Telegram yangilanish: AI matn muharriri, yangi soʻrovnoma funksiyalari va boshqalar
Telegram yangi yangilanishida bir nechta yirik funksiyalarni taqdim etdi. Ular orasida AI matn muharriri, kengaytirilgan soʻrovnomalar tizimi, Live va Motion Photos qoʻllab-quvvatlashi hamda foydalanuvchilarga dasturlashsiz bot yaratish imkoniyati bor.

Telegram messenjerining navbatdagi yangi versiyasi taqdim etildi. U oʻz ichiga AI muharrir, uzunroq soʻrovnoma va boshqalarni oladi.
AI matn muharriri
Telegram xabar yozish panelida endi ichki AI matn muharriri mavjud. U grammatikani darhol tuzatishi, matnni boshqa uslubda qayta yozishi yoki boshqa tilga tarjima qilishi mumkin. Bularning barchasi ochiq kodli AI modellar yordamida ishlaydi.

Matn muharriri Formal, Short, Tribal, Corp, Zen, Biblical va Viking kabi turli uslublarni taklif qiladi.
Telegramʼdagi barcha AI funksiyalar kabi, bu matn muharriri ham Cocoon Network orqali ishlaydi va foydalanuvchilarga toʻliq maxfiylikni taʼminlaydi. Soʻrovlar maxfiy muhitda qayta ishlanadi va foydalanuvchi maʼlumotlariga hech qanday kirish boʻlmaydi.
Soʻrovnomalar uchun 10+ yangi imkoniyat
Endi soʻrovnomalarda quyidagilarni qilish mumkin:
- Savollar va javoblarga media yoki joylashuv biriktirish
- Kontekst uchun tavsif qoʻshish
- Foydalanuvchilarga yangi variantlar taklif qilish imkonini berish
- Har bir variant yonida kim ovoz berganini koʻrsatish
- Natijalarni oʻzgarmas qilish uchun qayta ovoz berishni oʻchirish
- Variantlarni har bir foydalanuvchi uchun aralashtirib koʻrsatish
- Soʻrovnoma uchun vaqt limiti qoʻyish
- Vaqt tugamaguncha natijalarni yashirish
- Soʻrovnoma yaratuvchisi sifatida ovoz bermasdan natijalarni koʻrish

Agar guruh chatida ovoz berish kimga tegishli ekanligi koʻrinadigan soʻrovnoma yaratilsa, kimdir javob berganida yaratuvchiga bildirishnoma keladi va u qaysi variantni tanlagani koʻrsatiladi.
Shuningdek eski va faol soʻrovnomalar guruh va kanal profillaridagi alohida boʻlimda saqlanadi.
Live va Motion rasmlar
Telegram endi iOS’dagi Live Photos va Android’dagi Motion Photos’ni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu orqali foydalanuvchilar harakatlanuvchi suratlarni yuborishlari mumkin.

Media muharririda 3 xil uslub mavjud:
- Live — surat ochilganda bir marta oʻynaydi
- Loop — doimiy takrorlanadi
- Bounce — oldinga va orqaga harakat qilib takrorlanadi
Live Photo yuborish uchun media muharririning yuqori qismidagi “Live” tugmasini bosing va uslubni tanlang.
Boshqariladigan botlar
Endi foydalanuvchilar bir necha bosish orqali oʻz botlarini yaratishlari mumkin. Telegram Bot API’ning yangi yangilanishi tufayli botlar foydalnuvchi nomidan boshqa botlarni ham yaratib, boshqarishi mumkin.

Bu esa sunʼiy intellekt yordamida dasturlashsiz bot yaratish va ishga tushirishni osonlashtiradi.
iOS’da hujjat skaneri
Telegramʼning iOS versiyasida endi foydalanuvchilar telefon kamerasi orqali hujjatlarni skaner qilib, PDF formatida saqlashlari mumkin. Bir nechta rasmlarni birlashtirib bitta PDF fayl yaratish ham mumkin.

Skaner avtomatik ravishda:
- fonni olib tashlaydi
- rasmni kesadi
- PDF formatiga oʻtkazadi
Skaner jarayonida rasmni qoʻlda ham tahrirlash mumkin: chegarani oʻzgartirish, filtr qoʻshish yoki aylantirish.
Hujjatni skaner qilish uchun:
Attachment menyusi → File → Scan Document.
Norasmiy ilovalar haqida ogohlantirish
Telegramʼning rasmiy ilovalari toʻliq ochiq kodli boʻlib, tekshiriladigan buildlar va kuchli shifrlash protokollariga ega.

Telegram platformasi mustaqil dasturchilarga uchinchi tomon Telegram ilovalarini yaratish imkonini ham beradi. Endi esa bunday ilovalardan foydalanuvchi profillarida xavfsizlik ogohlantirishi paydo boʻladi — bu ularga yuborilgan xabarlar kamroq himoyalangan boʻlishi mumkinligini bildiradi.









