11 937.600 so‘m

decrease

-37.190

13 961.020 so‘m

decrease

-47.090

159.470 so‘m

decrease

-0.170

11 937.600 so‘m

decrease

-37.190

3 soat avval
Bank
29

Solfy ishi boʻyicha tomonlar qarama-qarshi bayonotlar berdi

Solfy asoschisining yuridik maslahatchisi Amsterdam & Partners LLP Milliy bankni (Oʻzmilliybank) maʼmuriy resurslardan foydalangan holda bosim oʻtkazish va yolgʻon axborot tarqatishda ayblab, Oʻzbekiston Prezidentiga murojaat yoʻlladi. 

Oʻz navbatida, Milliy bank bu daʼvolarni asossiz deb atab, huquqiy jarayonlar davom etayotgan bir paytda izoh berishni rad etmoqda. 

Nizo markazida platforma rahbarining hibsga olinishi va investitsiyaviy kelishuvlarning buzilgan boʻlishi mumkinligi yotibdi.

Solfy ishi boʻyicha tomonlar qarama-qarshi bayonotlar berdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Solfy Uzbekistan fintex platformasi atrofidagi nizo yuzasidan tomonlar bir-biriga zid bayonotlar berdi. Solfy asoschisining xalqaro yuridik maslahatchisi Amsterdam & Partners LLP Oʻzbekiston Milliy bankini tijorat nizosida bosim oʻtkazish va notoʻgʻri axborot tarqatishda aybladi. Milliy bank esa bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, muzokaralar va huquqiy jarayonlar davom etayotgan bir paytda izoh berishni nooʻrin deb bildirdi.

Amsterdam & Partners bayonotida Milliy bankning 2026 yil 4 apreldagi chiqishi “haqiqatga zid” deb baholangan. Yuridik firma fikricha, global bozorlarda shaffoflik va komplayensga talab kuchaygan bir vaqtda davlat banki tomonidan notoʻgʻri axborot tarqatilishi xalqaro investorlar uchun xavotirli signal hisoblanadi.

Firma, shuningdek, Solfy bilan olib borilayotgan kelishuv muzokaralari jarayonida bank davlat maʼmuriy resurslaridan foydalangan holda xususiy tijorat nizosiga bosim oʻtkazganini daʼvo qilmoqda. Bayonotda mahalliy CEO Uktam Xasanovning hibsga olinishi va ushlab turilishi bank manfaatlariga mos keladigan kelishuvga erishish uchun qoʻllangan bosim chorasi sifatida talqin qilingan. Amsterdam & Partners unga qoʻyilgan ayblovlar faktik va huquqiy asosga ega emasligini ham taʼkidlagan.

Yuridik firma bunday harakatlar Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalar va standartlar boʻyicha majburiyatlariga zid ekanini bildirgan. Gap, xususan, qonuniy jarayon, investorlarni himoya qilish va huquq ustuvorligi tamoyillari haqida bormoqda.

Amsterdam & Partners ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston prezidentiga rasmiy murojaat qilganini maʼlum qildi. Murojaatda hibsda saqlanayotgan shaxsni zudlik bilan ozod qilish hamda adolatli yechim topish uchun vijdonan muzokaralarni qayta boshlash soʻralgan. Firma tegishli xalqaro tashkilotlarga ham rasmiy xatlar yuborilganini bildirgan.

Bundan tashqari, Amsterdam & Partners yaqin vaqt ichida Londonda global matbuot anjumani oʻtkazishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Unda Solfy ishi hamda Oʻzbekistonga oid boshqa masalalar muhokama qilinishi aytilgan.

Oʻz navbatida, Milliy bank barcha tijorat munosabatlarida halollikning eng yuqori standartlariga amal qilishini bildirdi. Bank bayonotida mijozlar manfaatlarini himoya qilish asosiy ustuvor vazifa ekani qayd etilgan.

Milliy bank Solfy bilan muzokaralar va ular bilan bogʻliq huquqiy jarayonlar hali davom etayotganini taʼkidlagan. Shu sababli bank jarayon yakuniga yetmaguncha “asossiz ayblovlar”ni sharhlashni nooʻrin deb hisoblaydi.

Bank, shuningdek, mijozlarga xizmat koʻrsatish hamda amaldagi barcha qonun va normativ talablarga rioya qilishga eʼtibor qaratayotganini bildirgan.

Avvalroq Solfy Uzbekistan platformasi Milliy bankni hamkorlik shartnomasini buzish va investorlariga nisbatan bosim hamda tahdidlar yoʻllashda ayblagandi

Batafsil: Solfy FinTex platformasi NBU’ni shartnoma shartlarini buzish va tahdid yoʻllashda ayblamoqda

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+