Telegram 13 yilligi munosabati bilan yangi versiyasini taqdim etdi
Telegram guruh va kanalga yangi qoʻshilgan foydalanuvchilar uchun alohida salomlashuv xabarlarini sozlash imkoniyatini ishga tushirdi. Bunday xabar faqat yangi aʼzoning oʻziga koʻrinadi va umumiy chatda chiqmaydi. Messenjerning navbatdagi yangilanishida xabar ichiga interfaol tugmalar, hujjatlar va musiqalarni joylashtirish imkoniyati ham yaratildi.

Telegram messenjer ishga tushirilganing 13 yilligi munosabati bilan yangi versiyasini taqdim etdi.
Yangi aʼzolar uchun alohida salomlashuv xabari
Guruh va kanal egalari endi yangi aʼzolar uchun maxsus salomlashuv xabarlarini tayyorlashi mumkin. Foydalanuvchi guruh yoki kanalga qoʻshilganda ushbu xabarni faqat uning oʻzi koʻradi.

Bu orqali yangi aʼzoga guruh qoidalari, kanal haqida maʼlumot, muhim havolalar yoki boshqa koʻrsatmalarni umumiy chatni ortiqcha xabarlar bilan toʻldirmasdan yetkazish mumkin.
Salomlashuv toʻplami faqat bitta matndan iborat boʻlishi shart emas. Unga bir nechta xabar, rasm, video va boshqa mediafayllarni qoʻshish mumkin. Boy matn muharriri orqali xabar ichida jadvallar, formatlangan matn va ichki mediafayllardan ham foydalanish mumkin.
Salomlashuv xabari qanday sozlanadi?
Funksiyani ishga tushirish uchun alohida bot oʻrnatish talab qilinmaydi. Guruh yoki kanal profilini ochib, “Tahrirlash” boʻlimidan “Salomlashuv xabari” bandini tanlash va yangi aʼzolarga yuboriladigan xabarlarni kiritish kifoya.

Shu tariqa, kanal yoki guruh maʼmurlari yangi foydalanuvchini avtomatik kutib olish, unga asosiy qoidalarni tushuntirish va kerakli boʻlimlarga yoʻnaltirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Xabarlar ichiga interfaol tugmalar joylashtiriladi
Telegram dasturchilarga bir nechta tugmani bevosita xabar matni ichiga joylashtirish imkoniyatini ham berdi. Ilgari bot orqali alohida jarayon sifatida ishlagan ayrim funksiyalarni endi bitta xabarning oʻzida tashkil qilish mumkin.
Interfaol tugmalar yordamida soʻrovnoma va viktorinalar oʻtkazish, oʻyinlar tashkil etish, mahsulotlarni koʻrsatish hamda buyurtma qabul qilish kabi avtomatlashtirilgan jarayonlarni yaratish mumkin.

Tugmalar vaqtinchalik xabarlar bilan birga ishlatilganda foydalanuvchining tanloviga qarab oʻzgaradigan bir necha bosqichli jarayonlarni ham tuzish imkonini beradi. Masalan, foydalanuvchi tugmani bosib mahsulotni tanlashi, keyingi xabarda uning turini belgilashi va buyurtmani rasmiylashtirishi mumkin.
Bunday interfaol xabarlar shaxsiy chatlar bilan cheklanmaydi. Ularni guruh va kanallarda ham eʼlon qilish mumkin. Bunda istalgan miqdordagi foydalanuvchi bitta xabar bilan bir vaqtning oʻzida, biroq bir-biridan alohida tarzda ishlay oladi.
Masalan, bitta guruhdagi bir nechta foydalanuvchi ayni xabar orqali alohida shaxmat partiyalarini boshlashi mumkin. Interfaol tugmalarni yangi aʼzolar uchun tayyorlangan salomlashuv xabarlariga ham joylashtirish mumkin.
Biroq salomlashuv xabaridan farqli ravishda, avtomatlashtirilgan tugmalar va jarayonlarni yaratish uchun dasturlash talab qilinadi.
Hujjat va musiqalarni matn orasiga qoʻshish mumkin
Telegram’ning boy matn muharriri endi koʻproq turdagi ichki mediafayllarni qoʻllab-quvvatlaydi. Foydalanuvchilar hujjatlar, boshqa turdagi fayllar va musiqalarni xabarning oxiriga biriktirish bilan cheklanmay, ularni matnning istalgan qismiga joylashtirishi mumkin.

Boy matn muharririni ochish uchun yozish maydoniga uch qatordan ortiq matn kiritish kerak. Shundan keyin paydo boʻladigan maxsus belgi orqali kengaytirilgan muharrirga oʻtiladi.
Yangi format kanal va guruhlardagi uzun postlarda matn, jadval, rasm, hujjat va audiofayllarni bitta yaxlit xabar ichida joylashtirish imkonini beradi.
Eski versiyalar uchun yangilanish tugmasi chiqadi
Telegram yangi funksiyalar ilovaning eski versiyalarida toʻgʻri koʻrsatilmasligi ehtimolini ham hisobga olgan. Agar foydalanuvchining ilovasi yuborilgan xabar formatini qoʻllab-quvvatlamasa, xabar oʻrnida maxsus ogohlantirish paydo boʻladi.

Unga Telegram’ning soʻnggi versiyasini yuklab olish uchun tugma joylashtiriladi. Foydalanuvchi shu tugma orqali ilovani yangilab, yangi formatdagi xabarni ochishi mumkin.
Android qurilmalarida avtomatik yangilanishni Play Market sozlamalaridagi “Ilovalarni avtomatik yangilash” boʻlimidan yoqish mumkin. iOS’da esa bu funksiya “Sozlamalar”dagi App Store boʻlimida faollashtiriladi.
Marketpleysdagi hadʼyalarga imzo qoʻshiladi
Telegram Marketpleysi orqali boshqa foydalanuvchilardan sotib olingan kolleksion hadʼyalarga endi imzo va izoh qoʻshish mumkin.

Marketpleysdagi minglab noyob hadʼyalar Telegram Stars yordamida xarid qilinadi. Foydalanuvchi xarid qilgan hadʼyasini boshqa kishiga yuborayotganda unga shaxsiy fikr yoki imzo biriktira oladi.
Buning uchun hadʼya oluvchining profilini ochib, menyudan “Hadʼya yuborish” bandini tanlash kerak. Shundan keyin “Kolleksion hadʼyalar” filtri orqali Marketpleysdagi noyob hadʼyalardan birini sotib olib yuborish mumkin.









