11 934.610 so‘m

decrease

-17.490

13 788.050 so‘m

increase

8.470

144.640 so‘m

decrease

-0.570

11 934.610 so‘m

decrease

-17.490

1 soat avval
Texnologiya
47

Sunʼiy intellekt bir paytlar 14,7 mlrd dollarga baholangan kompaniyani qanday deyarli yoʻq qildi?

Chegg 2021 yilda qariyb 14,7 mlrd dollarga baholangan va onlayn taʼlim bozorining eng istiqbolli kompaniyalaridan biri edi. 

Oradan besh yil oʻtib, uning bozor qiymati 110 mln dollar atrofida qolmoqda, yillik daromadi esa ikki baravardan koʻproqqa qisqargan. 

Kompaniya hali yopilgani yoʻq, biroq ChatGPT va boshqa sunʼiy intellekt vositalari uning asosiy biznes modelini deyarli yoʻqqa chiqardi. 

Sunʼiy intellekt bir paytlar 14,7 mlrd dollarga baholangan kompaniyani qanday deyarli yoʻq qildi?

Chegg tarixi talabalarga tayyor javob sotishdan boshlanmagan. Kompaniya 2005 yilda Ayova shtati universiteti talabalari tomonidan tashkil etilib, dastlab qimmat universitet darsliklarini onlayn ijaraga berish bilan shugʻullangan.

Biznes gʻoyasi oddiy edi. Oʻsha paytlarda talabalar odatda bir semestrgina foydalanadigan kitoblarni yuzlab dollarga sotib olar edi. Chegg darsliklarni ancha arzon narxda ijaraga berib, talabalar xarajatini kamaytiradigan xizmatni yaratdi.

Kompaniya 2010 yilda darsliklardagi masalalar yechimi va ekspertlarning javoblarini jamlagan Cramster platformasini sotib oldi. Aynan shu bitim keyinchalik Chegg Study xizmatining shakllanishiga asos boʻldi.

Endilikda talabalar oylik obuna evaziga millionlab savol va masalalarning bosqichma-bosqich yechimlarini koʻrishi, mutaxassislarga savol yuborishi hamda imtihonlarga tayyorgarlik koʻrishi mumkin edi.

Chegg shu tariqa darsliklar ijarasi bilan shugʻullanuvchi kompaniyadan katta hajmdagi akademik javoblar bazasiga ega raqamli platformaga aylandi.

Birjada 1,1 mlrd dollarlik debyut

Chegg 2013 yil noyabrda Nyu-York fond birjasiga chiqdi. IPO doirasida 15 mln dona aksiya 12,50 dollardan taklif qilindi. Bu dastlab kutilgan 9,50–11,50 dollarlik diapazondan yuqori edi.

Joylashtirish orqali 187,5 mln dollar jalb qilindi va Chegg’ning toʻliq suyultirilgan bozor qiymati qariyb 1,1 mlrd dollarga yetdi. J.P. Morgan va BofA Merrill Lynch IPO’ning yetakchi tashkilotchilari boʻlgan, deyiladi kompaniya maʼlumotida.

Keyingi yillarda kompaniya jismoniy kitoblar ijarasidan yuqori daromadli raqamli obunalarga tobora koʻproq oʻtdi. Chegg’ning asosiy aktivi uning yillar davomida toʻplangan akademik kontenti edi.

Talaba masala yechimini mustaqil izlab soatlab vaqt sarflash oʻrniga Chegg’ga savolni kiritib, tayyor javobni topishi mumkin edi. Bunday xizmat, ayniqsa, boshqa talabalarda ham uchraydigan standart topshiriq va darslik masalalarida samarali ishlardi.

Biroq platforma oʻqituvchilar tomonidan tanqid ham qilindi. Chegg oʻquv yordami sifatida taqdim etgan xizmatdan ayrim talabalar topshiriq va imtihonlarni mustaqil bajarmasdan topshirish uchun foydalanardi.

Pandemiya Chegg’ni 14,7 mlrd dollarlik kompaniyaga aylantirdi

COVID-19 pandemiyasi Chegg uchun misli koʻrilmagan imkoniyat yaratdi. Universitetlar masofaviy taʼlimga oʻtgach, raqamli darsliklar, onlayn repetitorlik va uy vazifalari boʻyicha yordamga talab keskin oshdi.

Kompaniya daromadi 2020 yilda 56,8 foizga oʻsib, 644,3 mln dollarga yetdi. 2021 yilda esa yana 20,5 foizlik oʻsish qayd etilib, tushum rekord darajadagi 776,3 mln dollarni tashkil qildi.

Chegg aksiyalari 2021 yil fevralda 113,51 dollargacha koʻtarildi. Natijada kompaniyaning bozor qiymati taxminan 14,7 mlrd dollarga yetdi. Bu IPO paytidagi bahodan 13 baravardan ham koʻp edi.

Biroq bu oʻsishning bir qismi pandemiya yaratgan vaqtinchalik talabga asoslangan edi. Talabalar auditoriyalarga qaytishi bilan onlayn taʼlim kompaniyalariga qiziqish pasaya boshladi va Chegg aksiyalari ChatGPT ishga tushirilishidan oldin ham yuqori nuqtadan ancha tushib ulgurgandi.

Shu sababli kompaniyaning keyingi tanazzulini faqat sunʼiy intellekt bilan izohlash toʻgʻri emas. Biroq AI avvalgi pasayishni Chegg’ning mavjudligiga tahdid soladigan inqirozga aylantirdi.

ChatGPT Chegg sotayotgan mahsulotni bepul taqdim etdi

OpenAI 2022 yil noyabrda ChatGPT’ni ommaga taqdim etdi. Yangi chatbot foydalanuvchilarga savol berish, masalalarni yechish, murakkab mavzularni tushuntirish va qoʻshimcha izoh talab qilish imkonini berardi.

Bu Chegg uchun oddiy raqobatchi emasdi. ChatGPT kompaniya pul evaziga sotayotgan asosiy xizmatni (savolga tezkor va tushunarli javob olish imkoniyatini) bepul taqdim etdi.

Chegg’da talaba mavjud javoblar bazasidan kerakli yechimni qidirishi kerak edi. ChatGPT esa aynan shu talabaning savoliga mos javobni bir necha soniyada yaratib berardi. Javob tushunarsiz boʻlsa, uni soddalashtirish, boshqa usulda yechish yoki har bir bosqichini alohida tushuntirishni soʻrash mumkin edi.

Chegg rahbariyati dastlab sunʼiy intellekt kompaniya uchun yangi imkoniyat yaratishini taʼkidladi. Biroq 2023 yil martdan boshlab talabalar orasida ChatGPT’ga qiziqish keskin oshgani va bu yangi obunachilar soniga taʼsir qilayotgani sezildi.

Kompaniya rahbari Den Rozensveyg 2023 yil mayda bu holatni investorlar oldida ochiq tan oldi. Shundan soʻng Chegg aksiyalari bir savdo kunida 48 foizga quladi va kompaniya qariyb 1 mlrd dollarlik bozor qiymatini yoʻqotdi.

Bu Chegg’ning yillar davomida toʻplagan javoblar bazasi endi yetarlicha kuchli raqobat ustunligi emasligini koʻrsatdi. Sunʼiy intellekt mavjud javobni topish bilan cheklanmay, har bir foydalanuvchi uchun yangisini yaratishi mumkin edi.

Daromadning yarmi yoʻqoldi

Sunʼiy intellekt taʼsiri keyingi yillarda kompaniyaning moliyaviy hisobotlarida ham koʻrina boshladi.

Chegg daromadi 2021 yildagi 776,3 mln dollardan 2025 yilda 376,9 mln dollargacha qisqardi. Toʻrt yil ichida kompaniya yillik tushumining 399,4 mln dollari yoki 51,5 foizini yoʻqotdi.

Ayniqsa, 2025 yilda pasayish tezlashdi. Yillik daromad 39 foizga kamaydi, sof zarar esa 103,4 mln dollarni tashkil etdi. Toʻrtinchi chorakda tushum yillik hisobda 49 foizga tushib, 72,7 mln dollargacha qisqardi.

2026 yil birinchi choragida ham tiklanish kuzatilmadi. Kompaniya daromadi yana 48 foizga kamayib, 63,3 mln dollarni tashkil etdi. Chegg’ning anʼanaviy akademik xizmatlari 45,7 mln dollar daromad keltirgan.

Kompaniya xarajatlarni keskin kamaytirgani sabab chorakni 228 ming dollarlik kichik sof foyda bilan yakunladi. Biroq bu xizmatga talab qayta tiklanganini emas, Chegg avvalgidan ancha kichik kompaniyaga aylanganini koʻrsatadi.

Mingdan ortiq xodim ishdan ayrildi

Daromad va foydalanuvchilar sonining kamayishi Chegg’ni bir necha marta ommaviy qisqartirish oʻtkazishga majbur qildi.

Kompaniya 2024 yil iyunda 441 nafar xodim yoki global ishchi kuchining 23 foizini qisqartirdi. 2025 yil mayda yana 248 ta ish oʻrni tugatildi.

Oradan besh oy oʻtib, Chegg qolgan xodimlarining qariyb 45 foizini tashkil etuvchi yana 388 kishini ishdan boʻshatishini eʼlon qildi. Shu tariqa, uch bosqichda jami 1 077 ta lavozim qisqartirildi.

Chegg AQSh va Kanadadagi ofislarini yopish, marketing xarajatlarini kamaytirish hamda yangi mahsulotlarni ishlab chiqishga sarflanadigan mablagʻni qisqartirishga ham qaror qildi.

Kompaniya 2025 yildagi restrukturizatsiya natijasida 2026 yilda 100–110 mln dollar tejashni rejalashtirgan.

Google ham Chegg’dan foydalanuvchilarni olib qoʻydi

Chegg nafaqat ChatGPT bilan raqobatga, balki Google qidiruv tizimidagi oʻzgarishlarga ham duch keldi.

Avvallari talaba Google’ga savol yozganda, qidiruv tizimi uni Chegg sahifasiga yoʻnaltirishi mumkin edi. AI Overviews joriy etilgach, Google savolga sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan javobni qidiruv sahifasining oʻzida koʻrsata boshladi.

Natijada foydalanuvchida Chegg saytiga kirish ehtiyoji kamaydi.

Kompaniya 2025 yil fevralda Google’ni sudga berdi. Chegg’ning daʼvosiga koʻra, Google nashriyotlar kontentidan AI javoblarini yaratishda foydalanib, keyin foydalanuvchilarni asl manbalarga oʻtkazmay qoʻymoqda.

Chegg maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil yanvarda obunachi boʻlmagan foydalanuvchilarning saytga tashrifi bir yil ichida 49 foizga kamaygan. Google esa ayblovlarni rad etib, AI Overviews foydalanuvchilarni kengroq doiradagi manbalarga yoʻnaltirishini bildirgan.

14,7 mlrd dollardan 110 mln dollargacha

Aksiyalar narxining keskin tushishi Chegg’ning Nyu-York fond birjasidagi listingini ham xavf ostiga qoʻydi.

NYSE 2025 yil dekabrda kompaniya aksiyalarining oʻrtacha narxi ketma-ket 30 savdo kuni davomida talab etiladigan 1 dollarlik chegaradan past boʻlgani haqida ogohlantirdi.

Chegg 2026 yil 1 iyunda minimal narx talabiga qayta moslashdi. Shu sababli kompaniya birjadan chiqarilgan emas. Biroq aksiyalar narxi hanuz 1 dollar atrofida qolmoqda.

Iyul oxirida Chegg’ning bozor qiymati qariyb 110 mln dollarni tashkil etgan. Bu 2021 yildagi 14,7 mlrd dollarlik eng yuqori bahoga nisbatan 99 foizdan ortiq pasayishdir.

Yaʼni bir paytlar investorlar qariyb 15 mlrd dollarga baholagan kompaniya bugunga kelib ayrim oʻrta hajmdagi startaplardan ham arzon turadi.

Endi Chegg sunʼiy intellektni oʻqitmoqchi

Vaziyatning eng qiziq tomoni shundaki, sunʼiy intellekt Chegg’ning eski biznesini yemirgach, kompaniya endi aynan AI bozoridan yangi daromad manbai izlamoqda.

Chegg korporativ taʼlim, til oʻrganish va kasbiy koʻnikmalar yoʻnalishiga oʻtishni boshlagan. Uning Skilling boʻlimi 2026 yil birinchi choragida 17,6 mln dollar daromad oldi. Bu bir yil avvalgidan 9 foizga koʻp, biroq jami tushumning atigi 28 foiziga teng.

Bundan tashqari, kompaniya 2026 yil mayda oʻzining yillar davomida toʻplangan akademik kontenti va ekspertlar tarmogʻidan sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish va baholashda foydalanishini eʼlon qildi.

Shu tariqa, bir paytlar Chegg’ning asosiy biznesini izdan chiqargan texnologiya endi kompaniyaning omon qolish strategiyasiga aylanmoqda.

Chegg hali butunlay yoʻq boʻlgan kompaniya emas. U faoliyat yuritmoqda, birjada savdo qilinmoqda va yangi biznes modelini topishga urinmoqda.

Biroq uning tarixi raqamli biznes uchun muhim saboq boʻlib qoldi. Chegg’ning yillar davomida toʻplagan javoblar bazasi kuchli himoya vositasidek koʻringan edi. Aslida esa bu ustunlik javoblarni topish qiyin va qimmat boʻlib turgan davrdagina ishlagan.

Sunʼiy intellekt xuddi shu mahsulotni tezroq, qulayroq va deyarli bepul taqdim eta boshlagach, 14,7 mlrd dollarlik kompaniyaning asosiy qiymati bir necha yil ichida yoʻqqa chiqdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+