12 085.560 so‘m

increase

33.510

13 870.600 so‘m

decrease

-114.600

164.520 so‘m

decrease

-0.780

12 085.560 so‘m

increase

33.510

Hozirgina
Iqtisodiyot
53

XVJ Oʻzbekiston iqtisodiyotida “qizib ketish” xavfini qayd etdi

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston iqtisodiyotining yuqori surʼatlarda oʻsayotganini qayd etib, kuchli ichki talab iqtisodiy faollikni mamlakatning mavjud ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori darajaga olib chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi. XVJ hukumatga byudjet xarajatlarini oshirmaslikni, Markaziy bankka esa qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirishni tavsiya qildi.

XVJ Oʻzbekiston iqtisodiyotida “qizib ketish” xavfini qayd etdi

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Ijroiya kengashi Oʻzbekiston bilan 2026-yilgi IV modda maslahatlashuvlarini yakunladi.

XVJ bahosiga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti yuqori surʼatlarda oʻsishda davom etmoqda. Real yalpi ichki mahsulot 2025 yilda 7,7 foizga oshgan boʻlsa, 2026 yilning birinchi choragida iqtisodiy oʻsish yillik hisobda 8,7 foizgacha tezlashdi.

Jamgʻarma 2026 yil uchun avvalgi 6,8 foizlik iqtisodiy oʻsish prognozini oʻzgarishsiz qoldirdi. 2027 yilda esa oʻsish surʼati 6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

Oʻsishning asosiy omillari sifatida aholining kuchli isteʼmoli, investitsiyalar va tarkibiy islohotlarning davom etishi koʻrsatilgan.

XVJ hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonning nominal YaIMi 2026 yilda 2 154 trln soʻmga yetadi. Aholi jon boshiga YaIM esa 2025 yildagi 3 846 dollardan 4 528 dollargacha oshishi prognoz qilinmoqda. 2027 yilda bu koʻrsatkich 4 957 dollarga yaqinlashishi mumkin.

Biroq aholi soni ham tez oʻsishda davom etadi. Jamgʻarma hisobiga koʻra, mamlakat aholisi 2025 yildagi 38,2 mln kishidan 2026 yilda 38,9 mln, 2027 yilda esa 39,7 mln kishiga yetadi.

Shu bilan birga, jamgʻarma kuchli ichki talab fonida iqtisodiy faollik mamlakatning potensial imkoniyatlaridan yuqori darajada shakllanayotgan boʻlishi mumkinligini qayd etdi. Bu iqtisodiyotda “qizib ketish” xavfi yuzaga kelayotganini anglatadi.

Bunday vaziyatda isteʼmol, kreditlash va davlat xarajatlari ishlab chiqarish imkoniyatlaridan tezroq oʻssa, talab taklifdan oshib ketishi mumkin. Natijada inflyatsiya bosimi kuchayib, import hajmi va ayrim aktivlar narxi tezroq oʻsadi.

XVJ shu sababli 2026 yilda fiskal siyosat orqali talabni qoʻshimcha ragʻbatlantirmaslikni tavsiya qilmoqda. Xususan, byudjet daromadlari rejalashtirilganidan yuqori tushgan taqdirda ham, qoʻshimcha mablagʻlarni yil davomida yangi xarajatlarga yoʻnaltirishdan tiyilish zarurligi qayd etilgan.

Jamgʻarma fikricha, byudjet xarajatlarini nazorat qilish inflyatsiyaning pasayishiga koʻmaklashadi va makroiqtisodiy barqarorlik uchun zarur zaxiralarni tiklash imkonini beradi.

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 2026 yil aprelida 7 foizgacha pasaygan. XVJ yil yakunida inflyatsiya 6,8 foizni tashkil etishini, 2027 yil oxirida esa Markaziy bankning 5 foizlik maqsadiga tushishini kutmoqda.

Biroq buning uchun pul-kredit siyosati yetarlicha qatʼiy boʻlib qolishi kerak. XVJ kuchli ichki talab va tashqi inflyatsion xatarlar sharoitida Markaziy bankning cheklovchi siyosatini davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda.

Agar inflyatsiyaning pasayishi toʻxtasa yoki narxlar bosimi yana kuchaysa, Markaziy bank pul-kredit siyosatini qoʻshimcha ravishda qatʼiylashtirishga tayyor turishi kerak. Bu asosiy stavkani yana oshirish imkoniyati ham saqlanib qolayotganini anglatadi.

Shuningdek, XVJ soʻm kursining bozor sharoitlariga mos ravishda oʻzgarishiga imkon berishni davom ettirishga chaqirdi. Valyuta kursining moslashuvchanligi tashqi iqtisodiy zarbalarni yumshatish, xalqaro zaxiralarni himoya qilish va inflyatsion targetlash mexanizmining samarali ishlashiga yordam berishi taʼkidlangan.

Jamgʻarma Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralarini yetarli darajada deb baholamoqda. Prognozga koʻra, 2026 yil oxirida mamlakat zaxiralari 12 oydan ortiq importni qoplash imkonini beradi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+