SQB’ning uchinchi chorakdagi sof foydasi 82,3 foizga kamaydi
Oʻzsanoatqurilishbank 2026 yilning iyul–sentabr oylarida 101,9 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning shu davridagi koʻrsatkichdan qariyb 475,5 mlrd soʻmga kam.

Oʻzsanoatqurilishbankning uchinchi chorakdagi sof foydasi sezilarli darajada pasaydi. Bu haqda kompaniya ochiqlagan moliyaviy hisobotdan maʼlum boʻldi.
Hisobotga koʻra, yanvar–sentabr oylaridagi sof foyda 1,2 trln soʻmni tashkil etdi. Birinchi yarim yillikda bank 1,1 trln soʻm foyda olganini hisobga olsak, uchinchi chorakka 101,9 mlrd soʻm sof foyda toʻgʻri keladi.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning dastlabki olti oyida SQB’ning sof foydasi 808,6 mlrd soʻm, toʻqqiz oyida esa 1,39 trln soʻm boʻlgan. Shu tariqa, bankning iyul–sentabrdagi foydasi bir yil ichida qariyb 475,5 mlrd soʻmga yoki 82,3 foizga qisqargan. Yanvar–sentabr natijasi boʻyicha pasayish esa 12,9 foizni tashkil etdi.
Toʻqqiz oy davomida bankning foizli daromadlari 8,09 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 1,2 foizga oshgan. Foizli xarajatlar esa tezroq — 7,5 foizga koʻpayib, 5,83 trln soʻmga yetgan.
Shu davrda SQB xodimlarning ish haqi va ular bilan bogʻliq boshqa xarajatlarga 855,8 mlrd soʻm sarflagan. Bankning jami operatsion xarajatlari 1,64 trln soʻmni, foyda soligʻi esa 168,6 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
Sentabr oxirida bankning jami aktivlari 104,3 trln soʻmga yetib, bir yil ichida 9,5 foizga oshgan. Bankning oʻz kapitali esa 13,1 trln soʻmni tashkil etgan.









