Xususiylashtirish oldidan Turonbank kuzatuv kengashining uchdan ikki qismini yangiladi
Turonbank kuzatuv kengashidagi toʻqqiz aʼzodan oltitasi almashtirildi.
Yangi tarkibga PASHA Bank Georgia mustaqil aʼzosi Jorj Glonti, Solidcore Resources direktori Richard Sharko va Incofin guruh rahbari Maral Amrina kiritildi.
Bankning 2026 yilgi biznes-rejasida xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida mustaqil direktorlar sonini besh nafarga yetkazish belgilangan edi.
Yangi tayinlangan aʼzolar va Turonbankni xususiylashtirish istiqbollari haqida batafsil:

Turonbank kuzatuv kengashi tarkibi yangilandi. Aksiyadorlarning 25 sentabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida toʻqqiz nafar aʼzo uch yil muddatga saylandi. Qaror haqidagi maʼlumot 30 sentabr kuni Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qilindi.
Avvalgi tarkibdan Gzregorz Henrik Zavada, Iroda Abdullayeva va Fattoh Malikov kengashda qoldi. Jasur Karshibayev, Samandar Sadullayev, Umid Abidxadjayev, Olimjon Xudoyberdiyev, Nizomiddin Muradov va Odil Olimjonovning vakolatlari esa muddatidan oldin tugatildi. Shu tariqa, kengash tarkibining 66,7 foizi almashtirildi.
Yangi saylangan aʼzolar qatorida PASHA Bank Georgia kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi Jorj Glonti, CASPINET B.V. kuzatuv kengashi aʼzosi Sergey Nazarenko, ICC Czech Republic kuzatuv kengashi raisi Yan Charni, Solidcore Resources direktori Richard Nolan Sharko hamda Incofin Investment Management guruh rahbari Maral Amrina bor. Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori Rasul Xamidov ham kengashga kiritildi.

Glonti PASHA Bank Georgia’da katta mustaqil aʼzo sifatida faoliyat yuritadi. Sharko esa Solidcore Resources’da mustaqil, ijrochi boʻlmagan direktor boʻlib, audit, moliyaviy hisob va risk boshqaruvida 42 yildan ortiq tajribaga ega. Uning faoliyatida PwC hamkorligidagi 25 yil ham bor.

Maral Amrina Incofin’da Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi moliya institutlariga qarz investitsiyalari boʻyicha guruhni boshqaradi. U Esxata Bank hisobotida ham mustaqil direktor sifatida qayd etilgan. Zavada esa Turonbankning avvalgi tarkibida mustaqil aʼzo boʻlgan. Biroq yangi qarorda Turonbankdagi mustaqil aʼzolik maqomi har bir shaxs uchun alohida koʻrsatilmagan.
Bankning ijroiya boshqaruvida ham oʻzgarish yuz berdi. Avvalroq eʼlon qilingan kengash qaroriga koʻra, boshqaruv raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Zohidjon Sidiqovich Obidov oʻz arizasiga binoan lavozimidan ozod qilindi. Uning boshqaruv aʼzosi sifatidagi vakolatlari 29 sentabrdan tugatilgan. Ushbu qaror ham 25 sentabrda qabul qilingan.
Bank xususiylashtirilishi reja qilinmoqda
Kuzatuv kengashining yangilanishi bankning xususiylashtirishga tayyorgarlik rejasiga mos keladi. Turonbankning 2026 yilgi biznes-rejasida mustaqil direktorlar sonini besh nafarga yetkazish va kengash raisini ular orasidan saylash belgilangan. Shu hujjatda davlat dasturlari boʻyicha maʼmuriy kreditlashni bosqichma-bosqich kamaytirish ham nazarda tutilgan.
Bank Xalqaro moliya korporatsiyasi — IFCdan 50 mln dollargacha kredit liniyasi jalb qilishni ham rejalashtirgan. Shundan 25 mln dollarni keyinchalik kapitalga aylantirish imkoniyati bilan olish koʻzda tutilgan. Biznes-rejada KPMG bilan aktivlar sifatini baholash yakunlangani va IFC tomonidan kompleks tekshiruv oʻtkazilgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, prezidentning 2026 yil 28 avgustdagi PF-177-son farmonida Turonbank davlat ulushini xususiylashtirish xalqaro maslahatchilar xulosalari va bankning sotuvga tayyorlik darajasiga qarab amalga oshirilishi belgilangan. Jarayon uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi masʼul.
Fitch va S&P xususiylashtirish istiqbolini qanday baholagan?
Shunga qaramay, xalqaro reyting agentliklari bankning tez orada sotilishi istiqboliga ehtiyotkor qaragan. Fitch Ratings’ning 2026 yil iyunidagi bahosiga koʻra, Turonbank va Aloqabank xususiylashtirilishidan oldin yirikroq davlat banklari sotilishi kerak. Agentlik bunday sotuvlarni 2027 yildan oldin kutmagan, ushbu ikki bank biznes modelini oʻzgartirish esa kamida bir necha yil olishini bildirgan.
S&P Global Ratings esa 2025 yil 21 iyuldagi bahosida Turonbankni xususiylashtirish muddati noaniqligini taʼkidlagan. Agentlik boshqa davlat banklarini sotishdagi kechikishlarni qayd etib, bankning jozibadorligini oshirish uchun kredit portfelini tijorat yoʻnalishlariga burish va mustaqil direktorlar rolini kuchaytirish rejalariga eʼtibor qaratgan. Ushbu baho yangi kengash saylanishidan oldin berilgan.
Pinkod ham Turonbankning yaqin bir yil ichida xususiylashtirilishini kutmayapti.
Bu bahoga yirikroq davlat banklari — SQB va Asakabankni xususiylashtirish jarayonlari hali yakunlanmagani hamda ularning sotuv muddatlari bir necha bor surilgani asos boʻlmoqda.
Masalan, 2025 yil oxirigacha sotilishi rejalashtirilgan banklarning xususiylashtirilishi keyingi yillarga qoldirilgan edi. Oʻshanda SQB boʻyicha yakuniy bosqich 2025–2026 yillarga, Asakabank, Aloqabank va Turonbank boʻyicha esa 2026–2027 yillarga belgilangan. Keyinchalik yangilangan strategiyada 2026 yilda davlat banklarini sotish rejalashtirilmayotgani maʼlum boʻldi.
Ayni paytda SQBning 30 foizlik ulushi Oʻzbekiston Milliy investitsiya fondi — UzNIF portfeliga oʻtkazilgan. Pinkod avvalroq Fitch bahosiga tayanib, xususiylashtirish strategiyasida asosiy eʼtibor SQBga qaratilayotgani haqida yozgan edi. Agentlikning oʻsha paytdagi bazaviy ssenariysida bank nazorat paketining sotilishi fond IPOsidan keyin amalga oshishi mumkinligi qayd etilgan.
UzNIFning Londondagi IPOsi 2026 yil mayida oʻtkazildi. Biroq fond aksiyalarining birjaga chiqarilishi SQBning alohida IPOsi yoki bank nazorat paketining sotilishi bilan bir xil jarayon emas. Franklin Templeton bankni transformatsiya qilish orqali uni kelgusida IPOga yoki strategik investorga sotishga tayyorlashda ishtirok etishi mumkin.
Asakabank boʻyicha esa Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 15 foizlik ulushni sotib olishi koʻzda tutilgan. YeTTBning aksiyadorlar tarkibiga kirishi kelishilgan shartlarning bajarilishiga bogʻliq boʻlib, bu bankni keyingi xususiylashtirishga tayyorlash bosqichi hisoblanadi.









