Tramp oilasi oʻz kriptovalyutasi orqali boyligini $5 mlrdga oshirdi
WLFI tokenlari savdosi Tramp oilasining boyligini rekord darajada oshirib, ularning anʼanaviy daromad manbai boʻlgan koʻchmas mulkni ham ortda qoldirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp oilasi yangi WLFI kriptovalyutasi savdosi boshlanganidan keyin oʻz boyligini qariyb 5 milliard dollarga oshirdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
WLFI — World Liberty Financial kompaniyasiga tegishli boʻlib, unda Trampning oʻgʻillari taʼsischi, prezidentning oʻzi esa “faxriy taʼsischi” sifatida qayd etilgan. Tramp oilasi barcha tokenlarning deyarli chorak qismiga egalik qiladi.
Savdoning boshlanishi ularning aktivlarining bozor qiymatini aniqlash imkonini berdi va bu qiymat Tramplarning koʻp yillik koʻchmas mulk portfeli qiymatidan oshib ketdi.
World Liberty Financial bir yil avval Trampning saylovoldi kampaniyasi davrida tashkil etilgan boʻlib, u loyihaning “Amerikani yana buyuk qilishga, bu safar kriptovalyuta yordamida” koʻmaklashishini taʼkidlagan edi.
World Liberty Financial oʻsishi AQSh hukumatining raqamli valyutalarni qoʻllab-quvvatlash siyosati va kripto bozorini yengillashtirishga qaratilgan qarorlari bilan izohlanmoqda.
Bugungi kunda Tramp oilasining aktivlari tarkibi xilma-xil. Ular orasida krossovkalar, atirlar, smartfonlar ishlab chiqarish boʻyicha litsenziya bitimlari ham mavjud. Ammo soʻnggi yillarda kriptovalyutalar ulushi sezilarli darajada ortib, koʻchmas mulk sohasidagi anʼanaviy biznesdan koʻproq foyda keltira boshladi.
Avvalroq Donald Trampning memkoini $TRUMP’ni sotib olgan 813 000 dan ortiq kripto hamyon egalari jami $2 mlrd yoʻqotgani haqida xabar berilgan edi.