11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

1 soat avval
Bozor
47

Shimoliy Koreyalik xakerlar Binance’dan 6,3 mlrd dollarlik kriptoaktivlarni oʻgʻirladi

Binance kriptobirjasi tarixdagi eng yirik kriptovalyuta oʻgʻirligiga uchradi. Aktivlarning asosiy qismi taxminan 20 daqiqada olib chiqilgan, qariyb 3 mlrd dollarlik mablagʻ esa muzlatilgan. Kompaniya zararni oʻz hisobidan qoplashini bildirdi.

Shimoliy Koreyalik xakerlar Binance’dan 6,3 mlrd dollarlik kriptoaktivlarni oʻgʻirladi

Dunyodagi eng yirik kriptobirja Binance 29 oktabr kuni kiberhujum oqibatida taxminan 6,3 mlrd dollarlik kriptoaktivlarini yoʻqotdi. Kompaniyaning maʼlum qilishicha, hujum kundalik oʻtkazmalar uchun ishlatiladigan, internetga ulangan “issiq hamyonlar”ga qaratilgan. 

Blokcheyn tahlili bilan shugʻullanuvchi TRM Labs hisob-kitobiga koʻra, xakerlar oʻnta blokcheyndagi hamyonlardan jami 6,36 mlrd dollarlik aktivni olib chiqqan. Bu 2025 yil fevralida Bybit birjasidan oʻgʻirlangan 1,5 mlrd dollardan qariyb 4,2 baravar koʻp. Mablagʻlarning asosiy qismi taxminan 20 daqiqada xakerlar nazoratidagi manzillarga oʻtkazilgan. 

Dastlab Binance hujum muhandislardan birining buzib kirilgan noutbuki orqali boshlangan boʻlishi mumkinligini bildirdi. Biroq keyingi tekshiruvlarda tizimga kirishning boshqa nuqtalari ham aniqlangan. Kompaniya hozircha hamyonlarning maxfiy kalitlari sizib chiqqanini tasdiqlovchi dalil topilmaganini maʼlum qildi. 

TRM Labs esa hujum tranzaksiyalarni tasdiqlash infratuzilmasi buzilganidan dalolat berishini qayd etmoqda. Tashkilot hujumni Shimoliy Koreyaga aloqador TraderTraitor guruhi bilan yuqori ishonch darajasida bogʻlagan. Bu tahlilchilarning xulosasi boʻlib, Binance tekshiruv davom etayotganini bildirmoqda. 

Oʻgʻirlangan aktivlarning bir qismini harakatdan toʻxtatishga erishilgan. Binance’ning 30 oktabrdagi bayonotiga koʻra, hamkorlar bilan birgalikda qariyb 3 mlrd dollarlik mablagʻ muzlatilgan. Biroq muzlatish aktivlar birjaga qaytarilganini anglatmaydi — ularni qaytarish boʻyicha ishlar davom etmoqda. 

Xakerlar esa muzlatilishi mumkin boʻlgan tokenlarni bitkoin va efir kabi aktivlarga almashtirishga uringan. TRM Labs kuzatuviga koʻra, ular nazoratida emitentlar bevosita muzlata olmaydigan taxminan 2,4 mlrd dollarlik bitkoin va efir qolgan.

Binance zarar foydalanuvchilar zimmasiga yuklanmasligini taʼkidladi. Birja yoʻqotilgan aktivlar oʻrnini toʻldirish uchun 6,34 mlrd dollardan ortiq korporativ mablagʻ ajratganini, shundan 5 mlrd dollari aynan oʻgʻirlangan turdagi tokenlarda shakllantirilganini bildirdi. Qolgan aktivlarni xarid qilish ishlari davom etmoqda. 

Xavfsizlik tekshiruvlari sabab mablagʻ yechib olish vaqtincha toʻxtatilgan, hisoblarni toʻldirish esa ishlashda davom etmoqda. Kompaniya 30 oktabrdagi yangilanishida yechib olish xizmatini tekshiruvlar yakuniga qarab bosqichma-bosqich tiklashni rejalashtirgan. Foydalanuvchi balanslari aktivlar bilan qanday taʼminlanganini koʻrsatuvchi yangilangan zaxiralar hisobotini esa 2 noyabrgacha tayyorlashini maʼlum qilgan. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+