Toshkentda bank xodimlari mijoz omonatidan 300 ming dollarni oʻzlashtirgani aytilmoqda
Toshkent shahrida tijorat banklaridan birining masʼul shaxslari mijozning 500 ming dollarlik omonatidan 300 ming dollarni qalbaki hujjatlar orqali oʻzlashtirgani aniqlandi. Holat yuzasidan oʻzlashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirish moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sergeli tumani boʻlimi tijorat banklaridan biridagi yirik miqdordagi omonat mablagʻlarini talon-toroj qilish holatini aniqladi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga koʻra, fuqaro I.M. bankka 500 ming AQSh dollari miqdorida omonat joylashtirgan. Bankning masʼul shaxslari esa uning nomidan qalbaki ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib, 300 ming dollarni oʻzlashtirgan.
Bu omonatga qoʻyilgan jami mablagʻning 60 foizini tashkil etadi.
Hozircha qaysi tijorat banki haqida gap ketayotgani, shuningdek, jinoyat ishi doirasida qancha shaxs gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilingani maʼlum qilinmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi boʻyicha oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi boʻyicha hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.









