12 175.340 so‘m

increase

4.670

14 063.740 so‘m

increase

15.140

154.290 so‘m

increase

1.990

12 175.340 so‘m

increase

4.670

7 soat avval
Iqtisodiyot
39

Vashingtonda Amerika–Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ish boshladi. Uning vazifalari nimalardan iborat?

AQSh poytaxtida Amerika–Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ishga tushirilishi marosimi boʻlib oʻtdi. Kengash investitsiyalarni jalb qilish, savdo aloqalarini kengaytirish va strategik loyihalarni ilgari surishga qaratilgan.

Vashingtonda Amerika–Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ish boshladi. Uning vazifalari nimalardan iborat?
Foto: AI/Pinkod.uz

Dushanba kuni Vashington shahrida Amerika–Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda kengash hamraislari — Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram kanalida ushbu tuzilma Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi biznes aloqalarni mustahkamlash uchun samarali platformaga aylanishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, kengash tashkil etilishiga ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi yuqori darajadagi ishonch va siyosiy iroda zamin yaratgan.

Serjio Gor ham X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida kengash faoliyatining boshlanishi “tijorat diplomatiyasi natijasida soʻnggi oylar ichida erishilgan muhim yutuqlarning choʻqqisi” ekanini qayd etdi. Unga koʻra, Donald Tramp tomonidan oʻtgan yil noyabrida oʻtkazilgan C5+1 muloqot formati sammitidan keyin Oʻzbekiston Amerika kompaniyalari bilan yuzlab million dollarlik shartnomalar imzolagan.

Kengashning asosiy vazifalari

Prezident farmoniga muvofiq, kengash bir qator strategik yoʻnalishlarda faoliyat yuritadi:

  • Strategik loyihalar — yirik investitsiya va savdo loyihalarini ishlab chiqish, ularni muvofiqlashtirish hamda amalga oshirilishini monitoring qilish.
  • Moliyalashtirish va fondlar — Oʻzbekistonga investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini tashkil etish hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki kabi moliyaviy institutlarni strategik loyihalarga jalb qilish.
  • Savdo va IT hamkorligi — tarif stavkalarini pasaytirish boʻyicha muzokaralar olib borish hamda IT Park Uzbekistan rezidentlari mahsulot va xizmatlarini AQSh bozorida ilgari surish.
  • Aktivlarni diversifikatsiya qilish — Oʻzbekistonning investitsiya portfeli va Markaziy bank valyuta zaxiralarini AQShdagi yuqori likvidli aktivlarga yoʻnaltirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

Diplomatik va institutsional qoʻllab-quvvatlash

Kengash tashabbuslarini amalga oshirish uchun AQShda bir qator institutsional oʻzgarishlar ham koʻzda tutilgan. Jumladan, 2026 yil 1 yanvardan Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasida Prezident Administratsiyasining AQShdagi vakili — maslahatchi-elchi lavozimi joriy etildi. Ushbu lavozimga Komil Allamjonov tayinlangan.

Shuningdek, investitsiya markazlari va oʻzbek diasporasi koʻp yashaydigan hududlarni qamrab olish maqsadida Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlarida qoʻshimcha konsulliklar ochilishi rejalashtirilgan.

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar

2026 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston rezidentlari uchun AQShda investitsiya faoliyatini amalga oshirishdagi ayrim bank cheklovlari bekor qilingan. Bu oʻzbek tadbirkorlariga xorijiy kompaniyalar ustav fondiga mablagʻ kiritish, filiallarni moliyalashtirish va boshqa operatsiyalarni erkinroq amalga oshirish imkonini beradi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+