11 839.590 so‘m

increase

6.220

13 569.350 so‘m

decrease

-8.260

140.420 so‘m

increase

0.630

11 839.590 so‘m

increase

6.220

2 soat avval
Bozor
54

Toshkent fond birjasi indeksi bir haftada qariyb 24%ga tushdi

“Toshkent” Respublika fond birjasining UCI indeksi 14–18 sentabr haftasida 23,8%ga pasayib, 1 769,73 bandda yopildi. Indeks ketma-ket toʻrt savdo kunida tushganidan keyin 18 sentabr kuni 9,5%ga tiklandi, biroq haftalik yoʻqotishni qoplay olmadi.

Toshkent fond birjasi indeksi bir haftada qariyb 24%ga tushdi

“Toshkent” Respublika fond birjasi maʼlumotlariga koʻra, UCI indeksi bir hafta ichida 554,03 bandga yoki 23,8%ga pasaydi. Hafta boshidan oldingi koʻrsatkich qariyb 2 324 band boʻlgan boʻlsa, 18 sentabr savdolari yakunida indeks 1 769,73 bandni tashkil etdi.

Pasayish haftaning dastlabki toʻrt savdo kunida davom etdi. 14 sentabrda indeks 2,5%ga, 15 sentabrda 10,2%ga, 16 sentabrda 11,5%ga va 17 sentabrda yana 10,1%ga tushdi. 18 sentabr kuni esa UCI 9,5%ga oʻsib, 1 616,86 banddan 1 769,73 bandgacha tiklandi.

Shu bilan birga, birjadagi haftalik savdo hajmi ham keskin kamaygan. Barcha savdo maydonchalaridagi aylanma 120,98 mlrd soʻmni tashkil etib, avvalgi haftaga nisbatan 92,9%ga qisqargan. Bitimlar soni esa aksincha 1,97%ga oshib, 49 172 taga yetgan.

Biroq savdo hajmidagi bunday katta pasayish bozor faolligining bir haftada 13 barobar kamayganini toʻliq anglatmaydi. Avvalgi haftadagi yuqori baza asosan 10 sentabr kuni Davr Bank aksiyalari bilan amalga oshirilgan 1,65 trln soʻmlik bitim hisobiga shakllangan edi. Shu kuni birjaning barcha maydonchalaridagi savdo hajmi ham qariyb 1,65 trln soʻmni tashkil etgan.

14–18 sentabr haftasida aksiyalar bozoridagi savdolar hajmi 15,16 mlrd soʻm boʻldi. Eng katta aylanma UPOS aksiyalarida qayd etilib, 3,94 mlrd soʻmni tashkil etdi. Keyingi oʻrinlarda UZMK — 2,07 mlrd soʻm va UZTL — 1,93 mlrd soʻm bilan turibdi.

Obligatsiyalar bozorida esa haftalik savdo hajmi 105,82 mlrd soʻmga yetdi. Buning 102,42 mlrd soʻmi yoki qariyb 97%i Uzum’ning UZUMS3B2 obligatsiyalariga toʻgʻri kelgan.

Taqqoslash uchun, oldingi haftada UCI keskin oʻsishlarni ham qayd etgan edi. 7 sentabrda indeks 11,6%, 8 sentabrda 13%, 9 sentabrda esa yana 13,4%ga koʻtarilgan. 10 sentabrda esa 13,8%lik pasayish kuzatilgan. Bu soʻnggi ikki haftada indeksdagi oʻzgaruvchanlik keskin oshganini koʻrsatadi.

Birja haftalik sharhida UCI indeksining 23,8%lik pasayishiga aniq sabab keltirmagan. Shu sabab bu koʻrsatkichni Oʻzbekiston fond bozorining umumiy qiymati 24%ga kamaydi, deb talqin qilish toʻgʻri emas. UCI — indeks tarkibidagi qimmatli qogʻozlar narxlari asosida hisoblanadigan koʻrsatkich boʻlib, uning oʻzgarishi butun bozor kapitallashuvining xuddi shu nisbatda oʻzgarishini anglatmaydi.

18 sentabr holatiga “Toshkent” fond birjasida 2026 yil boshidan amalga oshirilgan savdolarning umumiy hajmi 14,18 trln soʻm yoki 1,18 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan 10,08 trln soʻmi birja kotirovkalash varagʻidagi, 4,09 trln soʻmi esa listingdan tashqari qimmatli qogʻozlar bilan savdolarga toʻgʻri keladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+