Taʼlim va tibbiyotda eng past: 2025 yilda Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik maosh 6,4 mln soʻmni tashkil etdi
Sogʻliqni saqlash (3,9 mln soʻm) hamda taʼlim (4,4 mln soʻm) sohalari eng kam maosh toʻlanadigan yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.

2025 yilda Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 376,7 ming soʻmni tashkil etdi. Milliy statistika qoʻmitasiga koʻra, koʻrsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 18,9% ga oʻsgan.
Hududlar boʻyicha vaziyat
Hududlar kesimida ish haqining eng yuqori oʻsish surʼati Namangan viloyatiga toʻgʻri keldi. Hududda oʻrtacha ish haqi 22,8% ga osib, 4,751 mln soʻmni tashkil etdi. Undan keyingi oʻrinlarda Sirdaryo viloyati 20,8% ga (5,119 mln soʻm) va Jizzax viloyati 20,5% ga (4,786 mln soʻm) turibdi.
Yanvar-dekabr oylarida hududlar boʻyicha eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida kuzatildi — 10 mln 753,8 ming soʻm (+18,3%).
Undan keyingi pogʻonadan 7,871 mln soʻm bilan Navoiy hamda 5,967 mln soʻm bilan Toshkent viloyatlari joy oldi.
Eng kam oylik maosh esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 4,476 mln soʻm.
| № | Hududlar | Oʻrtacha oylik ish haqi | 2024 yilga nisbatan oʻsish |
| 1 | Toshkent shahri | 10 753 600 soʻm | 18,3% |
| 2 | Navoiy viloyati | 7 871 600 soʻm | 16% |
| 3 | Toshkent viloyati | 5 967 700 soʻm | 16,9% |
| 4 | Andijon viloyati | 5 238 600 soʻm | 13,4% |
| 5 | Sirdaryo viloyati | 5 119 100 soʻm | 20,8% |
| 6 | Buxoro viloyati | 5 093 100 soʻm | 17,2% |
| 7 | Xorazm viloyati | 5 052 400 soʻm | 18,4% |
| 8 | Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 5 003 100 soʻm | 15,7% |
| 9 | Jizzax viloyati | 4 786 000 soʻm | 20,5% |
| 10 | Namangan viloyati | 4 751 300 soʻm | 22,8% |
| 11 | Samarqand viloyati | 4 737 600 soʻm | 17,8% |
| 12 | Fargʻona viloyati | 4 730 200 soʻm | 19,1% |
| 13 | Surxondaryo viloyati | 4 481 800 soʻm | 17,4% |
| 14 | Qashqadaryo viloyati | 4 476 700 soʻm | 18,2% |
Tarmoqlar boʻyicha ish haqi
2025 yilda sohalar kesimida oylik ish haqining eng yuqori oʻsishi (26,4%) sanʼat va dam olish yoʻnalishlarida kuzatildi, oʻrtacha oylik ish haqi esa 5,448 mln soʻmni tashkil etdi. Undan keyingi yuqori oʻsish taʼlim sohasiga toʻgʻri keldi (20,1%), oʻrtacha ish haqi esa 4,372 mln soʻmga yetdi.
Bank va sugʻurta sohasi eng yuqori oylik maosh boʻyicha hali ham yetakchi boʻlib qolmoqda. Oʻtgan yilda bu yoʻnalishdagi oʻrtacha oylik ish haqi 17,597 mln soʻmni tashkil etdi.
Bank va moliya sohasida eng yuqori oʻrtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sugʻurtalashdan tashqari, qayta sugʻurtalash va nafaqa jamgʻarmalari (22,296 mln soʻm) hamda moliyaviy xizmatlar va sugʻurtalash (19,123 mln soʻm) faoliyatida kuzatildi.
Kuchli uchlikdan esa 15,298 mln soʻm bilan axborot va aloqa (+15,8) hamda 9,66 mln soʻm bilan tashish va saqlash (+18,9) sohalari joy oldi.
Xususan, axborot va aloqa sohasida eng yuqori oʻrtacha maosh quyidagi yoʻnalishlarida qayd etildi:
- dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 19,673 mln soʻm;
- axborot xizmatini koʻrsatish — 18,886 mln soʻm;
- aloqa sohasi — 12,174 mln soʻm;
Bu davrda eng past ish haqi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (3,9 mln soʻm) qayd etilib, oʻsish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14,5% boʻldi.
Taʼlim sohasida oʻrtacha oylik maoshning eng yuqori koʻrsatkichi oliy taʼlimda qayd etildi — 10,16 mln soʻm. Eng past ish haqi esa maktabgacha taʼlimga toʻgʻri keladi — 2,868 mln soʻm. Texnik va professional taʼlimda oʻrtacha maosh 4,278 mln soʻmni hamda umumiy oʻrta taʼlimda 4,278 mln soʻmni tashkil etdi.









