Telegram’da katta hajmdagi postlar uchun AI asosidagi qisqa xulosalar paydo boʻldi
Telegram 2026 yildagi ilk yangilanish doirasida katta hajmdagi postlarni AI yordamida tezkor qisqacha bayon qilish imkoniyatini joriy etdi. Undan tashqari yangilanish IOS foydalanuvchilari uchun yangi dizaynni ham oʻz ichiga oladi.

Telegram 2026 yildagi ilk yangilanishini taqdim qildi. U AI asosidagi xulosalar, yangilangan dizayn va boshqa bir qator yangiliklarni oʻz ichiga oladi.
AI asosidagi qisqa xulosalar
Kanallardagi uzun postlar endilikda bir zumda qisqacha bayon qilinadi. Bu soʻnggi yangiliklarni tezda koʻzdan kechirish va unumdorlikni saqlab qolish uchun amalga oshirilgan. Instant View sahifalarida esa AI xulosasi yuqori qismda avtomatik koʻrsatiladi.

Yangi AI xulosalari Cocoon tarmogʻida ishlovchi ochiq manbali modellarga asoslanadi. Har bir soʻrov foydalanuvchi maʼlumotlarini himoyalash uchun shifrlanadi.
Cocoon’ni istalgan AI ilovasiga integratsiya qilish mumkin. Batafsil maʼlumot ishlab chiquvchilar hujjatlarida keltirilgan.
Yangi dizayn
IOS operatsion tizimi uchun ishlangan Telegram endilikda toʻliq Apple’ning Liquid Glass interfeysini qoʻllab quvvatlaydi. Butun ilova boʻylab shaffof elementlar va chiroyli sinish (refraction) effektlari mavjud.

Interfeys effektlarini unumdorlikni oshirish va batareya quvvatini tejash uchun Sozlamalar > Quvvatni tejash boʻlimida boshqarish mumkin.
2025 yilda Telegram
2025 yilda Telegram 13 ta yirik yangilanish doirasida 75 dan ortiq yangi funksiyani ishga tushirdi. Telegram xabar berishicha, agar Apple tekshiruvchilari qishki taʼtilni bu qadar jiddiy qabul qilmaganida, bu yangilanishlar soni 14 taga yetgan boʻlardi.
Yangilanishlar orasidagi oʻrtacha vaqt 26 kunni tashkil etdi, ayrim hollarda esa atigi 8 kunni tashkil qilgan — masalan, xavfsiz guruh qoʻngʻiroqlari va sovgʻalar bozori ishga tushirilgan hafta.









