Toshkentda elektron yoʻlkira 47 foizga, oylik abonementlar 56 foizga oshadi
1 oktabrdan poytaxt avtobuslari va metrosida bir martalik elektron toʻlov 1700 soʻmdan 2500 soʻmga koʻtariladi. Naqd toʻlov 3000 soʻmligicha qoladi. Yangi tariflar xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 25-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlandi.

Toshkentda jamoat transporti uchun yoʻlkira narxlari 1 oktabrdan oshiriladi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 25 sentabrdagi qaroriga koʻra, avtobus va metroda elektron toʻlov 1700 soʻmdan 2500 soʻmga koʻtariladi.
Elektron toʻlovdagi oʻsish bir qatnov uchun 800 soʻmni yoki 47 foizni tashkil etadi. Kuniga ikki marta transportdan foydalanadigan yoʻlovchi 22 ish kuni davomida hozirgi 74 800 soʻm oʻrniga 110 ming soʻm sarflaydi. Natijada uning bir oylik transport xarajati 35 200 soʻmga oshadi.

Naqd pul orqali toʻlanganda bir martalik yoʻlkira 3000 soʻmligicha qoladi. Bagaj tashish haqi esa 4000 soʻm etib belgilandi.
Doimiy yoʻlovchilar uchun abonementlar ham qimmatlashadi. Bir oylik avtobus tarifi 160 ming soʻmdan 250 ming soʻmga, avtobus va metro uchun umumiy tarif esa 221 ming soʻmdan 345 ming soʻmga koʻtariladi. Har ikki paket narxi qariyb 56 foizga oshmoqda.
Shu bilan birga, yangi qarorda turli muddatdagi tariflar belgilangan. Bir kunlik avtobus paketi 11,5 ming soʻm, avtobus va metro paketi 13,5 ming soʻm turadi. Bir yillik tariflar esa mos ravishda 1,95 mln va 2,7 mln soʻm etib tasdiqlandi.

Qaror bilan qatnovlar soniga asoslangan paketlar ham joriy etiladi:
- 10 martalik qatnov — 19 ming soʻm;
- 20 martalik qatnov — 38,5 ming soʻm;
- 30 martalik qatnov — 57,5 ming soʻm.
Bu paketlarda bitta qatnov oʻrtacha 1900–1925 soʻmga tushadi. Yaʼni ular har safar 2500 soʻmdan alohida toʻlashga qaraganda qariyb 23–24 foiz arzonroq.
Bir soat ichida transportni almashtirish tariflari ham oʻzgaradi. Birinchi avtobus uchun 2500 soʻm, ikkinchi avtobus uchun 1500 soʻm olinadi. Uchinchi va undan keyingi avtobuslarga oʻtish bepul boʻladi.
Hozir bir soat ichida ikkita avtobusdan foydalanish jami 2400 soʻmga tushadi. Yangi tarifda bu xarajat 4000 soʻmga yetadi yoki 67 foizga oshadi. Avtobusdan metroga yoki metrodan avtobusga oʻtish ham jami 4000 soʻm turadi.
Oʻquvchilar, talabalar, nafaqaxoʻrlar va nogironligi boʻlgan shaxslar tarif paketlarini xarid qilganda 50 foizlik chegirmadan foydalanadi.









