ortadi. FED raisi Jerom Paul ham chorshanba kuni AQSh markaziy banki yangi maʼmuriyat siyosatining potensial taʼsiriga nisbatan “kutish va kuzatish” rejimida ekanini aytib oʻtdi.
31 yanvar kuni Markaziy bank tomonidan chiqariladigan oltin quymalarining narxi ham rekord darajaga yetdi.
Hozirda banklarda oltin quymalari quyidagi narxlarda sotilmoqda:
- 5 gr — 5 985 000 soʻm
- 10 gr — 11 970 000 soʻm
- 20 gr — 23 940 000 soʻm
- 50 gr — 59 849 000 soʻm
- 100 gr — 119 698 000 soʻm
Oʻzbekistonda oltin quymalarini sotib olish boʻyicha batafsil maʼlumotni bu yerdan olish mumkin.
Avvalroq 2025 yil oxiriga kelib oltin narxi 3 000 dollarga yaqin boʻlishi mumkinligi prognoz qilingan edi.