11 970.680 so‘m

increase

36.040

13 902.750 so‘m

increase

6.060

163.180 so‘m

decrease

-0.960

11 970.680 so‘m

increase

36.040

31 daqiqa avval
Iqtisodiyot
24

Toshkentda 1 sentabrdan avtobus yoʻlkirasi faqat chiqish vaqtida toʻlanadi

Shuningdek, poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yoʻl qatnovlarida integratsiyalashgan toʻlov tizimi joriy etilib, “elektropoyezd–avtobus” hamda “elektropoyezd–metro” yoʻnalishlari uchun yangi tarif rejalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Toshkentda 1 sentabrdan avtobus yoʻlkirasi faqat chiqish vaqtida toʻlanadi
Foto: AI/Pinkod.uz

Hukumatning “Shahar yoʻlovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 2027 yil 31 dekabrga qadar Oʻzbekistonga haydovchi bilan birga 60 nafar yoki undan ortiq yoʻlovchini tashishga moʻljallangan yangi transport vositalarini olib kirishda utilizatsiya yigʻimi nol stavkada qoʻllaniladi.

Gap “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga javob beradigan M3 toifadagi, III sinfga mansub boʻlmagan avtobus, elektrobus va trolleybuslar haqida bormoqda.

Shuningdek, brutto-shartnoma asosida tashkil etilgan muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida tushumlar toʻliqligini taʼminlash maqsadida 2026 yil 1 sentabrdan yangi tartib joriy etiladi.

Unga koʻra, validatorlar bilan jihozlangan avtobuslarda yoʻlovchilar yoʻlkira haqini avtobusga chiqish vaqtida toʻlashi yoki imtiyozli yurish huquqini tasdiqlashi kerak boʻladi.

Toʻlov quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi:

  • transport kartasini validatorga tekkizish orqali validatsiya qilish;
  • bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz elektron toʻlov vositalaridan foydalanish;
  • NFC, QR, biometrik identifikatsiya, BLE, UWB va boshqa texnologiyalar orqali toʻlash;
  • ijtimoiy yoki transport kartasini validatorga tekkizib, imtiyozli yoxud bepul yurish huquqini tasdiqlash.

Agar yoʻlovchi avtobusga chiqish vaqtida yoʻlkira haqini belgilangan usullardan biri orqali toʻlamasa yoki bepul/imtiyozli yurish huquqini tasdiqlamasa, u chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.

Qaror bilan hukumatning ayrim qarorlariga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Jumladan, shaharlarning transport hamda yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejalariga muvofiq, shahar chetidan koʻpi bilan 12 kilometrgacha chiqadigan yoʻnalishlar ham shahar avtobus yoʻnalishlari sifatida eʼtirof etiladi.

Bundan tashqari, Transport vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2026 yil 1 sentabrga qadar Toshkent jamoat transporti va shahar atrofi temir yoʻl qatnovlarida yoʻlkira haqini toʻlashning integratsiyalashgan tizimini joriy etishi belgilandi. Mazkur tizim doirasida “elektropoyezd–avtobus” va “elektropoyezd–metro” yoʻnalishlari uchun jozibador tarif rejalarini ishlab chiqish ham koʻzda tutilgan.


2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkentdagi avtobuslarda yoʻl haqi uchun toʻlovlarni naqd pulda qabul qilish toʻxtatilgan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+