Yandex va Uzum oʻrtasidagi marketing jangi: hammasi qayerdan boshlangan edi?
Uzum Market Yandex Go’ning Yandex Market haqidagi reklamasini insofsiz raqobat deb hisoblab, Raqobat qoʻmitasiga murojaat qildi.
Xoʻsh, aynan nima Uzum Market‘ni Yandex Go ustidan shikoyat qilishga undadi?
Pinkod murojaat ortidagi vaziyatga batafsil toʻxtalib oʻtadi.

2025 yil 12 iyun kuni Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi “YandexGo UB” MChJga nisbatan ish qoʻzgatilganini eʼlon qildi. Bunga “Uzum Market” MChJ XK tomonidan yoʻllangan rasmiy murojaat sabab boʻlgan.
Uzum Market oʻz murojaatida “YandexGo UB” MChJ tomonidan televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan Yandex Market reklama roligida insosfsiz raqobat unsurlari mavjudligini taʼkidlagan. Jumladan, bu reklama Uzum Market’ning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazayotganini bildirishgan va qonuniy choralar koʻrishni soʻrashgan.
Xoʻsh, aynan nima Uzum Market’ni Yandex Go ustidan qoʻmitaga murojaat qilishga undadi? Quyida ushbu masalaga batafsil toʻxtalib oʻtamiz.
Yandex Market’ning Oʻzbekistonga kirib kelishi
2025 yil mart oyida tarmoqlarda Yandex Market’ning Oʻzbekistonda aprel oyidan boshlab ish boshlashi kutilayotgani haqida xabarlar tarqala boshladi.
SellerLab kompaniyasining Telegram-kanalida aytilishicha, Yandex Market Oʻzbekistonda radio, televideniye, tashqi reklama va raqamli platformalarni qamrab oluvchi keng koʻlamli reklama kampaniyasini rejalashtirgan. Shuningdek, Yandex Go va Yandex Eats ilovalarida mahsulotlar reklama qilinishi ham taʼkidlangan edi.
Aprel oyining boshida Yandex Market rasman ish boshladi va kutilganidek, katta miqyosli reklama kampaniyasi yoʻlga qoʻyildi. Biroq, bu reklamalarning uslubi boshqa reklamalardan farq qiluvchi va muhokamaga sabab boʻladigan holatlarga ega edi.
Yandex Market reklamasi
Yandex Market reklamasida xorijiy marketing uslublariga xos boʻlgan “bevosita emas, bilvosita taʼsir qilish” usuli qoʻllanilgan.
Reklama bir yigit atrofidagilardan bir market haqida eshitib, ammo doimiy shovqin tufayli uning nomini anglay olmayotgan holatlar bilan boshlanadi. Har safar boshqa odamlar bu marketni maqtaydi, lekin fon shovqini (ovoz, qoʻngʻiroq va h.k.) sababli market nomi noaniq boʻlib qoladi.
Reklamadagi asosiy qahramon esa bu Market’ni “Uzum Market” deb oʻylaydi va kameraga qarab qoʻlida uzum mevasini koʻrsatib: “Ha, bu Marketmi?” deydi. Biroq oxirida maʼlum boʻladiki, bu aslida Yandex Market edi.
Mazkur reklama bir oy davomida televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda efirga uzatilgan.
Uzum Marketning javobi
Dastlab, Uzum Market Yandex Market’ning bu yurishiga rasmiy javob bermay, oʻzining marketing yurishi orqali javob qaytardi. Ular Instagram va YouTube platformalarida hazil va qoʻpolliksiz, samimiy hamda milliy urf-odatlarga sodiq video joylashtirishdi. Videoni bu yerda koʻrish mumkin.

Reklamada milliy ruh, oddiylik va yumor uygʻunligida raqobatbardosh javob berilgan boʻlib, bu ham ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Yandex’ning davomiy yurishlari
Yandex bu raqobatni bir oylik reklama bilan toʻxtatmadi. Kompaniya oʻz yurishlarini Qurbon Hayiti arafasida ham davom ettirdi.

Marketpleys Instagram sahifasida eʼlon qilingan videoda Yandex Market bayram munosabati bilan Uzum Market, Ozon va Wildberries kabi raqobatchilarning buyurtma berish punktlariga sovgʻa savatlari olib kelgani tasvirlangan. Bu holat ham marketing raqobatini yanada kuchaytirdi.
Oʻzbekistondagi boshqa raqobatli reklamalar
Oʻzbekistonda raqobatli marketing kampaniyalari avval ham kuzatilgan. Bunga yaqqol misol sifatida TBC Bank va ANORBANK oʻrtasidagi ijtimoiy tarmoqlardagi marketing raqobatini keltirish mumkin.
Xususan, 2023 yil iyul oyining boshida Anorbank tomonidan “Koʻrpacha” nomli yuqori foizli omonat mahsuloti taqdim etilgan. Oradan koʻp oʻtmay, 2023 yil 18 iyul kuni TBC Bank oʻzining rasmiy Telegram sahifasida “Koʻrpachadan ishonchliroq” sarlavhasi ostida post joylashtirdi. Ushbu postda TBC Bankda 3 trillion soʻmdan ortiq omonatlar saqlanayotgani taʼkidlandi. Bu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Anorbankka nisbatan bilvosita ishora sifatida talqin qilindi va bu borada izohlar ham qoldirilgan edi.
Shundan soʻng, 2023 yil 19 iyul kuni Anorbank tomonidan javob tariqasida “Osh yoki xinkali — nimani koʻproq yoqtiramiz?” sarlavhasi bilan post eʼlon qilindi. Unda, bankda saqlanayotgan omonatlarning hajmi 4 trillion soʻmdan oshganiga urgʻu berilgan. Shu bilan birga, “xinkali” atamasi orqali TBC Bankʼning gruzin brendi ekani ilmoqli ravishda eslatib oʻtilgan.