Tramp smartfonlar va boshqa elektron qurilmalarni yuqori boj tariflardan ozod qildi
Maʼlum boʻlishicha ushbu istisnolar Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga ham taalluqli.

Donald Tramp AQShga import qilinadigan smartfon, kompyuter va boshqa elektron qurilmalarni oʻzi joriy qilgan bojlardan ozod qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, ushbu istisnolar Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga ham taalluqli. Tramp maʼmuriyati avvalroq mazkur mamlakatga nisbatan 145 foizlik bojlar joriy qilgan edi.
Donald Trampning Truth Social ijtimoiy tarmogʻidagi postida taʼkidlanishicha, mazkur toifadagi mahsulotlar toʻliq bojlardan ozod qilinmagan va kompaniyalar hali ham 20 foiz miqdorida boj toʻlashda davom etadi.
Mazkur pasaytirishlar 390 milliard dollarlik importga, shu jumladan Xitoydan olib kiriladigan 101 milliard dollardan ortiq mahsulotlarga taalluqlidir.
Umuman olganda, bu istisnolar 2024 yilda Xitoydan AQShga import qilingan mahsulotlarning taxminan 22 foizini tashkil etgan isteʼmol elektronikasi va yarimoʻtkazgichlarni oʻz ichiga oladi.
Xitoy tomoni bu yangilikni avvalgi xatolarni tuzatish yoʻlidagi kichik qadam sifatida baholagan.
Mazkur xabar eʼlon qilinganidan soʻng, taʼminot zanjiri Xitoyga bogʻliq boʻlgan, ayniqsa Apple kabi texnologiya gigantlarining aksiyalari tezlikda oʻsmoqda.