Soʻnggi yillarda ilk bor ish haqi uy-joy narxlariga nisbatan tezroq oʻsishni boshladi — MB
Oʻzbekiston uy-joy bozorida soʻnggi yillarda ilk bor real barqarorlashuv kuzatildi. Bozor va fundamental narx oʻrtasidagi farq yil boshidagi 17 foizdan 4 foizgacha qisqardi, taklif keskin oshdi, spekulyativ talab esa pasaydi. Milliy valyutada uy narxlari 4,9 foizga, dollarda 6,2 foizga tushdi. Shuningdek, ish haqlari 17 foizga oshib, uy-joy narxlari bilan nisbati manfiy darajaga (-0,3) kirdi.

Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozorida talab va taklif oʻrtasidagi tafovut tobora qisqarib, bozor muvozanat holatiga yaqinlashmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yilning birinchi yarim yilligiga oid moliyaviy barqarorlik boʻyicha sharhida qayd etilgan.
Hisobotga koʻra, ikkinchi chorak yakunida uy-joyning bozor qiymati bilan fundamental narxi oʻrtasidagi farq atigi 4 foizni tashkil etdi. Yil boshida bu koʻrsatkich 17 foiz boʻlgan edi. Fundamental narx bir kvadrat metr uchun 9,1 million soʻm etib baholangan boʻlsa, bozor narxi oʻrtacha 9,4 million soʻm darajasida shakllangan.
Markaziy bank iqtisodchilari taʼriflashicha, uy-joy bozorida taklifning sezilarli koʻpayishi va spekulyativ xaridlarning kamayishi muvozanatga yaqinlashuvning asosiy omillaridan biri boʻldi. Ushbu jarayon aholining uy-joy bozoridagi xarid qobiliyati pasayishining toʻxtashiga ham xizmat qilgan.
Yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan qurilish ishlari hajmi 137,6 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 17 foiziga teng boʻlib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 72 foiz oʻsish qayd etildi. Shu bilan birga, qurilish-montaj ishlari boʻyicha narxlarning yillik oʻsish surʼati 6,3 foiz darajasida shakllandi.
Spekulyativ talabning qisqarganiga yana bir ishora ijara bozoridagi oʻsish surʼatining sekinlashuvidir. Iyun oyining oxiriga kelib yillik ijara stavkalari 12 foizga oshdi, bu esa koʻchmas mulkni investitsiya sifatida xarid qilishning avvalgiga qaraganda kamroq daromad keltirayotganini koʻrsatadi.
Iyul boshida uy-joy narxlari aholining jon boshiga toʻgʻri keladigan YaIMga nisbatan 22 foizga teng boʻldi. Bu oʻtgan yilga qaraganda 4 foiz past koʻrsatkichdir. Qurilish hajmining ortishi fonida narxlar milliy valyutada 4,9 foizga pasaydi, dollarda hisoblanganda esa tushish 6,2 foizni tashkil etdi — bu milliy valyutadagi oʻzgarishlar taʼsirini yanada yaqqol koʻrsatadi.

Oʻzbekiston bozorida 2021 yildan beri ilk bor ish haqi oʻsish surʼatlari uy-joy narxlaridan yuqoriroq boʻldi. Yilning birinchi yarmida oʻrtacha nominal ish haqi 17 foizga oshdi, koʻchmas mulk narxlarining ish haqi bilan solishtirilgan indeksi esa -0,3 darajasiga qisqardi. Bu aholining uy-joy sotib olishdagi real imkoniyatlari yaxshilanganini anglatadi.
Shunga qaramay, koʻchmas mulk bozorida talab yuqori boʻlib qolmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri — oʻz uyiga ega boʻlmagan 157,3 ming oila mavjudligi. Yilning birinchi yarmida 177,5 mingta koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 11 foiz koʻpdir. Shuningdek, xaridorlarning har oltinchisi, yaʼni 31,6 ming kishi uy xaridi uchun ipoteka kreditidan foydalangan.

Ipoteka kreditlarining oʻrtacha hajmi 2024 yil bahoridan beri 300 million soʻm atrofida saqlanib kelmoqda. Shu bilan birga, ipoteka shartlari biroz yumshadi: kreditlarning oʻrtacha foiz stavkasi bir yil davomida 0,4 foizga pasayib, 19,2 foizni tashkil etdi, oʻrtacha muddati esa 6 oyga uzayib, 17,2 yilga yetdi.









