UzAuto Cobalt va Damas’ni bank kreditisiz boʻlib toʻlashga sotishni boshladi
UzAuto Motors Cobalt va Damas’ni bank ishtirokisiz muddatli toʻlov asosida sotishni boshladi. Cobalt uchun 50 foiz boshlangʻich toʻlovdan soʻng oyiga 3 mln 252 ming soʻmdan, Damas uchun esa 30 foiz boshlangʻich toʻlovdan keyin oyiga 2 mln 173,6 ming soʻmdan toʻlash mumkin.

UzAuto Motors Chevrolet Cobalt va Damas avtomobillarini xarid qilish uchun yangi muddatli toʻlov shartlarini eʼlon qildi. Dasturda tijorat banki ishtirok etmaydi — xaridor avtomobil uchun toʻlovlarni bevosita muddatli tartibda amalga oshiradi.
Cobalt uchun avtomobil qiymatining 50 foizi oldindan toʻlanadi, qolgan qismi esa 24 oyga boʻlinadi. Boshlangʻich komplektatsiya boʻyicha oylik toʻlov 3 mln 252 ming soʻmdan boshlanadi.
Chevrolet’ning amaldagi narxlarida Cobalt MCM 156,1 mln soʻmdan boshlanadi. Shundan kelib chiqib, boshlangʻich toʻlov qariyb 78,05 mln soʻm, qolgan qismi esa ikki yil davomida oyma-oy toʻlanadi.
Damas’da boshlangʻich toʻlov nisbatan past — 30 foiz. Qolgan 70 foiz 30 oy davomida toʻlanadi va bazaviy komplektatsiya uchun oylik toʻlov 2 mln 173,6 ming soʻmdan boshlanadi.
Damas’ning boshlangʻich narxi hozir 93,156 mln soʻm. Demak, mazkur narx boʻyicha xaridor dastlab qariyb 27,95 mln soʻm toʻlaydi, qolgan 65,2 mln soʻm esa 30 oyga boʻlinadi. Hisob-kitob boʻyicha jami toʻlov avtomobilning bazaviy narxiga teng keladi.
Damas uchun shartlar yumshatildi
Aslida UzAuto Motors Damas’ni bank ishtirokisiz muddatli toʻlov asosida sotishni sentabrda ham taklif qilgan edi. Oʻshanda xaridordan 50 foiz boshlangʻich toʻlov talab qilinib, qolgan summa 24 oyga boʻlingan. Damas Van uchun oylik toʻlov 1 mln 940,8 ming soʻmdan boshlangandi.
Yangi dasturda boshlangʻich toʻlov 50 foizdan 30 foizga tushirildi, muddat esa 24 oydan 30 oyga uzaytirildi. Natijada xaridni boshlash uchun kerak boʻladigan mablagʻ kamaygan, biroq moliyalashtiriladigan qism kattalashgani sababli oylik toʻlov avvalgi taklifdagidan yuqoriroq.
Cobalt esa bundan oldin asosan UzAuto Motors’ning hamkor banklari orqali muddatli toʻlov va avtokredit dasturlarida taklif qilinayotgan edi. Masalan, Asakabank dasturida 50–70 foiz boshlangʻich toʻlov, 12–60 oylik muddat va 0–15 foiz oraligʻidagi stavkalar mavjud edi.
Endilikda Cobalt ham tijorat banki ishtirokisiz toʻgʻridan-toʻgʻri boʻlib toʻlash dasturiga qoʻshildi.
UzAuto Motors hisob-kitoblar boshlangʻich komplektatsiyalar uchun keltirilganini qayd etgan. Tanlangan komplektatsiyaga qarab oylik toʻlov miqdori oʻzgaradi. Shuningdek, muddatli toʻlov dasturidagi avtomobillar soni cheklangan.









