11 994.100 so‘m

increase

6.940

13 420.200 so‘m

increase

26.950

145.790 so‘m

decrease

-0.500

11 994.100 so‘m

increase

6.940

Yaqin 26 daqiqa ichida
Texnologiya
40

Telegram’da chat ichida HTML va JavaScript asosida ishlaydigan interaktiv xabarlar paydo boʻldi

Telegram’da alohida mini-ilova ochmasdan, chatning oʻzida oʻyin oʻynash va elektron hamyondan foydalanish imkonini beruvchi interaktiv xabarlar paydo boʻldi. Kompyuterlar uchun ilovaning sinov versiyasida esa hikoya joylash imkoniyati qoʻshildi.

Telegram’da chat ichida HTML va JavaScript asosida ishlaydigan interaktiv xabarlar paydo boʻldi

Telegram’ning Android, iOS va macOS ilovalari 13.2-versiyaga yangilandi. Telegram Desktop’ning 7.4-versiyasida ham yangi imkoniyatlar paydo boʻlgan. Bu haqda Telegram Info kanali xabar berdi.

Yangilanishda HTML, CSS va JavaScript yordamida interaktiv xabarlar yaratish imkoniyati qoʻshildi. Ular bevosita yozishma ichida ishlaydi, shuning uchun foydalanuvchi alohida mini-ilova ochishi shart emas.

Masalan, xabarning oʻzida animatsiyali kichik oʻyinlarni ishga tushirish, ekranga tegish orqali ularni boshqarish va erishilgan natijani saqlash mumkin. Vidjetlar botga soʻrov yuborib, undan javob oladi. Ularning ichidagi maʼlumot esa xabarni qayta yubormasdan yoki tahrirlamasdan oʻzgarishi mumkin.

Gram Wallet ham interaktiv HTML-vidjetlar bilan integratsiya qilingan. Bu foydalanuvchilarga hamyon bilan bogʻliq amallarni chatning oʻzida bajarish imkonini beradi.

Guruh va botlardagi mavzularni koʻrsatish uchun ham yangi koʻrinish qoʻshildi. “Yon panel” rejimi yoqilganda, mavzular roʻyxati ekranning oʻng tomonida ochiladi. Telegram Info maʼlumotiga koʻra, bu koʻrinish kanallarning shaxsiy xabarlari va “Saqlangan xabarlar” boʻlimiga avtomatik qoʻllangan.

Android’da chatlar roʻyxatining ixcham koʻrinishi ham sinovdan oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari, xabar yozish maydonida matnning bir qismi belgilanganda uni formatlash tugmasi chiqadi. Ilovaning yuqori paneli dizayni ham yangilangan.

Telegram Desktop’da esa kompyuterdan hikoya joylash imkoniyati paydo boʻldi. Hozircha funksiya Canary 7.4.1 versiyasining 113-yigʻilmasida mavjud.

Hikoya joylash uchun yon menyudagi “Add Story” bandini tanlash kerak. Surat yoki video tanlangach, chatga media yuborishda ishlatiladigan grafik muharrir ochiladi.

Canary ilovaning dastlabki sinov yigʻilmasi hisoblanadi. Undagi funksiyalar hali toʻliq tekshirilmagan. Kompyuterdan hikoya joylash imkoniyati barcha foydalanuvchilar uchun qachon chiqarilishi maʼlum qilinmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+