Tesla savdosi Yevropada pasaymoqda, BYD esa raqobatda oʻzib ketdi
Oktabr oyida Yevropada Tesla savdosi 48,5 foizga qulab, atigi 6 964 dona avtomobil sotdi. Ayni paytda Xitoyning BYD kompaniyasi 206,8 foizlik rekord oʻsish qayd etdi va 17 470 ta mashina sotib, bozor ulushini 1,6 foizgacha oshirishga muvaffaq boʻldi.

Oktabr oyida Tesla’ning Yevropadagi savdosi deyarli ikki barobarga qisqardi. Shu bilan birga uning xitoylik raqobatchisi BYD kompaniyadan oʻzib ketdi va mintaqada kattaroq bozor ulushini qoʻlga kiritdi.
Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (ACEA) seshanba kuni eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, Tesla oktabr oyida Yevropa Ittifoqi, Yevropa erkin savdo hududi va Buyuk Britaniyada 6 964 ta yangi avtomobilni roʻyxatdan oʻtkazgan, bu oʻtgan yilga nisbatan 48,5 foizga kamdir.
Tesla’ning mintaqadagi bozor ulushi bir yil avvalgi 1,3 foizdan oktabr oyida 0,6 foizgacha tushib ketdi.
Buning aksiga, Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD oktabr oyida mintaqada 17 470 ta avtomobil sotdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 206,8 foizga koʻpdir. Kompaniya, shuningdek, kattaroq — 1,6 foizlik bozor ulushiga ega boʻldi.
Oktabr oyida umumiy avtomobil savdosi 4,9 foizga oʻsib, 1,09 million donaga yetdi, bunda gibrid elektromobillar bozorning eng yirik segmenti boʻlib qolmoqda. BYD’ning Tesla oldidagi ustunligi shundaki, u akkumulyatorli elektromobillardan tashqari, ushbu ommabop toifadagi (gibrid) avtomobillarni ham sotadi.
Gibrid elektromobillar savdosi oktabr oyida 7,5 foizga oʻsib, 373 171 donani tashkil etdi.
Tesla’ning Yevropadagi savdosi 2025 yil davomida toʻxtovsiz pasayib bordi va seshanba kungi maʼlumotlar toʻrtinchi chorakning ham sust boshlanganidan dalolat bermoqda. Raqobatning kuchayishi, shuningdek, bosh direktor Ilon Maskning siyosiy aloqalari yuzasidan davom etayotgan eʼtirozlar bu yilgi sotuvlarni pasaytirdi.
Tesla qatorining yaqinda yangilanishi, jumladan, Model Y va Model 3 ning yangi hamyonbop versiyalari ham talabni ragʻbatlantirishga kam yordam berdi. Kompaniya boshqa yirik bozorlarda, ayniqsa Xitoyda ham savdo qiyinchiliklariga duch kelmoqda.
BYD esa, aksincha, xalqaro kengayish harakatlarini tezlashtirmoqda va Yevropa Ittifoqi 2024 yilda Xitoy elektromobillariga yuqori import bojlarini joriy etganiga qaramay, Yevropaga yetkazib berishni davom ettirmoqda. Ammo BYD oʻzining tarmoqdan quvvatlanuvchi (plug-in) gibrid takliflari evaziga ushbu tariflarni qisman aylanib oʻtdi.









