Toshkentda Angliya va Uels huquqiga asoslangan xalqaro moliya markazi tashkil etiladi
Toshkent xalqaro moliya markazini Angliya va Uelsning umumiy huquqi (common law) elementlari asosida ishlaydigan maxsus huquqiy rejim bilan tashkil etish taklif qilindi.
Hisob-kitoblarga koʻra, markaz 2030 yilgacha iqtisodiyotga qoʻshimcha $20–25 mlrd investitsiya jalb qilishi, YaIM oʻsishiga har yili 1% gacha hissa qoʻshishi va 15 mingtagacha yuqori malakali ish oʻrni yaratishi mumkin.

25 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev bank va moliya tizimini rivojlantirishga oid rejalashtirilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Taʼkidlanishicha, global geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha davlatlar oʻrtasidagi raqobat ham tobora ortmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va amalga oshirilayotgan islohotlari investorlar uchun muhim ustunlik boʻlib xizmat qilayotgani qayd etildi.
“Koʻplab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni oʻrganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini oʻzimizga tezroq jalb qilishimiz shart”, — dedi prezident.
Joriy yilda 50 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsadiga erishish uchun investorlarning Oʻzbekiston bozoriga kirishini yengillashtirish muhimligi taʼkidlandi. Buning uchun zamonaviy infratuzilma yaratish, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim joriy etish, qoʻshimcha qulayliklar taqdim etish hamda eng muhimi — ishonchli va shaffof biznes muhitini shakllantirish zarur.
Yigʻilishda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, mazkur markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish hamda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashning samarali vositalaridan biri boʻlishi mumkin.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2030 yilgacha moliya markazi orqali iqtisodiyotga qoʻshimcha 20–25 milliard dollar investitsiya jalb etilishi, yalpi ichki mahsulot oʻsishiga har yili qoʻshimcha 1 foizgacha hissa qoʻshilishi mumkin. Shuningdek, 15 mingtagacha yuqori malakali ish oʻrinlari yaratilishi va 10 ming nafarga yaqin mutaxassis malakasini oshirish rejalashtirilmoqda.
Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilishi koʻzda tutilgan. Unga koʻra, Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz toʻgʻrisidagi qonunlarga zid boʻlmagan darajada qoʻllanadi.
Markazning boshqaruv organlari oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega boʻladi, nizolarni koʻrib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valyuta operatsiyalari, zamonaviy toʻlov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan.
Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sugʻurta, raqamli aktivlar, qimmatli qogʻozlar, toʻlov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bogʻliq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlari boʻladi.









