12 126.100 so‘m

decrease

-32.490

14 171.770 so‘m

decrease

-67.150

159.110 so‘m

increase

1.230

12 126.100 so‘m

decrease

-32.490

10 soat avval
Bank
37

Uzcard yoki HUMO: 2025 yilda qaysi toʻlov tizimi koʻproq foyda oldi?

Oʻzbekistonning ikki yirik toʻlov tizimi Uzcard va HUMO 2025 yil yakunlari boʻyicha moliyaviy natijalarini eʼlon qildi. Hisobotlarga koʻra, har ikki kompaniya daromad va foyda koʻrsatkichlarini sezilarli darajada oshirgan. Sof foyda hajmi boʻyicha Uzcard katta ustunlikka ega boʻlgan boʻlsa, yillik oʻsish surʼati HUMO’da yuqoriroq qayd etildi.

Uzcard yoki HUMO: 2025 yilda qaysi toʻlov tizimi koʻproq foyda oldi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekistonning ikki yirik toʻlov tizimi — Uzcard va Humo 2025 yil yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotlarini eʼlon qildi. Hisobotlar shuni koʻrsatadiki, har ikkala kompaniya ham oʻtgan yilda daromad va foyda koʻrsatkichlarini sezilarli darajada oshirgan.

HUMO — 312,4 mlrd soʻm sof foyda

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO) 2025 yilda 312 mlrd 454 mln soʻm sof foyda qayd etdi. Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 85,7 foizga koʻp.

Hisobotga koʻra, HUMO toʻlov tizimining yillik daromadi 628,98 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bu 2024 yilga nisbatan 101,9 foizga koʻproq, yaʼni daromad deyarli ikki baravar oshgan.

Shu bilan birga, kompaniya xarajatlari ham oshgan — ular 214,96 mlrd soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 120 foizga koʻpaygan.

2025 yilda AQSh dollarining soʻmga nisbatan oʻrtacha kursi 12 576 soʻm boʻlganini hisobga olganda, kompaniyaning sof foydasi taxminan 28,4 mln dollarni tashkil etgan.

Mazkur davrda HUMO aktivlari 434,8 mlrd soʻmdan 714,4 mlrd soʻmga oshgan. Ustav kapitali esa oʻzgarishsiz qolib, 155,4 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Uzcard — 1,3 trln soʻm sof foyda

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ (Uzcard) esa 2025 yilda 2,17 trln soʻm tushum va 1,3 trln soʻm sof foyda qayd etdi.

Taqqoslash uchun, 2024 yilda kompaniyaning tushumi 1,29 trln soʻmni tashkil etgan.

Uzcard daromadining asosiy qismi quyidagi manbalardan shakllangan:

  • tranzaksiyalarni protsessing qilishdan olingan komissiyalar — 1,94 trln soʻm
  • tranzaksion boʻlmagan protsessing xizmatlari — 230,6 mlrd soʻm
  • boshqa tushumlar — 2,6 mlrd soʻm

2025 yil yakunlariga koʻra, kompaniyaning operatsion foydasi 1,51 trln soʻmni tashkil etgan (2024 yilda — 903,9 mlrd soʻm). Yil yakunida sof foyda 1,3 trln soʻmga yetgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda Uzcard 955,7 mlrd soʻm sof foyda koʻrgan.

Soliq toʻlovlari

Moliyaviy koʻrsatkichlar sezilarli oshganiga qaramay, har ikkala tizim ham amaldagi soliq imtiyozlari sababli nisbatan kam miqdorda soliq toʻlagan.

HUMO kompaniyasi sof foydasi qariyb 86 foizga oshganiga qaramay, 2025 yilda 15,2 mlrd soʻm daromad soligʻi toʻlagan. Bu 2024 yilga nisbatan 15,8 mlrd soʻmga kam. Bunga sabab kompaniya 2025 yil 30 apreldan IT Park rezidenti maqomini olgani va soliq imtiyozlaridan foydalanganidir.

Uzcard esa 2025 yilda byudjetga atigi 6 mlrd soʻm foyda soligʻi toʻlagan. Kompaniya ham IT Park rezidenti sifatida Oʻzbekiston hududidagi faoliyati boʻyicha foyda soligʻidan ozod etilgan.

Imtiyozlar bekor qilinadi

Shu bilan birga, 2026 yil 1 apreldan toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimi operatorlari IT Park rezidentlari roʻyxatidan chiqarildi. Qonunchilikdagi ushbu oʻzgarishlar natijasida Uzcard va HUMO ham IT Park rezidenti maqomini yoʻqotadi va foyda soligʻi boʻyicha berilgan imtiyozlardan foydalana olmaydi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+