12 101.840 so‘m

increase

53.000

13 811.830 so‘m

increase

70.130

153.750 so‘m

increase

0.870

12 101.840 so‘m

increase

53.000

2 soat avval
Iqtisodiyot
38

TBC OLX Uzbekistan’ning nazorat paketini sotib olishni yakunladi

OLX Uzbekistan’ning 100 foiz ulushi TBC Bank Group va Titan Investments tuzgan qoʻshma korxonaga oʻtdi. 

TBC platformani oʻz ekotizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilib, uning foydalanuvchilariga moliyaviy va toʻlov xizmatlarini taklif etishni rejalashtirmoqda. 

Bitim qiymati ochiqlanmagan, OLX esa mavjud brendi ostida mustaqil faoliyatini davom ettiradi. 

TBC OLX Uzbekistan’ning nazorat paketini sotib olishni yakunladi

TBC Bank Group 24 iyul kuni OLX Uzbekistan’ning nazorat paketini sotib olish jarayoni yakunlanganini maʼlum qildi.

Bitim doirasida TBC Group xalqaro investitsiya xoldingi Titan Investments bilan qoʻshma korxona tuzdi. Ushbu korxona OLX Uzbekistan operatori — “OLX Classifieds” kompaniyasining 100 foiz ulushini OLX Group’dan sotib oldi.

OLX Group global texnologik investor Prosus tarkibidagi eʼlonlar biznesi hisoblanadi. TBC Bank Group qoʻshma korxonada 50 foiz va yana bitta aksiyaga egalik qiladi. Shu tariqa, TBC OLX Uzbekistan ustidan nazoratni qoʻlga kiritdi, Titan Investments esa qolgan ulush egasiga aylandi.

Bitimning moliyaviy shartlari, jumladan, OLX Uzbekistan uchun toʻlangan summa oshkor etilmadi.

Bitim qariyb bir yil davom etdi

OLX Uzbekistan’ni sotish boʻyicha kelishuv ilk bor 2025 yil 21 avgustda eʼlon qilingan. Oʻshanda bitim yakunlanishi Oʻzbekiston regulyatorlarining ruxsatiga bogʻliq ekani bildirilgan edi.

Raqobat qoʻmitasi xarid boʻyicha arizani koʻrib chiqib, 2026 yil 5 iyunda bitimga oldindan rozilik berdi. Regulyator hujjatlarida xaridor sifatida Birlashgan Arab Amirliklarida roʻyxatdan oʻtgan “Tapuz Limited” kompaniyasi koʻrsatilgan.

Shu tariqa, kelishuv eʼlon qilinganidan bitim yopilguniga qadar 11 oyga yaqin vaqt oʻtdi.

Raqobat qoʻmitasi TBC uchun bir qator shartlar qoʻydi

Raqobat qoʻmitasi bitimni baholashda TBC Bank Group Oʻzbekistonda TBC Bank va Payme’ga bilvosita egalik qilishini hisobga oldi. Bundan tashqari, Payme va OLX raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar roʻyxatiga kiritilgan.

Shu sababli bitimga raqobat muhiti va foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan majburiy shartlar bilan ruxsat berildi. Jumladan, yangi mulkdorlar:

  • TBC nazoratidagi boshqa raqamli platformalar orqali OLX’dan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asossiz taʼsir koʻrsatmasligi;
  • OLX’da toʻplanadigan maʼlumotlardan TBC Bank yoki Payme raqobatchilarining faoliyatini cheklash uchun foydalanmasligi va ularni oshkor qilmasligi;
  • ustun mavqeni suiisteʼmol qilmasligi hamda isteʼmolchilar huquqlarini kamsitmasligi;
  • OLX’dagi xizmatlar uchun toʻlovlarda foydalanuvchilarni faqat Payme yoki TBC Bank ilovalaridan foydalanishga majburlamasligi;
  • boshqa toʻlov xizmatlariga ham teng sharoit yaratishi kerak.

Bu talablar TBC’ning OLX auditoriyasiga moliyaviy xizmatlarni taklif qilish imkoniyatini butunlay cheklamaydi. Biroq guruh platformani oʻz bank va toʻlov mahsulotlari uchun yopiq kanalga aylantira olmaydi: foydalanuvchilarda boshqa xizmatlarni tanlash imkoniyati saqlanishi kerak.

OLX alohida platforma sifatida qoladi

Mulkdorlar almashganidan keyin OLX Uzbekistan mavjud brendini saqlab qoladi hamda ochiq va mustaqil eʼlonlar platformasi sifatida ishlashda davom etadi. Uni TBC Bank ilovasiga qoʻshib yuborish yoki alohida brend sifatida tugatish rejalashtirilmagan.

Ayni paytda TBC Uzbekistan kelgusida OLX orqali moliyaviy va toʻlov xizmatlarini taklif qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya aynan qanday mahsulotlar joriy etilishi, ularning ishga tushirilish muddati yoki integratsiya modeli haqida hozircha batafsil maʼlumot bermadi.

Bunday xizmatlar avtomobil va koʻchmas mulk eʼlonlari bilan bogʻliq moliyalashtirish, tovarlar uchun toʻlov yoki boshqa bank mahsulotlarini qamrab olishi mumkin. Biroq TBC hozircha aniq mahsulotlarni eʼlon qilmagani sababli, bular ehtimoliy yoʻnalishlar sifatida qaralishi kerak.

TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani xarid guruhning biznesni diversifikatsiya qilish strategiyasining bir qismi ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, OLX TBC’ga tez rivojlanayotgan yangi segmentga kirish, millionlab foydalanuvchilarni qamrab olish va mijozlarning raqamli ekotizimdagi faolligini oshirish imkonini beradi.

“Biz OLX’ni noyob va ishonchli qilgan jihatlarni — ochiq va mustaqil platformani saqlab qolamiz, ayni paytda foydalanuvchilari uchun yangi mahsulot va xizmatlar yaratamiz”, dedi Kurdiani.

Uning soʻzlariga koʻra, TBC va Titan Investments OLX foydalanuvchilari uchun yangi mahsulot hamda xizmatlarni birgalikda ishlab chiqadi.

OLX Oʻzbekiston internet auditoriyasining qariyb 17 foizini qamrab oladi

TBCʼning bitim yakunlangani haqidagi soʻnggi maʼlumotiga koʻra, OLX Uzbekistan oyiga 5 mln nafardan ortiq faol foydalanuvchiga ega. Platformada tovarlar, xizmatlar, avtomobillar, ish oʻrinlari va koʻchmas mulkka oid 2 mln dan ortiq faol eʼlon mavjud.

OLX mamlakatdagi eng koʻp tashrif buyuriladigan oʻnta sayt qatoriga kiradi va Oʻzbekiston faol internet foydalanuvchilarining qariyb 17 foizini qamrab oladi.

TBC OLX orqali yangi segmentlarga chiqmoqchi

OLX xaridi TBCʼga bank va toʻlov xizmatlaridan tashqaridagi yirik raqamli platformaga kirish imkonini beradi. TBC Uzbekistan hozirgacha asosan TBC Bank va Payme orqali moliyaviy xizmatlar bozorida faoliyat yuritgan boʻlsa, endi uning ekotizimiga tovarlar, avtomobillar, xizmatlar, ish oʻrinlari va koʻchmas mulk eʼlonlarini birlashtiruvchi platforma ham qoʻshiladi.

OLXʼning 5 mln dan ortiq oylik auditoriyasi TBC uchun yangi mijozlarni jalb qilish va amaldagi foydalanuvchilarga qoʻshimcha xizmatlarni taklif etish imkoniyatini yaratadi. Ayniqsa, avtomobil va koʻchmas mulk kabi yirik xaridlar bank kreditlari, boʻlib toʻlash, toʻlov va boshqa moliyaviy mahsulotlar bilan bogʻlanishi mumkin.

Biroq Raqobat qoʻmitasining shartlari bu integratsiyaning chegaralarini belgilab berdi. TBC OLX foydalanuvchilarini oʻz mahsulotlariga majburan oʻtkaza olmaydi, raqobatchilarning maʼlumotlaridan foydalana olmaydi va boshqa toʻlov xizmatlari uchun teng sharoitni saqlashi kerak.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+