12 050.340 so‘m

increase

61.420

13 685.570 so‘m

increase

21.800

153.290 so‘m

decrease

-0.200

12 050.340 so‘m

increase

61.420

2 soat avval
Bank
40

UZCARD yarim yilda 1,15 trln soʻm sof foyda oldi

UZCARD’ning sof foydasi 2026 yilning birinchi yarmida 84,2 foizga oshib, 1,15 trln soʻmga yetdi. Banklarning operativ natijalari bilan taqqoslaganda, faqat “Ipoteka-bank” va “Oʻzmilliybank” UZCARD’dan koʻproq foyda olgan.

UZCARD yarim yilda 1,15 trln soʻm sof foyda oldi

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ — UZCARD toʻlov tizimi operatori 2026 yilning yanvar–iyun oylariga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.

Auditlanmagan MHXS hisobotiga koʻra, kompaniya birinchi yarim yillikda 1 trln 145,2 mlrd soʻm sof foyda olgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida bu koʻrsatkich 621,6 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Shu tariqa, UZCARD’ning sof foydasi bir yil ichida 523,6 mlrd soʻm yoki 84,2 foizga oshgan.

Banklarning 2026 yil birinchi yarmidagi operativ natijalari bilan taqqoslaganda, UZCARD sof foyda hajmi boʻyicha aksariyat tijorat banklarini ortda qoldirgan. Faqat “Ipoteka-bank” — 1,39 trln soʻm va “Oʻzmilliybank” — 1,21 trln soʻm bilan yuqoriroq natija qayd etgan. UZCARD’ning foydasi SQBning 1,11 trln soʻmlik natijasidan ham koʻproq.

Hisobot davrida kompaniyaning tushumi 39,1 foizga oshib, 953,3 mlrd soʻmdan 1 trln 325,6 mlrd soʻmga yetgan.

Daromadning 1,2 trln soʻmlik qismi tranzaksiyalarni protsessing qilishdan olingan komissiyalarga toʻgʻri keladi. Bu yoʻnalishdagi tushum bir yilda 40,8 foizga oshgan va jami daromadning 90,4 foizini shakllantirgan.

Tranzaksion boʻlmagan protsessing xizmatlaridan olingan daromad esa 25,1 foizga koʻpayib, 126,4 mlrd soʻmni tashkil etgan.

UZCARD’ning operatsion foydasi ham 41,3 foizga oshib, 899,2 mlrd soʻmga yetdi. Biroq sof foydaning operatsion natijaga nisbatan tezroq oʻsishiga kredit yoʻqotishlari uchun yaratilgan rezervlarning tiklanishi taʼsir qilgan.

Kompaniya ilgari berilgan va hisobot davrida yopilgan qarzlar boʻyicha 269,2 mlrd soʻmlik rezervni tiklagan. Natijada kutilayotgan kredit yoʻqotishlari boʻyicha 256,4 mlrd soʻm sof daromad qayd etilgan. Oʻtgan yilning mos davrida bu yoʻnalishda 21,6 mlrd soʻmlik xarajat mavjud edi.

Ayni paytda UZCARD’ning moliyaviy daromadlari 2,6 baravarga oshib, 68,5 mlrd soʻmga yetgan.

Kompaniyaning xodimlar uchun xarajatlari 18,9 foizga koʻpayib, 123,2 mlrd soʻmni tashkil etdi. Mahsulotlarni ilgari surish va mijozlarni jalb qilish uchun 103,1 mlrd soʻm sarflangan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 30,3 foizga koʻp.

UZCARD 2026 yil 1 apreldan IT Park rezidenti maqomini yoʻqotgan. Natijada kompaniya foyda soligʻining standart 15 foizlik stavkasini toʻlay boshladi. Yarim yillikdagi foyda soligʻi xarajatlari bir yil avvalgi 3,1 mlrd soʻmdan 71,3 mlrd soʻmgacha oshgan.

30 iyun holatiga kompaniyaning jami aktivlari yil boshidan 12 foizga koʻpayib, 1,22 trln soʻmga yetgan. Xususiy kapital 24,5 foizga oshib, 1,01 trln soʻmni, majburiyatlar esa 24,2 foizga qisqarib, 210,9 mlrd soʻmni tashkil etgan.


Avvalroq Pinkod Payme yarim yilda 206 mlrd soʻm sof foyda olgani haqida yozgan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+