Timur Ishmetov AFI Direktorlar kengashi raisi oʻrinbosari etib saylandi
Ishmetov shuningdek Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha AFI Direktorlar kengashida Oʻzbekiston nomidan vakillik qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetov Moliyaviy inklyuziya alyansi (AFI) Direktorlar kengashi raisi oʻrinbosari etib saylandi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, 5 dekabr kuni boʻlib oʻtgan AFI Direktorlar kengashi yigʻilishida Timur Ishmetov mazkur lavozimga, shuningdek, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha Direktorlar kengashidagi vakil sifatida saylangan.
Oʻzbekiston Markaziy banki 2018 yildan buyon AFI’ning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi va tashkilotning bir qator boshqaruv organlarida, jumladan, Byudjet va moliya qoʻmitasi hamda Gender inklyuziv moliyalashtirish qoʻmitasi faoliyatida ishtirok etib kelmoqda. Hozirda Markaziy bank raisi AFIʼning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha Siyosiy tashabbusiga raislik qilmoqda.
“Oʻzbekiston Markaziy bankining AFI Direktorlar kengashi tarkibiga qabul qilinishi mamlakatimizda moliyaviy inklyuziyani kengaytirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda inklyuziv moliyaviy ekotizimni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga berilgan muhim eʼtirofdir”, — dedi Timur Ishmetov.
Taʼkidlanishicha, ushbu tayinlov Oʻzbekistonga dalillarga asoslangan yondashuvlar va islohotlarga yoʻnaltirilgan siyosiy qarashlarni global maydonda ilgari surish imkonini beradi. Shuningdek, AFI’ning keng tarmogʻi doirasida adolatli, barqaror va kelajakka yoʻnaltirilgan moliyaviy tizimlarni rivojlantirishga hissa qoʻshiladi.
Maʼlumot uchun, AFI Direktorlar kengashi tashkilot faoliyatining strategik yoʻnalishlarini belgilaydi, ustuvor vazifalarni aniqlaydi hamda alyansning uzoq muddatli rivojlanishi boʻyicha tavsiyalar beradi.
Timur Ishmetovning AFI Direktorlar kengashi raisi oʻrinbosari sifatidagi vakolatlari 2026 yilda boʻlib oʻtadigan Yillik umumiy yigʻilishda AFI Aʼzolar kengashi tomonidan rasman tasdiqlanadi.
AFI haqida
AFI (Moliyaviy inklyuziya alyansi) — bu dunyo boʻylab moliyaviy inklyuziyani rivojlantirishga qaratilgan yetakchi xalqaro tarmoqdir.
AFI 2008 yilda tashkil etilgan boʻlib, u rivojlanayotgan va oʻtish davridagi mamlakatlar markaziy banklari, moliyaviy regulyatorlar va siyosat yurituvchi institutlarni birlashtiradi. Alyansning asosiy maqsadi — aholining keng qatlamlari, ayniqsa kam taʼminlangan guruhlar, ayollar, yoshlar hamda kichik va oʻrta biznes subʼektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir.
AFI faoliyati dalillarga asoslangan siyosat ishlab chiqish, aʼzolar oʻrtasida tajriba almashish va muvaffaqiyatli amaliyotlarni joriy etishga qaratilgan. Tashkilot doirasida moliyaviy savodxonlik, raqamli moliya, gender inklyuziv moliyalashtirish, kichik biznesni moliyalashtirish hamda barqaror moliyaviy tizimlarni rivojlantirish masalalari ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilanadi.
Alyansning muhim tashabbuslaridan biri — Maya deklaratsiyasi boʻlib, u orqali mamlakatlar moliyaviy inklyuziya boʻyicha aniq va oʻlchab boʻladigan majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Bugungi kunda AFI’ga 80 dan ortiq mamlakatdan 90 ga yaqin institut aʼzo boʻlib, ular birgalikda global moliyaviy inklyuziya siyosatini shakllantirishda faol ishtirok etmoqda.









