UzAuto Motors’ning 9 oylik sof foydasi qariyb ikki baravar kamaydi
UzAuto Motors 9 oyda 1,87 trln soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 46,9 foiz yoki 1,65 trln soʻmga kam. Tushum qisqargan bir paytda sotish xarajatlari oshib, foyda marjasi pasaygan.

UzAuto Motors 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida 1,87 trln soʻm sof foyda oldi. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotida maʼlum qilingan.
Sof foyda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 46,9 foizga kamaygan. 2025 yilning toʻqqiz oyida kompaniya 3,52 trln soʻm foyda olgan edi.
Hisobot davrida tushum 34,71 trln soʻmdan 30,12 trln soʻmga tushgan. Bu 13,2 foiz yoki 4,59 trln soʻmga kam.
Sotish tannarxi esa tushumga nisbatan sekinroq — 11,2 foizga kamayib, 27,17 trln soʻmni tashkil etgan. Natijada yalpi foyda 28,2 foizga qisqarib, 2,94 trln soʻmga tushgan.
Tushum kamayganiga qaramay, sotish xarajatlari 14,3 foizga oshib, 1,17 trln soʻmga yetgan. Maʼmuriy xarajatlar esa 609,1 mlrd soʻmdan 582,4 mlrd soʻmga kamaygan.
| Koʻrsatkich | 2025 yil yanvar–sentabr | 2026 yil yanvar–sentabr | Oʻzgarish |
|---|---|---|---|
| Tushum | 34,71 trln soʻm | 30,12 trln soʻm | −13,2% |
| Sotish tannarxi | 30,61 trln soʻm | 27,17 trln soʻm | −11,2% |
| Yalpi foyda | 4,10 trln soʻm | 2,94 trln soʻm | −28,2% |
| Operatsion foyda | 2,96 trln soʻm | 1,30 trln soʻm | −56,2% |
| Sof foyda | 3,52 trln soʻm | 1,87 trln soʻm | −46,9% |
Operatsion faoliyatning boshqa daromadlari ham 333 mlrd soʻmdan 61 mlrd soʻmga tushgan. Shu tariqa, kompaniyaning operatsion foydasi 2,96 trln soʻmdan 1,30 trln soʻmga yoki 56,2 foizga kamaygan.
Valyuta kursi farqidan olingan foyda 726,3 mlrd soʻmdan 173,9 mlrd soʻmga qisqargan. Qarzlar va moliyaviy ijara boʻyicha foiz xarajatlari esa 9,1 foizga oshib, 525,1 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Kompaniyaning sof foyda marjasi 10,1 foizdan 6,2 foizga tushgan.
Balansga koʻra, UzAuto Motors’ning zaxiralari yil boshidagi 11,70 trln soʻmdan sentabr oxirida 17,57 trln soʻmga yetgan. Oʻsish 5,87 trln soʻm yoki 50,2 foizni tashkil etgan. Zaxiralar kompaniya jami aktivlarining qariyb yarmini egallagan.
Ayni davrda pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlari 1,33 trln soʻmdan 257,2 mlrd soʻmga kamaygan. Savdo va boshqa qisqa muddatli kreditorlik qarzlari esa 3,07 trln soʻmdan 5,99 trln soʻmga oshgan.
30-sentabr holatiga kompaniyaning jami aktivlari 35,31 trln soʻmni, majburiyatlari 17,99 trln soʻmni, xususiy kapitali esa 17,32 trln soʻmni tashkil etgan.









