“Yangi Bank” omonatchilariga kompensatsiya toʻlovlari boshlandi
“Yangi Bank” omonatchilariga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari Biznesni rivojlantirish banki (BRB) orqali amalga oshirilmoqda. Jami 31,5 mingdan ortiq omonatchiga 208 mlrd soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlab berilishi rejalashtirilgan.
Bugun soat 17:30 holatiga koʻra, agent-bank orqali “Yangi bank” AJ omonatchilariga 116 mlrd soʻmdan ortiq kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berilgan.

“Yangi bank” omonatchilariga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari boshlandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, kompensatsiya toʻlovlari Biznesni rivojlantirish banki (BRB) orqali amalga oshiriladi. Bank tomonidan toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish uchun barcha zarur tayyorgarlik ishlari yakunlangan.
Bugun soat 17:30 holatiga koʻra, agent-bank – BRB orqali “Yangi bank” AJ omonatchilariga 116 mlrd soʻmdan ortiq kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berilgan.
Jismoniy shaxslar kompensatsiyani BRB mobil ilovasi orqali onlayn tarzda yoki bank xizmatlari markazlariga murojaat qilib, naqd pul shaklida olishlari mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar esa BRB’da hisobvaraqlar ochish yoki boshqa bankdagi hisobvaraqlarga mablagʻlarni oʻtkazish yoʻli bilan toʻlovlarni qabul qilishlari mumkin.
“Yangi bank”ni tugatish komissiyasi tomonidan shakllantirilgan omonatchilar reyestriga koʻra, jami 31 507 nafar omonatchiga 208 mlrd soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlab beriladi. Bu bank omonatchilarining 98,7 foizini qamrab oladi.
Shundan 31 327 nafari — jismoniy shaxslar boʻlib, ularga toʻgʻri keladigan omonatlar hajmi 205 mlrd soʻmni tashkil etadi. Yuridik shaxslarga 2,9 mlrd soʻm (126 nafar), yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa 261 mln soʻm (54 nafar) kompensatsiya toʻlanadi.
“Agentlik tomonidan har bir omonatchiga kompensatsiya mablagʻlarini toʻliq va oʻz vaqtida toʻlab berish uchun yetarli moliyaviy resurslar agent-bankka oʻtkazib berilgan”, – deyiladi tashkilot xabarida.
Omonatlarni kafolatlash agentligi kompensatsiya toʻlovlarini olish jarayonida hech qanday qoʻshimcha toʻlov talab etilmasligini eslatib, fuqarolarni firibgarlardan ehtiyot boʻlishga chaqirdi. Shaxsiy va bank maʼlumotlarini begona shaxslarga bermaslik qatʼiy tavsiya etiladi.
Agar toʻlovlar asossiz ravishda kechiktirilsa, Omonatlarni kafolatlash agentligiga murojaat qilish mumkin. BRB mobil ilovasida texnik muammolar yuzaga kelgan taqdirda esa Biznesni rivojlantirish bankining 78–150–76–76 raqamiga qoʻngʻiroq qilish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Markaziy bank 15-yanvar kuni “Yangi bank”ning bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini chaqirib olgan edi. Shundan keyin Oʻzbekistondagi mavjud banklar soni 35 tadan 34 ga tushdi.









