SQB Kuzatuv kengashi tarkibiga Franklin Templeton vakili kiritildi
Kengash tarkibiga Franklin Templeton’ning investitsiyalar boʻyicha katta mutaxassisi Metyu Jon kiritildi. U, shuningdek, Toshkent Respublika fond birjasi Kuzatuv kengashi tarkibida ham mavjud. Mazkur oʻzgarish kompaniya boshqaruvidagi UzNIF tarkibidagi korxonalarni IPO’ga tayyorlash jarayoni bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Kuzatuv kengashi tarkibida oʻzgarish yuz berdi. Bu haqda bank korporativ maʼlumotida maʼlum qilindi.
Hujjatga koʻra, Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi Djarbolova Saida Sharizatovnaning vakolatlari muddatidan avval tugatildi.
Uning oʻrniga kengash tarkibiga Ansell Metyu Jon kiritildi. Metyu Jon Franklik Templeton tarkibidagi “Franklin Templeton Asset Management” XK MChJ vakili boʻlib, u yerda investitsiyalar boʻyicha katta mutaxassis sifatida faoliyat yuritadi.
Metyu Jon, shuningdek, “Toshkent” Respublika fond birjasi Kuzatuv kengashi tarkibida ham mavjud. Avvalroq, “Oʻzbekgidroenergo” Kuzatuv kengashiga ham mazkur kompaniya vakillari kiritilgan edi.
Bunga sabab sifatida yuqoridagi kompaniyalarning maʼlum ulushlari Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) portfelida ekanligini koʻrsatish mumkin. Ushbu jamgʻarma aktivlari 2025 yil may oyidan beri Franklik Templeton boshqaruvida.
Qariyb 2,5 mlrd dollarlik aktivlarni boshqarayotgan UzNIF 2026 yilda aktivlarining kamida 30 foizini IPO’ga chiqarmoqchi. Bunda joylashtirish Toshkent va London birjalarida dual listing shaklida amalga oshiriladi.
Ayni paytda jamgʻarma portfeli quyidagicha shakllangan:
| T/r | Nomlanishi | Jamgʻarma ulushi (%) |
| 1 | “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ | 40 |
| 2 | “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ | 25 |
| 3 | “Oʻzbekgidroenergo” AJ | 40 |
| 4 | “Oʻzbektelekom” AJ | 30 |
| 5 | “Uzbekistan airways” AJ | 25 |
| 6 | “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ | 40 |
| 7 | “Hududgaztaʼminot” AJ | 40 |
| 8 | “Toshshahartransxizmat” AJ | 25 |
| 9 | “Oʻzbekiston MET” AJ | 40 |
| 10 | “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ | 40 |
| 11 | “Oʻzbekinvest” AJ | 40 |
| 12 | “Oʻzsuvtaʼminot” AJ | 40 |
| 13 | “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB | 40 |









