Toshkentdagi 35 ta bozor va savdo obʼekti sotuvga qoʻyiladi
Toshkentdagi 13 ta bozor va savdo majmuasi, ularning 21 ta filiali hamda bitta avtoturargoh ommaviy savdolarga chiqariladi. Roʻyxatdagi obʼektlar jami 91,9 gektar yer maydoni va 519,4 ming kvadrat metr bino-inshootlarni egallaydi.

Prezidentning 27 iyuldagi PQ–279-son qarori bilan ommaviy savdolarga chiqariladigan bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallari roʻyxati tasdiqlandi.
Sotuvga chiqariladigan asosiy obʼektlar orasida:
- 6 ta dehqon bozori — Navroʻz, Sergeli, Aviasozlar, Qoraqamish, Farhod va Qoʻyliq;
- 4 ta savdo kompleksi — Chilonzor buyum savdo kompleksi, Bek toʻpi, Parkent universal va Oʻrikzor;
- 2 ta ixtisoslashgan bozor — Sergeli mashina bozori va Yangiobod bozori;
- “Beshqoʻrgʻon savdo” majmuasi bor.
Bundan tashqari, Navroʻz dehqon bozorining yettita, Sergeli dehqon bozorining oltita, Qoraqamish dehqon bozorining beshta, Yunusobod dehqon bozorining ikkita va Yangiobod bozorining bitta filiali sotuvga chiqariladi.
Roʻyxatga Chilonzor buyum savdo kompleksiga qarashli, Bek toʻpi savdo kompleksi yonida joylashgan 0,48 gektarlik avtoturargoh ham kiritilgan. Bek toʻpi savdo kompleksining oʻzi esa alohida obʼekt sifatida sotuvga qoʻyiladi.
Yer maydoni boʻyicha eng yirik obʼekt Sergeli mashina bozori hisoblanadi. U 23,7 gektar hududni egallaydi, bino va inshootlarining umumiy maydoni esa 60,7 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Keyingi oʻrinlarda Yangiobod ixtisoslashgan bozori — 15,1 gektar va Chilonzor buyum savdo kompleksi — 12,2 gektar bilan turibdi. Bino va inshootlar maydoni boʻyicha Chilonzor buyum savdo kompleksi yetakchi — 137,9 ming kvadrat metr.
Obʼektlar tegishli kompaniyalarning boshqaruv organlari qarorlari asosida ommaviy savdolarga chiqariladi. Bunda bozorlarning davlat ulushi yoki ularga tegishli bino va inshootlar sotilishi mumkin.
Savdoga tayyorgarlik doirasida “Toshkent invest kompaniyasi” obʼektlarning bosh rejasini ishlab chiqadi. Kompaniyaga sotuvdan tushgan mablagʻning 1 foizi hamda savdoni tashkil etish xarajatlari oʻtkaziladi.
Xaridorlar bozorlar oʻrnida zamonaviy ekobozor, savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari, koʻngilochar markazlar hamda koʻp qavatli avtoturargohlar tashkil etishi kerak boʻladi.









