12 012.210 so‘m

increase

7.460

13 731.160 so‘m

increase

39.740

158.140 so‘m

increase

1.030

12 012.210 so‘m

increase

7.460

Якин 1 дақиқа ичида
Texnologiya
61

Shavkat Mirziyoyev “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva markaz tashkil etilishini qariyb oʻn yillik islohotlarning mantiqiy natijasi sifatida qayd etdi. Ushbu qonun jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga investitsiya ekani taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Shu tariqa Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish va uning maxsus huquqiy maqomi Konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlandi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva buni joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri hamda qariyb oʻn yildan buyon amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning mantiqiy natijasi deb atadi.

“Mohiyatan olganda, ushbu qonun jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga investitsiyadir”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Uning taʼkidlashicha, global investorlar, banklar, investitsiya fondlari va xalqaro moliya kompaniyalari shaffof tartibga solish, tushunarli qoidalar va kapitalning ishonchli himoyasi mavjud boʻlgan muhitda ishlashga odatlangan. Yangi markaz Oʻzbekistonning xalqaro kapital va yirik transmilliy loyihalar uchun jozibadorligini oshirishi kutilmoqda.

Markaz nima uchun kerak?

Oʻzbekiston iqtisodiyoti va investitsiyalar hajmi oʻsib borayotgan boʻlsa-da, kapital bozorining chuqurligi nisbatan pastligicha qolmoqda.

Xususan, Pinkod ixtiyorida mavjud markaz taqdimotida 2025 yilda Oʻzbekiston kapital bozori qiymati $23,7 mlrdni tashkil etgani, bozor kapitalizatsiyasining yalpi ichki mahsulotga nisbati esa 16 foizga teng ekani qayd etilgan. Shuningdek, ushbu koʻrsatkich yalpi ichki mahsulot qiymatining qariyb 20 foizi deb baholanib, jahon oʻrtacha darajasidan ancha pastligi koʻrsatilgan.

Bu mahalliy kompaniyalarning aksiyalar, obligatsiyalar, xususiy investitsiya fondlari va boshqa zamonaviy moliyaviy vositalar orqali mablagʻ jalb qilish imkoniyatlari hali yetarlicha rivojlanmaganini anglatadi.

Toshkent xalqaro moliya markazi mazkur boʻshliqni toʻldirish, mahalliy biznesni global kapital bilan bogʻlash hamda Oʻzbekiston moliya bozorini xalqaro tizimga integratsiya qilish uchun tashkil etilmoqda.

Markaz orqali kompaniyalar yangi kapital manbalaridan foydalanishi, banklar yangi mijozlar va mablagʻlarni jalb qilishi, korporativ boshqaruv sifati esa xalqaro talablar asosida yaxshilanishi kutilmoqda.

Angliya huquqi va mustaqil sud

Toshkent xalqaro moliya markazi alohida huquqiy va tartibga solish rejimiga ega hudud sifatida faoliyat yuritadi. Uning doirasida Angliya va Uels umumiy huquqi tamoyillari hamda sud pretsedentlari qoʻllanadi.

Markazning normativ hujjatlari ingliz tilida qabul qilinishi, sud ishlari ham ingliz tilida yuritilishi mumkin. Bu xalqaro investorlar uchun tanish va oldindan tushunarli huquqiy muhit yaratadi.

TXMM tarkibida moliyaviy kompaniyalarni litsenziyalash va nazorat qilish bilan shugʻullanuvchi mustaqil regulyator, Toshkent xalqaro tijorat sudi hamda arbitraj infratuzilmasi faoliyat yuritadi.

Sud tizimi birinchi va apellyatsiya instansiyalaridan iborat boʻladi. Investorlar shartnomalarda qoʻllaniladigan huquqni, nizoni hal etish usuli va joyini tanlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Markaz rezidentlariga roʻyxatdan oʻtish, litsenziya olish va boshqa maʼmuriy jarayonlardan oʻtish uchun “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatiladi.

Qaysi yoʻnalishlar rivojlantiriladi?

TXMM doirasida bank va investitsiya faoliyati, sugʻurta, qimmatli qogʻozlar bozori, aktivlarni boshqarish, toʻlov tizimlari, islomiy va yashil moliya, moliyaviy texnologiyalar hamda raqamli aktivlar bilan bogʻliq xizmatlar rivojlantiriladi.

Shuningdek, xalqaro auditorlik, yuridik, konsalting, komplayens va boshqa professional xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Markaz rezidentlariga kapital va olingan daromadlarni erkin repatriatsiya qilish, belgilangan qoidalar doirasida xorijiy valyuta va kriptoaktivlardan foydalanish imkoniyati beriladi.

Xorijiy mutaxassislarni alohida mehnat ruxsatnomalarisiz ishga jalb qilish, ular va oila aʼzolari uchun besh yilgacha maxsus viza rejimini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Belgilangan faoliyat turlari va talablar doirasida rezidentlar uchun 2076 yilgacha maxsus soliq rejimi amal qiladi. U foyda soligʻi, QQS, mol-mulk va yer soliqlari hamda ayrim bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni oʻz ichiga oladi.

Markaz dastlabki yillarida qanday natijalar kutilmoqda?

Toshkent xalqaro moliya markazi orqali 2030 yilgacha Oʻzbekistonga qoʻshimcha $20–25 mlrd portfel investitsiyalarini jalb qilish maqsad qilingan.

Markazning mamlakat iqtisodiy oʻsishiga yillik hissasi yalpi ichki mahsulotning 1 foizigacha yetishi kutilmoqda. Shuningdek, investitsiyalar hajmini 2–2,5 barobar oshirish va xususiy investitsiyalarning YaIMdagi ulushini 30 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan.

TXMM faoliyati natijasida moliya, huquq, texnologiyalar va boshqaruv sohalarida 15 mingtagacha yuqori malakali ish oʻrni yaratilishi mumkin. Yana 10 ming nafar mahalliy mutaxassis moliyaviy tahlil, raqamlashtirish, ESG va islomiy moliya yoʻnalishlarida malaka oshiradi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston moliya bozoriga 100 dan ortiq institutsional investorni jalb qilish va mamlakatda faoliyat yurituvchi xalqaro ekspertlarning barqaror hamjamiyatini shakllantirish koʻzda tutilgan.

Saida Mirziyoyevaning qayd etishicha, Toshkent investorlar uchun tushunarli qoidalar va kapitalning yuqori darajadagi himoyasini taʼminlash orqali jahon moliya tizimining uzviy qismiga hamda mintaqadagi iqtisodiy rivojlanish markazlaridan biriga aylanish sari qadam tashlamoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+