Shavkat Mirziyoyev Koreya bilan yangi “Ipak yoʻli”ni yaratishni taklif qildi
Janubiy Koreyaning The Chosun gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” sarlavhali maqolasi chop etildi.
Unda Janubiy Koreya bilan zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlari, raqamli tarmoqlar, transport va energetika yoʻlaklarini bogʻlaydigan yangi “Ipak yoʻli”ni shakllantirish gʻoyasi ilgari surilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan hamkorlikni zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlari, raqamli tarmoqlar, transport va energetika yoʻlaklari orqali yangi bosqichga olib chiqishni taklif qildi.
Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaning The Chosun Daily nashrida 14 sentabr kuni eʼlon qilingan maqolasida soʻz boradi. Maqola prezidentning Koreya Respublikasiga tashrifi va “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammiti arafasida chop etilgan.
Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, qadimda Ipak yoʻli nafaqat savdo, balki gʻoyalar, bilimlar, texnologiyalar va odamlarni birlashtirgan. Endi uning zamonaviy shaklini ishlab chiqarish zanjirlari, raqamli tarmoqlar, transport yoʻnalishlari, energetika yoʻlaklari va insonlar oʻrtasidagi aloqalar orqali qayta shakllantirish imkoniyati paydo boʻlmoqda.
Prezident Oʻzbekiston Koreya bilan hamkorlikda alohida investitsiya loyihalaridan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga oʻtishi mumkinligini taʼkidladi. Oʻzbekiston global qoʻshilgan qiymat zanjirlariga chuqurroq integratsiyalashishni, Janubiy Koreya esa ularni yanada diversifikatsiya qilishni maqsad qilmoqda.
Buning uchun koreys kompaniyalari uchun Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali va ishlab chiqarish jarayoni chuqur mahalliylashtirilgan korxonalar tashkil etishga sharoit yaratish taklif qilinmoqda.
Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida sunʼiy intellekt, strategik materiallar va yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarish, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, zamonaviy kimyo, “aqlli” qishloq xoʻjaligi va “aqlli” shaharlar koʻrsatildi.
Hozirga qadar Janubiy Koreyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 8 mlrd dollardan oshgan. Mamlakatda 700 dan ortiq qoʻshma korxona va loyiha faoliyat yuritmoqda. KOICA, Koreya Eksimbanki va koreys jamgʻarmalari bilan shakllantirilgan loyihalar portfeli esa 3,5 mlrd dollardan yuqori. Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi besh barobar oshgan.
Shavkat Mirziyoyev yangi hamkorlik modelini faqat Oʻzbekiston bilan cheklamaslikni taklif qilmoqda. Uning fikricha, Janubiy Koreya kompaniyalari Markaziy Osiyoda bir vaqtning oʻzida bir nechta mamlakat va tarmoqlarni qamrab oluvchi kompleks loyihalarni amalga oshirishi mumkin.
Prezident keltirgan maʼlumotlarga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻrtacha iqtisodiy oʻsish surʼati 7 foizdan yuqori. Mintaqaning umumiy YaIMi 2025 yilda 500 mlrd dollardan oshgan.
16 sentabr kuni Seulda ilk bor “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammiti davlat rahbarlari darajasida oʻtkazilishi kutilmoqda. Sammit yakunida Seul deklaratsiyasi qabul qilinishi, investitsiyalar, infratuzilma, innovatsiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha yangi kelishuvlarga erishilishi koʻzda tutilgan.









