Toʻlov xizmatlaridagi pul oʻtkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
2025 yil 2 iyuldan boshlab 11,25 mln soʻm va undan ortiq pul oʻtkazmalari hamda 187,5 mln soʻmdan katta akkauntsiz tranzaksiyalar boʻyicha mijozlarni majburiy tekshirish joriy qilinmoqda.

28 mart kuni Adliya vazirligi noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishga oid ichki nazorat qoidalariga oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qarorni roʻyxatdan oʻtkazdi.
Ushbu hujjat Markaziy bank boshqaruvi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ishlab chiqilgan.
Endilikda toʻlov tashkilotlari fuqarolar mobil ilovalar orqali akkaunt ochmoqchi boʻlsa, ularni majburiy tartibda tekshirishi kerak boʻladi. Shuningdek, tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar elektron terminal (E-POS) olish uchun murojaat qilganlarida ham tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Qoidalarda belgilanishicha, BHMning 30 baravari (11,25 mln soʻm) yoki undan ortiq miqdordagi pul oʻtkazmalarini amalga oshirayotgan joʻnatuvchi va oluvchilarni tekshirish majburiy boʻladi. Agar akkaunt ochmasdan BHMning 500 baravari (187,5 mln soʻm) yoki undan koʻp miqdorda pul oʻtkazilsa, bu holatda ham tekshiruv sharti qoʻyiladi.
Elektron pul tizimlari orqali BHMning 30 baravari yoki undan koʻp summadagi ichki oʻtkazmalar amalga oshirilganda, operatsiyaga xizmat koʻrsatuvchi tomonning hisobvaraq raqami yoki operatsiya identifikatori hamda pul oluvchining hisobvaraq raqami yoki identifikatorini ilova qilish zarur boʻladi.
Joʻnatuvchi shaxs haqida quyidagi maʼlumotlar majburiy tarzda taqdim etilishi kerak:
– Jismoniy shaxslar uchun: pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami, tugʻilgan sana va joy;
– Yuridik shaxslar uchun: tashkilot nomi va soliq toʻlovchining identifikatsion raqami (STIR).
Agar oluvchining banki ushbu maʼlumotlarni boshqa manbalardan olish imkoniga ega boʻlsa, faqat joʻnatuvchining JShShIR, hisobvaraq raqami yoki operatsiya identifikatori koʻrsatilishi yetarli boʻladi.
BHMning 30 baravarigacha boʻlgan pul oʻtkazmalari esa faqat joʻnatuvchi va oluvchining asosiy maʼlumotlari bilan amalga oshirilishi mumkin.
Yangi tartib 2 iyuldan boshlab kuchga kiradi.